Asosiy kontentga o‘tish
Dushanba 01-Sentyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Xususiy sektor — ta’limda sifat, iqtisodda barqarorlik, yoshlarda ishonch demakdir!

21.08.2025
141

20 avgust — Tadbirkorlar kuni munosabati bilan Prezidentimiz bizness vakillari bilan ochiq muloqot qildilar, bunday tarixiy muloqotlar Davlatimizda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar ortga qaytmas ekanligini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Ushbu an’ana ishbilarmonlar manfaatlarini ifoda etuvchi qarorlarni ular bilan bamaslahat, hamkorlikda qabul qilish imkonini bermoqda.

Birgina ta’lim sohasida xususiy sektor uchun ochib berilgan keng imkoniyatlar e’tiborga loyiq. So‘nggi sakkiz yilda xususiy bog‘chalar soni 31 mingga, xususiy maktablar soni esa 645 taga yetdi. Davlat imkoniyat bermoqda, imtiyozlar joriy qilmoqda, shu sababli tadbirkorlarimiz xususiy ta’lim tashkilotlari tashkil etishda juda faol bo’lmoqdalar.

Bugungi uchrashuvda ham bu yo’nalishda qator yangi vazifalar belgilandi. Masalan, endilikda bog‘cha qamrovi 70–80 foizdan past bo‘lgan 80 ta tumanda tadbirkorlarga katta imkoniyatlar yaratiladi. Xususan ularga yer 30 yil muddatga bepul ijaraga beriladi, bola boshiga xarajatning yarmini subsidiyalash tartibi joriy etiladi, ularga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi. E’tiborlisi 1 foizli ijtimoiy soliq, tarbiyachilarning maoshini davlat tomonidan uch yil davomida to‘lab berish amaliyoti — xususiy ta’limdagi inqilobiy yechimlar sirasiga kiradi, desak mubolag’a bo’lmaydi.

Aytish mumkinki, ta’limda xususiy sektorning kengayishi faqatgina muvaffaqiyatli biznes uchun emas, balki sifatli ta’limni ta’minlash, raqobat muhitini mustahkamlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, hududiy rivojlanishda ham katta ahamiyat kasb etadi.

Yana bir muhim jihat, “Yosh tadbirkorlar” chempionatini o‘tkazish, 1 mingta startap g‘oyasini tijoratlashtirish, shundan 200 tasini xalqaro bozorga olib chiqish, eng yaxshi 100 g‘oya uchun 1 milliard so‘mgacha sarmoya kiritish kabi ulkan vazifalar — yosh avlodni tadbirkorlik ruhida tarbiyalash va ularga ishonch bag‘ishlashning muhim poydevori bo’ladi.

Bundan tashqari, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, fintex va startaplarga yo‘l ochish, “ochiq banking” ekotizimini joriy etish orqali kelgusi yillarda startaplarga investitsiya hajmini 10 barobar oshirish maqsad qilingan.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yoshlar startap tashabbuslarining qo‘llab-quvvatlanayotgani yoshlar biznesini rivojlantirish bilan birga, ularning ta’limi va salohiyatini yuksaltirishga ham xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek:“E’tibor bering, yetti oyning o‘zida startaplarga rekord miqdorda — 264 million dollar xorijiy investitsiya keldi. Bu 2024 yil davomida kirgan sarmoyalardan 4 barobar ko‘p. Shu bois startaplarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada jonlantiramiz”.

Ushbu raqamlar va yondashuvlar davlatimizning innovatsion iqtisodiyot sari qat’iy qadamlari natijasidir. Quvonarlisi yurtimiz yoshlarining bilim va g‘oyalari xalqaro miqyosda qiziqish uyg‘otmoqda.

Eng muhim jihat esa, Davlat rahbari ilgari surgan yangi tashabbuslar bugunning o‘zida amaliy kuchga kirdi — tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga doir barcha vazifalarni ijrosini ta’minlash maqsadida maxsus Farmon e’lon qilindi.

Bunday tashabbuslar O’zLiDeP maqsad va g‘oyalariga to‘la mosdir. Chunki partiyamizning asosiy elektorati — mahalliy va xususiy tashabbuslarning tashabbuskorlari bo‘lgan tadbirkorlar. Biz ularning manfaatlarini ifoda etib, biznes muhitini yaxshilash, xususan, ta’lim sohasida ham ularni faol ishtirokchiga aylantirishni ustuvor vazifa deb bilamiz.

Tadbirkorlikni rivojlantirish yurtimiz taqdiri uchun mas’uliyatli va strategik ishdir. Bunday ezgu tashabbuslarni qo’llab-quvvatlash esa Parlament zimmasidagi muhim vazifadir.

Shahnoza XOLMAXAMATOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?