“Yurakka yo‘l” aksiyasi doirasida qoraqalpog‘istonlik Go‘zal Allabergenovaga tikuv mashinasi olib berildi
O'zLiDeP tashabbusi bilan To‘rtko‘l tumanida boshlangan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida aholi xonadonlariga borib, ularning yashash sharoiti o‘rganilmoqda, muammolari tinglanmoqda. “Yurakka yo‘l” aksiyasi orqali mahallalardagi o‘nlab xonadonlar qamrab olinib, manzilli yordam ko‘rsatilmoqda.
Tashriflar davomida xotin-qizlar, yoshlar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan ishsizlik, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va turmush sharoitiga oid masalalar ko‘tarildi. “Keksalarga mehr” aksiyasi doirasida yolg‘iz keksalar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat va dori-darmon yetkazildi, volontyorlar esa uy ishlarida amaliy yordam ko‘rsatishdi.
Loyiha doirasida qoraqalpog‘istonlik 4 nafar fuqaroga tikuv mashinasi olib berildi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Nazira Mambetsharipova “Ullubag‘” mahallasida istiqomat qiluvchi Masharipovlar xonadoniga borib, Go‘zal Allabergenovaning murojaatini tingladi. G. Allabergenova o‘zining ko‘p yillardan buyon ishsiz ekanligi, tikuvchilik mahoratiga ega bo‘lsa-da, zarur jihozlar yetishmasligi sababli faoliyat boshlay olmayotganini ma’lum qildi. Deputat fuqaroning murojaatini inobatga olib, unga yangi tikuv mashinasini olib berdi.