Jizzaxning ishbilarmon ayoli Xitoydan 10 mln. AQSH dollarlik investitsiya kiritib, 250 nafar ish o‘rni yaratmoqchi
Jizzax viloyatida “Ishbilarmon ayol – 2025” ko‘rik-tanlovining respublika hududiy bosqichi tantanali tarzda bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ko‘rik-tanlovning mahalla bosqichida viloyatning 309 ta mahallasida istiqomat qiluvchi qariyb 1000 nafar ayol ishtirok etgan bo‘lsa, tuman (shahar) bosqichlarida 386 nafar turli sohalarda faoliyat yuritayotgan ishbilarmon ayollar o‘z imkoniyatlarini namoyish etdilar. Eng munosib nomzodlar esa viloyat bosqichiga yo‘llanma oldilar.
Taҗribali hakamlar hay’ati uchun g‘olibni tanlash oson kechmadi. Uzoq bahs va tortishuvlardan so‘ng Gʻallaorol tumanidagi “Shabnam Texstil” MCHJ rahbari Gulbahor Murotova 2025 yilning Jizzax viloyatidagi “Eng ishbilarmon ayoli” deb topildi.
Ikkinchi o‘rin Zarbdor tumanidagi “Zirapcha” MCHJ rahbari Komila Jo‘rayevaga, uchinchi o‘rin esa Jizzax shahridagi “Elsevar Diyor” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Mavjuda Ibragimovaga nasib etdi.
— Yurtimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlardan unumli foydalanmoqdamiz. Jamiyatimiz bolalar va kattalar uchun trikotaj mahsulotlari hamda oyoq kiyim ishlab chiqaradi. Shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘yganmiz. Yillik daromadimiz 1 milliard so‘mdan oshdi. Rejalarimiz yanada ulkan. Xitoydan 10 million AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb qilgan holda, yangi zavod qurish ishlarini olib bormoqdamiz. Bu esa 250 nafar yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatini beradi, — dedi tanlov g‘olibi Gulbahor Murotova.
Tanlovda turli nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi. Ular tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.