Taraqqiyotning yangi nuqtalari
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga navbatdagi tashrifi xalqimiz hayotidagi muhim ijtimoiy voqea sifatida tarix sahifalariga muhrlanishi muqarrar. Zero, davlat rahbarining har bir tashrifi nafaqat mavjud masalalarni hal etish, balki erishilgan natijalarni baholash, hudud imkoniyatlarini yana bir bor ko‘zdan kechirish va taraqqiyotning keyingi bosqichi uchun yangi vazifalarni belgilash nuqtayi nazaridan ahamiyatli.
Kezi kelganda aytish kerak, 2024-yil avgust oyida amalga oshirilgan tashrifdan keyin Qoraqalpog‘istonda aholini yillar davomida qiynab kelgan qator masalalar hal etilgandi. Tadbirkorlik va investitsiya uchun imkoniyatlar kengaytirildi, yangi ish o‘rinlari yaratildi, infratuzilma va ijtimoiy sohada salmoqli natijalarga erishildi.
Hudud iqtisodiyotidagi o‘sish ham bu jarayonlarning muhim ko‘rsatkichi. Yalpi hududiy mahsulot 2016-yildagi 8,5 trillion so‘mdan joriy yil boshida 54 trillion so‘mdan oshgan. Tadbirkorlik subyektlari soni 26,5 mingtaga yetgan, xorijiy investitsiyalar hajmi 2,5 milliard dollarga yetgan. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi esa 29 trillion so‘mgacha oshgan.
Qoraqalpog‘istondan saylangan deputat sifatida deyarli har oy saylovchilar bilan uchrashuvlar davomida aholining fikr va takliflarini o‘rganib borish shuni ko‘rsatadiki, odamlar uchun har bir yangi ish o‘rni, obod mahalla, hal etilgan muammo yoki yaratilgan imkoniyatning o‘z qiymati bor. Zotan, bugungi islohotlarning haqiqiy samarasi statistik raqamlardagina emas, balki ularning inson hayotida qanday aks etayotganida namoyon bo‘ladi.
Bu safar Kegeylida namoyish etilgan intensiv bog‘ tajribasi ham ana shu jarayonning amaliy ifodasidir. Orolbo‘yining murakkab sharoitida 330 gektarlik zamonaviy bog‘ barpo etilishi, 100 ta doimiy ish o‘rni yaratilishi, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish va loyihani kelgusida kengaytirish rejalari hududda yangi iqtisodiy imkoniyatlar shakllanayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, suv resurslaridan tejamkor foydalanishga e’tibor qaratilayotgani muhim. Yopiq drenaj va tomchilatib sug‘orish tizimlari orqali bir gektarga sarflanadigan suv miqdori 12 ming litrdan 5 ming litrgacha qisqartirilgan. Qoraqalpog‘iston sharoitida bunday texnologiyalarni joriy etish qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish bilan birga, cheklangan suv resurslaridan oqilona foydalanish imkonini beradi.
Kegeyliga bugungi tashrifni o‘n yillar oldingi hudud qiyofasi bilan solishtirganda, o‘zgarishning ko‘lami yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Ilgari murakkab sharoitlari bilan ko‘proq tilga olingan hududda bugun zamonaviy texnologiyalar, investitsiya va tadbirkorlik asosida yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratilmoqda. Intensiv bog‘ barpo etilishi shu jihatdan shunchaki bitta investitsiya loyihasi emas. Bu — Kegeylining imkoniyatlariga bo‘lgan yondashuv o‘zgarganining amaliy ko‘rinishi. Kecha muammo sifatida ko‘rilgan sharoitlar bugun zamonaviy texnologiya va tadbirkorlik orqali iqtisodiy imkoniyatga aylanmoqda.
Muhimi, Kegeylidagi tajriba alohida bir loyiha doirasida qolib ketmasligi belgilanmoqda. Rejaga ko‘ra, hududda intensiv bog‘lar maydoni 10 ming gektarga kengaytirilib, 40 mingta doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratiladi. Bu raqamlar Qoraqalpog‘iston taraqqiyoti yangi bosqichga chiqqanidan dalolat beradi. Eng muhimi, bugun hududda ish tutish tizimi butunlay o‘zgardi: vohaning iqtisodiy imkoniyatlari, tabiiy va inson resurslarini ishga solib, yangi o‘sish nuqtalari tashkil etilmoqda.
Albatta, oldinda turgan vazifalar ham bor. Bandlikni oshirish, aholi daromadlarini ko‘paytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va Orolbo‘yida ekologik barqarorlikni ta’minlash kabi masalalar izchil davom ettirilishi zarur.
Prezidentimizning bu galgi tashrifi erishilgan natijalarni sarhisob qilish bilan birga, Qoraqalpog‘iston taraqqiyotining yangi nuqtalarini belgilab olish, samarali tajribalarni kengaytirish va hududdagi mavjud salohiyatni yanada to‘liq ishga solish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Baxitbay ALDAMURATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati