Yoshlar muloqotida – ertangi kun g‘oyalari
O’zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi tashabbusi bilan Ichki ishlar vazirligi Xorazm akademik liseyi majlislar zalida “Biz bir millat uchun, bir xalq uchun birlashaylik!” shiori ostida yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Muloqotda yoshlarning orzu-intilishlari, ularni qiziqtirgan masalalar va yangi g‘oyalari tinglandi. So‘zga chiqqanlar yoshlar mamlakat taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi ekanini ta’kidlab, ularning zamonaviy bilimlar egallashi, innovasion tashabbuslari va ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdilar.
Shuningdek, yoshlarning huquqiy ongi va siyosiy faolligini oshirish, salbiy illatlardan asrash hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr almashildi.
Uchrashuvda yoshlarga grant va loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etish yo‘llari haqida ham atroflicha ma’lumot berildi.
Yoshlar esa o‘z taklif va tashabbuslari bilan chiqishdi. Xususan, ular fikr va g‘oyalarni keng jamoatchilikka yetkazish uchun maxsus onlayn platforma yaratish, iqtidorli yoshlarni xorijda amaliyot o‘tashga yo‘naltirish, moliyaviy savodxonlik darslarini joriy etish kabi muhim takliflarni ilgari surishdi.