Asosiy kontentga o‘tish
Juma 09-oktyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Yangi O‘zbekiston qiyofasi mahalladan boshlanadi

09.10.2026
44

Inson o‘zgarishlarga, avvalo, o‘z xonadoni va mahallasidagi hayot orqali baho beradi. Ko‘chasiga ichimlik suvi kelishi, farzandi uchun yaqin joyda bog‘cha ochilishi, ish izlayotgan oila a’zosining munosib mehnat bilan band bo‘lishi uning ertangi kunga ishonchini mustahkamlaydi. Shu ma’noda, mahallani rivojlantirish mamlakat taraqqiyotini har bir oilaning turmushi bilan bog‘laydigan eng muhim yo‘nalishdir. Bu yerda qabul qilingan qarorning qadri ham, ajratilgan mablag‘ning samarasi ham odamlar hayotida yuz bergan o‘zgarish bilan o‘lchanadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2026 yilning «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» deb belgilanishi ana shu yondashuvni davlat siyosatining markaziga olib chiqdi. Davlatimiz rahbarining 2025 yil 26 dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida islohotlar samarasi mamlakatning barcha hududlarida, har bir fuqaroning kundalik hayotida sezilishi zarurligiga alohida urg‘u berilgan edi.

Yil nomida mahalla rivoji bilan jamiyat yuksalishining birgalikda ifodalanishi chuqur mazmunga ega. Oiladagi iqtisodiy barqarorlik, yoshning ta’lim olish imkoniyati, keksaning ijtimoiy himoyasi, qo‘shnilar o‘rtasidagi hamjihatlik jamiyatning umumiy holatiga ta’sir qiladi. Shuning uchun mahalla siyosatiga faqat obodonlashtirish tadbirlari doirasida qarash uning mazmunini toraytiradi. Bugungi vazifa hududda yashash uchun qulay sharoit yaratish bilan birga, insonning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishiga yo‘l ochishdan iborat.

Sentyabr oyiga kyelib, yil davomidagi qarorlar, o‘rganishlar va hududiy tashriflarni o‘zaro bog‘liq holda tahlil qilish imkoni paydo bo‘ldi. Ularda mahallaning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, mahalliy iqtisodiyotni jonlantirish, xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish va mas’ullarning hisobdorligini oshirish masalalari bir-birini to‘ldirmoqda.

Mahallaga e’tiborning amaliy mazmuni

Davlat rahbarining mahallalarga borib, xonadonlar sharoiti, tadbirkorlik faoliyati va ijtimoiy ob’yektlar bilan bevosita tanishishi boshqaruv uchun muhim axborot manbaidir. Hudud bo‘yicha umumiy ko‘rsatkich ijobiy bo‘lishi mumkin, ammo uning ortida ayrim ko‘chalardagi suv tanqisligi, ishga qatnov qiyinligi yoki bog‘chaga ehtiyoj ko‘rinmay qolishi ehtimoli bor. Joylardagi muloqot ana shu farqni ochish, umumiy dasturni aniq manzildagi ehtiyoj bilan solishtirish imkonini bermoqda.

Bittagina misol, joriy yilning 18 mart kuni Samarqand viloyati Narpay tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishda Samarqand viloyati mahallalari infratuzilmasi uchun 100 million dollar, Urgut tumaniga qo‘shimcha
50 million dollar ajratilgani ma’lum qilindi. Tumanlarning iqtisodiy imkoniyatlari, mehnat resurslari va aholining kasbiy ko‘nikmalarini tahlil qilib, har bir hududning ichki rivojlanish modelini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, Namangan viloyati, Norin tumanidagi «Yangi Namangan» mahallasida Prezident topshiriqlari asosida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish ishlari olib borilayotgani ham shu yo‘nalishdagi misoldir. Namangan viloyati hokimligining 2026 yil
10 martdagi axborotida qurilish va obodonlashtirish jarayonlari o‘rganilgani, loyihalarni sifatli yakunlash va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha vazifalar berilgani qayd etilgan.

Mazkur tajribada ijtimoiy ob’yektlar bilan ishlab chiqarish infratuzilmasining birga ko‘rilishi ahamiyatli. Yangi bino aholiga xizmat ko‘rsatishni yaxshilasa, yangi korxona yoki ustaxona uning daromadini oshiradi. Bandlik va xizmatlar bir hududda rivojlansa, odamning ishga, ta’limga yoki zarur yordamga yetib borish xarajati ham kamayadi. Mahallani kompleks rivojlantirishning iqtisodiy ma’nosi ana shunda.

Obod muhit va bandlik birgalikda rivojlanganda

Prezidentimizning 13 iyul kuni Toshkent viloyati, Bekobod shahridagi «Do‘stlik» mahallasi va «Xos yoz» kanali bo‘yidagi ishlar bilan tanishuvi obodonlashtirishni iqtisodiy faollik bilan bog‘lash mumkinligini ko‘rsatdi. Rasmiy axborotga ko‘ra, kanal bo‘yida 3 kilometr piyodalar yo‘lagi va ikkita ko‘prik qurilgan, 27 ta savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yekti tashkil etilib, 167 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan. «Do‘stlik» mahallasida esa joriy yil tadbirkorlar kiritgan 1,1 milliard so‘m investisiya hisobiga xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish ob’yektlari ochilib, 25 ta yangi ish o‘rni paydo bo‘lgan.

Bu misolda bir hududdagi ikki natija o‘zaro bog‘lanmoqda: odamlar sayr qilishi va dam olishi uchun qulay joy paydo bo‘lyapti, shu joy atrofida xizmatlarga talab shakllanyapti. Demak, puxta rejalashtirilgan jamoat makoni kichik biznes uchun ham imkoniyat yaratadi.

Bekoboddagi muloqotda davlatimiz rahbari bunyod etilayotgan ob’yektlar aholiga xizmat qilishi, odamlar o‘zgarishlar samarasini kundalik turmushida ko‘rishi zarurligini ta’kidladi. Bu talab har qanday mahalla loyihasini baholashda asos bo‘la oladi.

Joriy yilning 18 sentyabr kuni Qoraqalpog‘istonga tashrif doirasida Prezidentimiz Nukus tumanidagi «Diyqan arna» mahallasida bo‘ldi. Bu yerda 4,5 milliard so‘m hisobidan 60 o‘rinli bog‘cha foydalanishga topshirilgan, mahalliy byudjetning 1 milliard so‘m mablag‘iga futbol va vorkaut maydonchalari barpo etilgan. Mahallada «Smart mahalla» tizimi joriy qilingan. Asalarichilikka ixtisoslashuv doirasida 20 dan ortiq xonadon asalari boqmoqda; yil yakunigacha yana 100 ta xonadonni kooperatsiya asosida ushbu faoliyatga jalb qilish rejalashtirilgan.

Diyqan arna misoli mahalladagi iqtisodiy yo‘nalishni aholining amaliy tajribasi bilan bog‘lash muhimligini ko‘rsatadi. Asal yetishtirish atrofida uni qayta ishlash, qadoqlash, asalari qutisi tayyorlash va sotuvni tashkil qilish kabi qo‘shimcha ishlar paydo bo‘lishi mumkin.

Samarqand, Namangan, Bekobod va Nukusdagi misollarni birlashtiradigan jihat — mahallani rivojlantirishda infratuzilma bilan aholi daromadini birga ko‘rishdir. Har bir hududning yechimi turlicha bo‘lsa-da, kutilgan natija odam uchun qulay yashash muhiti va barqaror tirikchilik manbaidir.

Mablag‘ning samarasi mahalladagi natijada ko‘rinadi

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 22 iyundagi taqdimotda 37 ta «og‘ir» tuman va 915 ta «og‘ir» mahalla bilan ishlash tizimi haqida axborot berildi. Ularning infratuzilmasini yaxshilashga respublika byudjetidan 12 trillion so‘m yo‘naltirilgani, qo‘shimcha ajratmalar natijasida mahalliy darajada yana 4 trillion so‘m resurs shakllangani qayd etildi.

Joriy yil 16 iyul kuni Prezidentimiz boshchiligidagi yig‘ilishda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, infratuzilma va tadbirkorlik uchun sharoit yaratish maqsadida tumanlarga o‘rtacha 250 milliard so‘mdan, mahallalarga 5,5 milliard so‘mdan mablag‘ berilgan. Mahalla byudjetlariga o‘rtacha 150–200 million so‘m tushgani ham qayd etilgan. Mahallaning o‘z daromad manbalari bo‘lishi kichik, ammo aholi uchun sezilarli masalalarni tezroq hal qilishga yordam bermoqda. Masalan, xavfli yo‘lakni tartibga keltirish yoki mahalla maydonchasini ta’mirlash uchun uzoq kelishuvlar zanjiri qisqarmoqda.

Mahalla raisi va jamoaning umumiy mas’uliyati

Mahalla boshqaruvidagi muhim o‘zgarishlardan biri mahalla raisining hududning «iqtisodiy buyurtmachisi» sifatidagi vazifasidir. Bugungi kunda bu masalada ham alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda: ehtiyojni aniq hisoblash, loyiha tayyorlash va mas’ul tashkilotlar oldiga vazifa qo‘yish zarurligi belgilandi. Uning amaliy mazmuni mahalladagi muammoni yechimga tayyor holatga keltirishdir.

«Mahalla yettiligi»ning hamkorligi ham shu nuqtada ahamiyat kasb etadi. Bir oilada ishsizlik, bolaning ta’limdan ortda qolishi va ijtimoiy yordamga ehtiyoj bir vaqtda uchrashi mumkin. Har bir mas’ul bu holatning faqat o‘z qismiga qarasa, oilaning umumiy muammosi saqlanib qoladi. Yagona ish rejasi esa yordamning ketma-ketligini belgilash, vazifalar takrorlanishini kamaytirish va yechimni oxirigacha yetkazish imkonini beradi.

Bu hamkorlikda mahalla bankirining ishtiroki ham muhim. 16 iyulda bankirlarning hududdagi bo‘sh ish o‘rinlari va kasbiy talabni aniqlashi, ishsizlarni tegishli kasbga o‘qitish bilan bog‘lashi vazifasi qo‘yildi. Demak, o‘quv kursini tashkil qilishdan oldin ish beruvchiga qanday xodim kerakligini bilish zarur. O‘qishni tugatganlar sonidan keyingi muhim ko‘rsatkich ularning ishga joylashishi va ishda saqlanib qolishidir.

Daromadli mehnatga olib boradigan iqtisodiy siyosat

Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish haqida gapirganda kredit ajratish, uskuna berish va ish o‘rni yaratish o‘rtasidagi bog‘liqlikni to‘liq ko‘rish kerak. Moliyaviy resurs ishni boshlashga yordam beradi, ammo uning davom etishi mahsulot yoki xizmatga talab, malaka, ta’minot va sotuvga bog‘liq. Shuning uchun har bir tashabbusning iqtisodiy istiqboli baholanishi, fuqaroga imkoniyat bilan birga o‘z zimmasiga olayotgan majburiyati ham tushuntirilishi zarur.

Iyul oyidagi yig‘ilishda olti oy davomida kichik loyihalarga 18,5 trillion so‘m yo‘naltirilgani, 110 ming mikroloyiha amalga oshirilib, 259 ming nafar aholi bandligi ta’minlangani ma’lum qilindi. Ayni vaqtda 47 ta mahallada atigi ikkitadan mikroloyiha ishga tushirilgani tanqid qilindi.

Ijtimoiy himoyada insonning holati asosiy mezon

Mahallaning ishonch markazi bo‘lishi, ayniqsa, qiyin vaziyatga tushgan oila bilan ishlashda bilinadi. Yordam so‘rab kelgan inson uchun arizasi qaysi idoraga tegishli ekanidan ko‘ra, masalasi adolatli o‘rganilishi muhim. Shuning uchun ijtimoiy xizmatni yashash joyiga yaqinlashtirish uning qulayligini oshirish bilan birga, xodimning fuqaro taqdiri uchun mas’uliyatini ham kuchaytiradi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar va o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar uchun mahallaning qulayligi alohida ahamiyatga ega. Yo‘lak, binoga kirish, xizmat olish tartibi insonning mustaqil harakatlanishini osonlashtirishi kerak. Mahalla obodligini baholashda undan kimlar foydalana olayotganini so‘rash shuning uchun muhim. Hamma uchun ochiq va qulay muhit mahalladagi ijtimoiy adolatning amaliy ifodasidir.

Raqamli boshqaruv murojaat yechimiga xizmat qilishi kerak

Joriy yilning 22 iyundagi taqdimotda 35 ta vazirlik va idoraning axborot tizimlarini «Raqamli mahalla» platformasiga ulash, murojaatlarni tahlil qilish va muammolarga tezkor yechim belgilash vazifalari bayon etildi. Bu yo‘nalish idoralar o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvini yaxshilash uchun muhim. Uning fuqaro uchun foydasi esa bir xil ma’lumotni qayta-qayta topshirish va turli tashkilotlarga borish ehtiyoji kamayishida namoyon bo‘lmoqda.

Raqamlashtirish natijasini platformaga kiritilgan yozuvlar soni bilan o‘lchash cheklangan tasavvur beradi. Murojaat qancha vaqtda hal bo‘lgani, takroriy murojaatga nima sabab bo‘lgani va fuqaro natijadan xabardor qilingani ham ahamiyatli. Elektron tizim xodimni ortiqcha hisobotdan ozod etib, odamlar bilan ishlashga ko‘proq vaqt bersa, uning amaliy qiymati ortadi.

Ma’lumotlar tahlili rahbarga qaysi mahallada muammo ko‘proq takrorlanayotganini ko‘rsatishi mumkin.

Xavfsizlik va ekologik muhit kundalik farovonlikning qismi

Tinch va xavfsiz mahalla oilaning farovonligi uchun zarur shartdir. Yoritilgan ko‘cha, bolalarning xavfsiz qatnovi, oiladagi nizoga o‘z vaqtida yordam, ishsiz yosh bilan manzilli ishlash bir-birini to‘ldiradi. Shu bois profilaktika faoliyatida hodisadan keyingi chora bilan cheklanmasdan, xavf paydo bo‘lishiga olib kelayotgan sharoitlarni o‘rganish muhim.

Iyul yig‘ilishida ham jinoyatchilikning oldini olishda xavfsiz ko‘cha va yo‘laklar tashkil qilish, oilalarga psixologik yordam berish, ehtiyojmand va ishsiz fuqarolar bilan manzilli ishlashga e’tibor qaratildi. Bu choralarning umumiy mazmuni insonni muammo bilan yolg‘iz qoldirmaslikdir. Mahallada yoshning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish, murojaatini eshitish va kasbga yo‘naltirish uzoq muddatli natija uchun ahamiyatli.

Yashash muhitining ekologik sifati ham mahalla siyosatining ajralmas qismiga aylanmoqda. 21 sentyabr kuni Prezidentimizga taqdim etilgan takliflarda ko‘kalamzorlashtirish samarasini daraxtlarning bir, uch va besh yildan keyingi holatiga qarab baholash zarurligi ta’kidlandi. Har bir mahalla uchun ko‘chat turi, ekiladigan joy va sug‘orish tizimi aks etgan «yashil xarita»larni tayyorlash topshirildi. Aholi gavjum joylar va piyodalar yo‘laklarida soya beruvchi daraxtlarni ko‘paytirishga e’tibor qaratildi.

Bu yerda natijani baholashning juda muhim qoidasi namoyon bo‘lyapti: bajarilgan ishning keyingi holati ham tekshirilishi kerak. Ko‘chat ekish xarajati uni saqlab qolish choralari bilan birga rejalashtirilsa, aholi uzoq yil foydalanadigan yashil hudud paydo bo‘ladi.

Deputatlik nazorati va aholi ishtirokining ahamiyati

Mahalladagi o‘zgarishlar barqaror bo‘lishi uchun qaror qabul qilish, ijro va jamoatchilik nazorati o‘zaro bog‘lanishi kerak. Nazoratni mablag‘ o‘zlashtirilgani haqidagi axborotni eshitish bilan birga loyiha belgilangan muddatda va sifatda bajarilganmi, aholi undan foydalanyaptimi, muammo haqiqatda bartaraf bo‘lganmi — natija shu savollar orqali ochiladi. Agar ish kechiksa, sababini aniqlash, mas’ul idoralarni bir yechim atrofida birlashtirish va ijroni qayta ko‘rish zarur. Deputatlik nazoratining ta’sirchanligi ham shunda namoyon bo‘lmoqda.

2026 yildagi vazifalar va hududlardagi amaliy misollar mahallaning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni yanada kengayayotganini ko‘rsatmoqda. Moliyaviy imkoniyatlar, bandlik dasturlari, ijtimoiy xizmatlar, raqamlashtirish va ekologik tashabbuslar bir manzilda — inson yashaydigan mahallada tutashmoqda. Ularning uyg‘unligi ta’minlanmoqda, alohida loyihalarning samarasi ham kuchaymoqda.

Prezidentimizning mahallalarga qaratayotgan doimiy e’tiborini joylardagi amaliy natija bilan davom ettirish barchamizdan izchil mehnat talab qiladi. Bu vazifada mahalla raisi, «yettilik», bank, hokimlik va deputatning o‘z o‘rni bor. Ularning ishi bir oilaning muammosi yechilishida tutashgandagina davlat tomonidan yaratilgan imkoniyat fuqaro uchun haqiqiy nafga aylanadi.

Mahalla yilining eng ishonchli bahosi — yashash sharoiti yaxshilangan xonadon, barqaror mehnatga ega bo‘lgan inson, zarur xizmatni o‘z vaqtida olgan oila va o‘z hududi kelajagiga daxldor fuqarodir. Ana shu natijalar ko‘paygan sari mahalla odamlar uchun ishonch, tayanch va imkoniyatlar markazi sifatida mustahkamlanmoqda. Jamiyat yuksalishi ham har bir mahalladagi ana shunday aniq o‘zgarishlardan boshlanadi.

Abdullo Aslonov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari

Saytni yangi dizayni yoqdimi?