Asosiy kontentga o‘tish
Seshanba 02-dekabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Tadbirkorlik subyektlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi

02.12.2025
14

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda “2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasida kelgusi yil uchun asosiy soliq va bojxona stavkalarini o‘zgartirmasdan saqlab qolish nazarda tutilgan bo‘lib, u bilan soliq siyosatining o‘rta muddatdagi asosiy yo‘nalishlari sifatida soliq ma’murchiligi va raqobat muhitini yaxshilash, atrof-muhitni himoya qilishni rag‘batlantirish hamda budjet daromadlarining barqarorligini ta’minlashga qaratilgan choralar belgilangan.

Fraksiya a’zolari loyihada soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari jamiyat rivojlanishi va tadbirkorlik faolligining yanada oshishiga hamda mamlakatda moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishini qayd etdilar.

Qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan holda, unda tadbirkorlik subyektlarni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida ajratilayotgan mablag‘larni yil sayin oshib borayotgani shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy yukini kamaytirish orqali ularning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan yangicha yondashuvlar aks etganini alohida ta’kidladilar.

Muhokamalar davomida budjet daromadlarini oshirish, soliq bazasini yanada kengaytirish, “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish, budjet mablag‘laridan foydalanishda samaradorlikni oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.

Yig‘ilishda “Soliq va budjet siyosatining 2026-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi iqtisodiyot sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish va tashqi bozorlarga eksport qilishni kengaytirish, aholining daromadlarini oshirish va hududlarda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasida nazarda tutilgan normalar partiya maqsad va vazifalariga uyg‘un va hamohang ekanligini qayd etib, unda tadbirkorlarga qulayliklar yaratish maqsadida nazarda tutilayotgan yangiliklarni alohida e’tirof etdilar.

Xususan, Jahon savdo tashkiloti talablariga qonunchiligimizni uyg‘unlashtirish, atrof-muhitni asrash, soliq ma’murchiligini takomillashtirish orqali soliq bazasini yanada kengaytirish hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar qo‘llab-quvvatlandi.

Yig‘ilishda kun tartibidagi barcha masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?