Asosiy kontentga o‘tish
Juma 28-avgust 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Abadiy do‘stlik, ittifoqchilik va umumiy kelajak

27.08.2026
109

O‘zbekiston va Ozarboyjon munosabatlarini faqatgina zamonaviy diplomatiya nuqtai nazaridan baholash qiyin, chunki ularning chinakam asosi hozirgi davlat chegaralari paydo bo‘lishidan ancha oldin shakllangan bo‘lib, xalqlarimizning madaniy va ma’naviy yaqinligi, tarixiy taqdirlarining mushtarakligi, til va an’analarning uyg‘unligi, shuningdek, adabiyot, ilm-fan, san’at va insoniy aloqalarning doimiy ravishda o‘zaro uyg‘unlashuvi tufayli asrlar davomida sayqal topgan.

Sharq va Gʻarbni bog‘lagan Buyuk Ipak yo‘li makoni bir vaqtning o‘zida Movarounnahr va Ozarboyjonni ham birlashtirib, savdo yo‘llarini o‘ziga xos madaniy muloqot yo‘llariga aylantirgan va ular orqali tovarlar bilan birga bilim, g‘oya va ma’naviy qadriyatlar ham tarqalgan. Aynan shuning uchun ham Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviy nomlari bugungi kunda mamlakatlarimizda shunchaki buyuk milliy shoirlar sifatida emas, balki Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz xalqlarini asrlar davomida birlashtirib kelgan umumiy sivilizatsiya makonining ramzlari sifatida e’tirof etiladi.

Davlat mustaqilligiga erishgach, O‘zbekiston va Ozarboyjon ushbu tarixiy yaqinlikni yangi siyosiy va iqtisodiy mazmun bilan boyitish, munosabatlarni suveren davlatlar sifatida yo‘lga qo‘yish va ikki tomonlama hamkorlikning mustahkam shartnomaviy-huquqiy bazasini bosqichma-bosqich shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ikki davlat o‘rtasida 1995 yil 2 oktyabrda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon mamlakatlarimiz siyosiy muloqotni izchil kengaytirib, savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlab, madaniy aloqalarni rivojlantirib bordi va shu orqali bugungi kunda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan munosabatlarning poydevorini yaratdi.

Bu o‘sish sur’ati, ayniqsa, so‘nggi yillarda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning fidoyilikka yo‘g‘rilgan qat’iy siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston-Ozarboyjon hamkorligi mutlaqo yangicha jadallik bilan rivojlana boshlagan davrda yaqqol namoyon bo‘ldi. 2022 yil iyun oyida Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi Deklaratsiyani, 2024 yil avgust oyida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani imzolash orqali ikki mamlakat o‘zaro ishonchning prinsipial jihatdan yangi darajasini belgilab oldi, unda hamkorlik davlat va jamiyat hayotining deyarli barcha muhim sohalari qamrab olishi belgilandi.

Aynan shu nuqtai nazardan, 2026 yilning 23 avgust kuni Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi alohida tarixiy ahamiyat kasb etib, ikki yetakchining ulkan mehnatini mantiqiy jihatdan yangi bosqichga ko‘taruvchi va ayni paytda mamlakatlarimiz oldida yangi ufqlarni ochuvchi tarixiy voqeaga aylandi.

Tashrifning asosiy siyosiy natijasi Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Ilhom Aliyev tomonidan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Shartnomaning imzolanishi bo‘ldi. Ushbu hujjatning nomiyoq ikki davlat va xalq o‘rtasidagi munosabatlarning chuqurligini aks ettirib, odatiy diplomatik qoliplardan ancha kengroq ma’noni anglatadi. Unda o‘nlab va yuzlab yillar davomida shakllangan qadriyatlar – ishonch, samimiy hurmat, ma’naviy yaqinlik, bir-birini qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik va kelajak sari birgalikda intilish yaqqol o‘z ifodasini topgan.

Oliy davlatlararo kengashining uchinchi yig‘ilishi qarorini hamda savdo, investisiyalar, madaniyat, turizm, adliya, tashqi siyosiy hamkorlik, pensiya ta’minoti va hududlararo aloqalarni qamrab olgan bir qator hujjatlar to‘plamini imzolash orqali tomonlar zamonaviy O‘zbekiston-Ozarboyjon hamkorligi parchalangan holda emas, balki siyosat, iqtisodiyot, gumanitar soha va xalq diplomatiyasini birlashtirgan yaxlit tizim sifatida rivojlanayotganini yana bir bor tasdiqladilar.

Bunda ikki davlat rahbarlarining shaxsiy hissasi alohida ahamiyat kasb etadi. O‘zaro hurmat va ishonch asosida munosabatlarni shakllantirib, muntazam uchrashuvlar va doimiy ishchi muloqotlarni olib borish orqali Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev hamkorlikka shunday jadallik bag‘ishladilarki, natijada siyosiy kelishuvlar hukumatlar, parlamentlar, hududlar, ishbilarmon doiralar va jamoat tashkilotlari darajasida tezkorlik bilan amaliy ijrosini topmoqda.

Tasodif emaski, munosabatlarning hozirgi holatini ta’riflar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjonni O‘zbekistonning ishonchli ittifoqchisi, strategik sherigi va qardosh davlati deb atadi hamda bu yaqinlik zamirida yagona sivilizatsiya kodi – umumiy tarixiy ildizlar, ko‘p asrlik do‘stlik, o‘xshash madaniyat va an’analar mujassam ekanini ta’kidladi.

Shu bilan birga, munosabatlarning hozirgi bosqichi siyosiy yaqinlikning izchil ravishda aniq va sezilarli amaliy tus olayotgani bilan, ayniqsa, ahamiyatlidir. Strategik sheriklik va ittifoqchilikning har bir bandi amaliy ishlarga ko‘chishi kerakligini ta’kidlar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev amalda zamonaviy O‘zbekiston-Ozarboyjon kun tartibining asosiy tamoyilini ifodalab berdi. Bu tamoyil shundan iboratki, kelishuvlarning qadri, eng avvalo, ularning iqtisodiyotni rivojlantirishga qanchalik hissa qo‘shishi, yangi ish o‘rinlari yaratishi, tadbirkorlar imkoniyatlarini kengaytirishi va ikki mamlakat fuqarolariga bevosita foyda keltirishi bilan belgilanadi.

Yetakchilar o‘rtasidagi yuksak darajadagi ishonchning ramziy ifodasi sifatida ularning bir-birini oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlashi bo‘ldi. Prezident Ilhom Aliyevga “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini topshirar ekan, davlatimiz rahbari uning qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilikni mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida qayd etdi. O‘z navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjonning oliy davlat mukofoti – zamonaviy Ozarboyjonni barpo etishda ulkan rol o‘ynagan, O‘zbekistonga, uning tarixi va madaniyatiga hamisha alohida hurmat bilan munosabatda bo‘lgan atoqli davlat arbobi nomidagi “Haydar Aliyev” ordeniga sazovor bo‘ldi.

Ma’lumki, ushbu hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan birini iqtisodiyot tashkil etmoqda. So‘nggi besh yilda O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi uch barobarga o‘sdi, bu esa ishbilarmonlik faolligi sezilarli darajada kengayganidan dalolat beradi, biroq hozirgi kelishuvlar yanada keng ko‘lamli natijani kutishga asos yaratadi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini bir milliard dollarga yetkazishni maqsad qilib olgan tomonlar, investisiyalar va savdo sohasida maxsus dastur hamda Harakatlar rejasini qabul qilib, shu orqali kelgusi ishlarning aniq parametrlarini belgilab berdilar.

Gap nafaqat tovarlarni sotib olish va sotish hajmini oshirish, balki barqaror iqtisodiy aloqalarni shakllantirish imkonini beruvchi ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish haqida borayotgani alohida ahamiyatga ega. Bank sohasida, zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish, mineral xomashyoni qayta ishlash, turistik va turarjoy majmualarini qurish, ta’lim muassasalarini tashkil etish, bog‘dorchilik va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha yangi qo‘shma loyihalarni ishga tushirish orqali mamlakatlarimiz bosqichma-bosqich an’anaviy savdodan iqtisodiy sheriklikning yanada murakkab modeliga o‘tmoqda.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar manfaatlarini izchil ifoda etib kelayotgan O‘zLideP uchun bunday yondashuv alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, amalga oshirilgan har bir investisiya loyihasi ortida yangi korxonalar va ish o‘rinlari, qo‘shimcha soliq tushumlari, eksport imkoniyatlari, zamonaviy texnologiyalar, oilalar daromadining o‘sishi va xususiy tashabbuslarning kengayishi turadi. Shu bois Ozarboyjon bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash partiyaning ichki siyosatda tadbirkorlikni, xususiy mulkni va raqobatbardosh iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash borasidagi tamoyillariga to‘la mos keladi.

Ikki mamlakat ishbilarmonlarining istiqbolli loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali tadbirkorlik tashabbuslarini ilgari suruvchi qo‘shimcha moliyaviy mexanizmga aylanish salohiyatiga ega bo‘lgan qo‘shma investisiya kompaniyasining faoliyatidan ham ulkan istiqbollar kutilmoqda. Bunday institut faoliyatini kengaytirish hamda qo‘shma loyihalarga nafaqat yirik kompaniyalarni, balki o‘rta biznesni ham jalb qilish orqali iqtisodiy hamkorlikning ijtimoiy qamrovini sezilarli darajada kengaytirish, uning natijalarini tadbirkorlarning keng qatlamlari uchun yanada yaqqolroq qilish mumkin.

Hamkorlikning hududlararo yo‘nalishi ham bundan kam ahamiyatga ega emas. Shaharlar va viloyatlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish orqali mamlakatlarimiz amalda munosabatlarning qo‘shimcha darajasini yaratmoqda va bu davlatlararo kelishuvlarni bevosita hududlar darajasiga o‘tkazish imkonini beradi. Urganch va Xonkandi, Buxoro va Lochin, Urganch va Naxchivon o‘rtasida birodarlashgan shaharlar aloqalarining o‘rnatilishi tadbirkorlar, ta’lim muassasalari, madaniyat tashkilotlari, mahalliy hokimiyat organlari va deputatlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlari uchun imkoniyatlar ochadi.

Bunda aynan hududlar ikki tomonlama aloqalarga zarur amaliy mazmun bag‘ishlashga qodir. Agar davlat kelishuvlari umumiy yo‘nalishlarni belgilab bersa, ularning real mazmuni Buxorodagi korxona Ozarboyjonda hamkor topganda, xorazmlik tadbirkor yangi mahsulot sotish bozoriga ega bo‘lganda va mahalliy hokimiyat organlari vakillari turizm, obodonlashtirish, raqamlashtirish yoki kichik biznesni rivojlantirish masalalarida tajriba almashishni boshlaganida namoyon bo‘ladi.

Ushbu yo‘nalishni rivojlantirar ekan, mazkur jarayonda O‘zLideP ham o‘zining hududiy tashkilotlari va mahalliy kyengashlardagi deputatlik guruhlari salohiyatidan foydalangan holda muhim rol o‘ynashi mumkin. Ishbilarmonlar o‘rtasida aloqalar o‘rnatishga ko‘maklashish, kooperatsiyaning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda yuzaga keladigan muammolarni ko‘tarib chiqish orqali partiya davlat diplomatiyasini bevosita joylardagi amaliy ishlar bilan boyitishga qodir.

Ozarboyjon bilan transport-logistika hamkorligi ham O‘zbekiston uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda. Yevroosiyo markazida joylashgan va jahon okeaniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatimiz transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va yirik jahon bozorlariga barqaror chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritishdan ob’yektiv ravishda manfaatdordir. Aynan shuning uchun Markaziy Osiyoni Kaspiy dengizi va Ozarboyjon orqali Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropa bilan bog‘lovchi O‘rta yoki Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish odatiy infratuzilma loyihasi doirasidan ancha keng tadbir hisoblanadi.

Logistika infratuzilmasi samaradorligini oshirish, yuk tashish hajmini ko‘paytirish va transport xarajatlarini kamaytirish orqali O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘z tadbirkorlari uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Mahalliy biznes, ayniqsa, eksportga yo‘naltirilgan tadbirkorlar uchun muqobil yo‘nalishlarning mavjudligi barqarorlikning ortishini, yetkazib berish geografiyasining kengayishini va cheklangan transport yo‘nalishlariga qaramlikning pasayishini anglatadi.

Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston-Ozarboyjon munosabatlarining muhim tarkibiy qismiga aylanib ulgurgan partiya diplomatiyasi alohida ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlash joiz. “Yeni Azərbaycan” partiyasi bilan hamkorlik qilar ekan, O‘zLideP davlatlararo aloqalarni rivojlantirishdagi o‘z ishtirokini izchil kengaytirgan holda, rasmiy diplomatiyani siyosiy tashkilotlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot bilan to‘ldirmoqda.

Bugungidek esimda: 2022 yil noyabr oyida Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zLideP delegatsiyasi bilan uchrashuvi muhim voqea bo‘ldi va unda ikki partiya hamkorligiga yuksak baho berildi. 2024 yili Hamkorlik memorandumini imzolash orqali O‘zLideP va “Yeni Azərbaycan” muntazam tajriba almashish, o‘zaro tashriflarni amalga oshirish, partiya qurilishi, elektorat, yoshlar va tadbirkorlar hamjamiyati bilan ishlash masalalarini muhokama qilish uchun institusional asos yaratdi.

Bugungi kunda, ikki tomonlama munosabatlar abadiy do‘stlik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgan bir paytda, partiya diplomatiyasi imkoniyatlari yanada kengaymoqda. Deputatlar va tadbirkorlar, yoshlar va xotin-qizlar tuzilmalari, ekspertlar va hududiy tashkilotlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish orqali partiyalar siyosiy kelishuvlarni ijtimoiy mazmun bilan boyitishga va ularning jamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlashga qodir. Aynan shuning uchun ham davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni O‘zLideP deputatlik korpusi sezilarli rolь o‘ynaydigan yangi amaliy bosqichning boshlanishi sifatida baholash zarur.

Amalga oshirilgan davlat tashrifi shuni yaqqol tasdiqladiki, bugungi kunda O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasida ittifoqchilikning yaxlit arxitekturasi shakllanib ulgurgan bo‘lib, unda yetakchilarning siyosiy ishonchi iqtisodiy manfaatlarga tayanadi, investisiyalar gumanitar loyihalar bilan to‘ldiriladi, davlatlararo munosabatlar parlament va partiya aloqalari bilan mustahkamlanadi, xalqlarning tarixiy yaqinligi esa aniq zamonaviy o‘z ifodasini topmoqda.

Mubolag‘asiz aytish mumkin, bugun O‘zbekiston va Ozarboyjon abadiy do‘stlik haqida ishonch bilan so‘zlamoqda. Bu do‘stlikning kuchi, eng avvalo, uning umumiy o‘tmishga tayangan holda ortga emas, balki kelajakka intilishida, ikki qardosh xalq birgalikda umumiy tarixning yangi sahifalarini yaratishida mujassamdir.

Aktam XAITOV,
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

Saytni yangi dizayni yoqdimi?