Seshanba 03-Dekabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Turkiy davlatlar tashkilotida ko‘p qirrali hamkorlik mustahkamlanmoqda

07.11.2024
219

Yetakchi davlatlar o‘rtasidagi raqobat va ishonchsizlik muhiti kuchaygan sharoitda, global geosiyosiy jarayonlar tobora murakkab tus olayotganini barchamiz ko‘rib turipmiz. Buning oqibatida ziddiyat va urush o‘choqlari ko‘payib, turli xavf-xatarlar yanada ortmoqda. Dunyodagi og‘ir xalqaro vaziyatda  mintaqaviy  tashkilotlar doirasidagi ishtirokni  faollashtirish masalasi  dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Buning sababi, ular  milliy  manfaatlarni hisobga olgan holda,  mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning  eng  samarali platformalarini  yaratishga  qaratilgan. Shu nuqtai nazardan,  Turkiy davlatlar tashkiloti  faoliyati e’tiborga loyiqdir.

Tashkilotning  hozirgi nomi  O’zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan  2021-yil noyabr oyida berilgan. Bugungi kunda Turkiy davlatlar tashkiloti 160 milliondan ortiq aholi yashaydigan hududlarni birlashtiradi. Tashkilotning o‘ziga xosligi ushbu tashkilot  hamkorlikning ko‘p qirrali yo‘nalishlarining mavjudligida ifodalanadi. Xususan, Naxichevan Bitimining 2-moddasiga ko‘ra, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash va saqlash, shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, huquqni himoya qilish,  tabiatni muhofaza qilish,  madaniy, ilmiy-texnikaviy, harbiy-texnik, ma’rifiy,  energetik, transprt va kredit sohalarida mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikni samarali rivojlantirish masalalari  tashkilotning  muhim  maqsad va vazifalari qatoriga kiradi.

Turkiy davlatlar tashkilotining jozibadorligi shundaki, Tashkilot  savdo va investitsiyalar uchun  qulay sharoitlar  yaratish,  bojxona va tranzit  tartib-taomillarini liberlalashtirish hamda  fan va texnika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, turkiy xalqlarning madaniy va tarixiy merosini ommalashtirishga yordam beradi.  Ushbu tashkilot  muntazam  ravishda oliy darajadagi  uchrashuvlar o‘tkazadi.

Joriy yilning 6-noyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi. Unda tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy sheriklikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Siyosat va xavfsizlik masalalarida muloqotlarni tizimli davom ettirish, tashkilotga a’zo mamlakatlarning umumiy manfaatlaridan kelib chiqib, xalqaro muammolar bo‘yicha yakdil va aniq pozitsiyani faol ilgari surish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. Bu Yaqin Sharqda davom etayotgan adolatsiz urush va kuzatilayotgan ikki yoqlama standartlar, G’azo sektori va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojia, Afg‘onistondagi o‘tkir muammolar mavjudligiga taalluqlidir.

Shavkat Mirziyoyev sammitda  bir qator ustuvor masalalarga to‘xtalib o‘tdi.

Avvalo, davlatimiz rahbari tashkilotning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish va mustahkamlash muhimligini ta’kidladi. Shu ma’noda, Turkiy davlatlarning strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani qabul qilish taklif etildi.

Shuningdek, tashkilot doirasida yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini yaratish maqsadida tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, savdo-bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish, elektron tijorat platformalarini rivojlantirish bo‘yicha aniq bitim va kelishuvlarni ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.

Transport yo‘laklaridan samarali foydalanish, O’rta yo‘lak bo‘yicha tranzit tariflarini maqbullashtirish, chegaralarni kesib o‘tish jarayonlarini soddalashtirish, zamonaviy logistika tizimlari va qo‘shma operatorlarni yaratish yana bir ustuvor masala sifatida belgilandi.

Sammit yakunida Bishkek deklaratsiyasi, mamlakatimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Turkiy dunyo xartiyasi, shuningdek, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator kelishuvlar qabul qilindi.

Umuman olganda, shuni qayd etish kerakki, Turkiy davlatlar tashkilotining bo‘lib o‘tgan sammiti TDT  salohiyatini rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha a’zo mamlakatlarning tashabbuslarini ilgari surish va muhokama qilish platformasi bo‘ldi, uning natijalari esa,  turkiy xalqlar  taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida  ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning yana bir boshlang‘ich nuqtasi bo‘lishi shubhasiz.

Aktam XAITOV,

O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

Saytni yangi dizayni yoqdimi?