Asosiy kontentga o‘tish
Yakshanba 06-sentyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Yoshlar — bugungi qarorlar va ertangi taraqqiyot ishtirokchilari

05.09.2026
85

Samarqandda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan yosh parlamentariylarning bir maydonda jam bo‘layotgani oddiy xalqaro tadbir emas. Bu — yoshlarning fikri, tashabbusi va pozisiyasi global siyosatda tobora muhim o‘rin egallayotganining yaqqol belgisidir. Bugungi yoshlar dunyodagi jarayonlarni chetdan kuzatib turuvchi emas, balki o‘z tashabbusi, bilimi va qat’iy pozisiyasi bilan kelajakni shakllantiruvchi avloddir.

Bugun urushlar, iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy tengsizlik, raqamli xavfsizlik, ta’lim va bandlik kabi masalalar yoshlarning hayotiga bevosita ta’sir qilmoqda. Prezidentimiz konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida dunyo bo‘ylab 500 milliondan ziyod bolalar va yoshlar qurolli mojarolar hududida yashayotganini qayd etdi. Bu raqam tinchlik, xavfsizlik va yoshlarning huquqlarini ta’minlash masalasiga yanada jiddiy yondashish zarurligini ko‘rsatadi.

O‘zbekistonda yoshlar bilan muloqotning yangi formati shakllanmoqda. Yoshlar bugun tayyor qarorlarni eshitadigan auditoriya emas, balki muammolarni muhokama qiladigan, taklif va tashabbuslarini ilgari suradigan faol kuchdir. Yoshlar parlamentlari esa qonun ijodkorligi, parlament nazorati, fikrni asoslash va jamoatchilik bilan muloqot qilish ko‘nikmalarini shakllantiradigan muhim amaliy maktab vazifasini bajarmoqda.

O‘zLiDeP uchun ham tashabbuskor, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mustaqil fikrlaydigan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biridir. Yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish, zamonaviy kasblarni egallashi, munosib bandligini ta’minlash va iqtisodiy faolligini oshirish mamlakatimizning uzoq muddatli raqobatbardoshligi bilan bevosita bog‘liq. 2024 yilgi saylovlarda 200 ga yaqin yoshning vakillik organlariga saylangani ham yoshlarga bo‘lgan ishonch va imkoniyatlar kengayib borayotganidan dalolatdir.

Samarqand konferensiyasidan kutayotgan eng muhim natijam — turli mamlakatlar yosh parlamentariylari o‘rtasidagi hamkorlik tadbir bilan cheklanib qolmasligi. Qonunchilik tashabbuslari, yoshlar tadbirkorligi, zamonaviy bandlik, inson huquqlari va demokratik islohotlar bo‘yicha doimiy muloqot va hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish muhim. Chunki bugungi muammolar chegara bilmaydi, ularning yechimlarini ham hamkorlikda izlashimiz kerak. Yoshlar nafaqat kelajak haqida gapiradigan, balki bugun qaror qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etadigan kuch bo‘lishi lozim.

Otabek Sobitov,
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi a’zosi,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi

Saytni yangi dizayni yoqdimi?