Asosiy kontentga o‘tish
Payshanba 15-oktyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Yangi Toshkentda qulay biznes muhiti va zamonaviy xizmatlar rivoji

15.10.2026
68

Prezidentimiz Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida yangi Toshkent faqat yangi uy-joy quriladigan hudud emas, biznes, ta’lim, tibbiyot, turizm va xizmat ko‘rsatishni o‘ziga jalb etadigan mustaqil iqtisodiy markazga aylanishi lozimligini ta’kidlagan edi.

Muloqotda shahar infratuzilmasini rivojlantirish, aholi uchun qulayliklar yaratish hamda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surilgandi. Jumladan, tadbirkorlar tomonidan tirbandlikni kamaytirish va mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida valet-parking xizmatlarini rivojlantirish taklifi bildirilgan edi.

Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi tomonidan valet-parking xizmatini huquqiy tartibga solish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Unda fraksiya a’zolari, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, sug‘urta kompaniyalari, Turizmni rivojlantirish assotsiatsiyasi, Parlament tadqiqotlari instituti vakillari, tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda valet-parking xizmati aholi va tadbirkorlar uchun qulaylik yaratib kelmoqda. Ayni paytda transport vositalarining qabul qilinishi, saqlanishi va egasiga qaytarilishi jarayonlarida aniq huquqiy qoidalarni belgilash zarurati mavjud. Shu bois xizmat ko‘rsatuvchi operatorlar, ularning xodimlari va transport vositasi egalari o‘rtasidagi munosabatlarni qonunchilik asosida tartibga solish muhim ahamiyat kasb etadi.

Davra suhbatida “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonunga valet-parking xizmati, uning operatori va xodimi, transport vositasini qabul qilish hamda qaytarish joylariga oid asosiy tushunchalarni kiritish, shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligi, piyodalarning erkin harakatlanishi, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalariga rioya etish, transport vositalarini tegishli toifadagi haydovchilik huquqiga ega xodimlar boshqarishi hamda xizmat ko‘rsatish joylarini qonuniy asosda tashkil etish bo‘yicha talablarni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, valet-parking xizmati taqiqlangan joylarda to‘xtashga, yo‘l va trotuarlarni o‘zboshimchalik bilan egallashga asos bo‘lmasligi zarurligi qayd etildi.

Tadbirda Fuqarolik kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish, xususan valet-parking xizmati ko‘rsatish shartnomasining huquqiy asoslarini mustahkamlash, transport vositasini qabul qilishni tasdiqlash, avtomobil holati va mavjud shikastlanishlarni qayd etish, transport vositasining saqlanishi uchun operator javobgarligini belgilash hamda yetkazilgan zararni qoplash tartibini aniq ifodalash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, valet-parking xizmatlari bozorida shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash, iste’molchilarning huquqlarini ishonchli himoya qilish, xizmat sifati va xavfsizligini oshirish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar uchun aniq huquqiy talablarni belgilash orqali sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, asossiz nizolar va yashirin to‘lovlarning oldini olish, sug‘urta munosabatlaridagi mas’uliyatni aniqlashtirish dolzarb hisoblanadi.

Muhokamalar davomida soha vakillari, sug‘urta kompaniyalari mutaxassislari va tadbirkorlarning fikr-mulohazalari, amaliy tajribasi hamda takliflari tinglandi. Savol-javoblar jarayonida xizmat ko‘rsatishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarning oldini olish, tadbirkorlik subyektlari uchun tushunarli hamda adolatli qoidalarni joriy etish, transport vositasiga yetkazilgan zarar uchun javobgarlikni aniq belgilash, sug‘urta mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Tadbir yakunida bildirilgan taklif va tavsiyalarni chuqur o‘rganish, ularni qonun ijodkorligi jarayonida inobatga olish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?