Toshkent viloyatida aholi daromadini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlar tanqidiy tahlil qilindi
Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashidagi O'zLiDeP deputatlik guruhi tashabbusi bilan viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar, sohaviy idoralar rahbarlari, partiya faollari hamda OAV vakillari ishtirok etib, amalga oshirilayotgan ishlar va ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Eshituvda kambag‘allikka qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekani, aholi bandligini ta’minlash esa konstitutsiyaviy majburiyat sifatida belgilangani ta’kidlandi. Toshkent viloyatida bu borada olib borilayotgan ishlar tahliliy-tanqidiy ruhda ko‘rib chiqilib, har bir oila kesimida manzilli yondashuv joriy etilgani ijobiy natijalar bergani qayd etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda kambag‘allik darajasi joriy yil boshidagi 8 foizdan 1 noyabr holatiga 3,6 foizgacha qisqargan. 116 ming oila o‘rganilib, minglab oilalarga individual xizmatlar ko‘rsatildi, tadbirkorlikka jalb etish, subsidiya va imtiyozli kreditlar orqali aholi daromadini oshirish bo‘yicha aniq mexanizmlar ishga tushirildi.
Eshituv yakunida 2026 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar belgilab olindi. O'zLiDeP uchun aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni qisqartirish asosiy maqsad bo‘lib qolmoqda. Bu yo‘nalishda partiya deputatlari va mutasaddi idoralar hamkorlikda manzilli va tizimli ishlarni izchil davom ettirishga kelishib oldi.