Asosiy kontentga o‘tish
Juma 19-Sentyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Tadbirkorlik rivojiga to‘siq bo‘layotgan masalalar muhokama qilindi

19.09.2025
28

Andijon viloyatida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan V ochiq muloqot mazmun-mohiyatini o‘rganish, unda ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarni hayotga tatbiq etish mexanizmlarini belgilash hamda tadbirkorlik rivojiga to‘siq bo‘layotgan masalalarni hal etishga qaratilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashi va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining viloyat Kengashidagi deputatlik guruhi hamkorligida tashkil etilgan ushbu qo‘shma yig‘ilishda partiya faollari, mahalliy deputatlar, fermerlar, tadbirkorlar, mutasaddi idoralar va keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari Xurshidaxon Xalilova hamda boshqa nutq so‘zlovchilar tomonidan mamlakatimizda tadbirkorlikni har tomonlama rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanligi alohida ta’kidlandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan bu borada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, xususan, ochiq muloqotlarda ko‘tarilgan masalalar yechimi yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilangani qayd etildi.

Yig‘ilishda deputatlik guruhi a’zolari va mutaxassislar tomonidan tadbirkorlik sohasidagi qonunchilikdagi yangiliklar, soliq va moliya tizimidagi yengilliklar, yer resurslaridan foydalanishda belgilangan imtiyozlar va amaliy mexanizmlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati uchun ruxsatnomalarni berish jarayonini soddalashtirish, infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni hal etish hamda tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan taklif va tashabbuslar muhokama qilindi.

Yig‘ilish doirasida Prezidentimizning “Tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti”da belgilangan vazifalarni keng jamoatchilikka yetkazish va ularni samarali targ‘ib etish maqsadida deputatlar, tadbirkorlar hamda jamoatchilik vakillaridan iborat targ‘ibot guruhlari shakllantirildi. Ushbu guruhlar mahallalarda tadbirkorlar, fermerlar va kichik biznes vakillari bilan doimiy muloqotlar o‘rnatish, ularning fikr va takliflarini o‘rganish, dolzarb muammolarni aniqlash hamda ularni hal etish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqish vazifasini bajaradi.

Tadbir yakunida qayd etilganidek, bunday uchrashuv va muloqotlar tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa o‘z navbatida aholini tadbirkorlikka faol jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish va jamiyat farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?