Pediatr yetishmaydi, stasionar joy kam: O'zLiDeP deputatlari Urganchda bolalar tibbiyotini kun tartibiga olib chiqdi!
Xalq deputatlari Xorazm viloyati va Urganch shahar Kengashlaridagi O'zLiDeP deputatlik guruhlari ishtirokida jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.
Eshituvda Urganch shahar Tibbiyot birlashmasining faoliyati, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va mavjud muammolar muhokama qilindi. Urganch shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jo‘rabek Yaqubov tomonidan tibbiy muassasalarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, profilaktika, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi.
Ta’kidlanganidek, Urganch shahrida bolalar soni ko‘pligi va kasallanish holatlarining ortishi tufayli Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga murojaatlar keskin oshmoqda. Shu bilan birga, shahar poliklinikalarida malakali pediatrlar, tor mutaxassislar hamda stasionar o‘rinlar yetishmasligi aholi uchun qator qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.
Mazkur muammolarni hal etish maqsadida Urganch shahar tibbiyot birlashmasi qoshida 50 o‘rinli bolalar bo‘limi va 8 o‘rinli bolalar reanimatsiyasi tashkil etish, shuningdek, bu yo‘nalishda yangi bino qurish taklifi ilgari surildi. Ushbu tashabbus bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yaxshilashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Deputatlar masala yuzasidan deputatlik so‘rovi chiqarishga qaror qildi. Shuningdek, elektron navbat tizimini takomillashtirish, sayyor tibbiy xizmatlarni kengaytirish hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish zarurligi qayd etildi.