Dushanba 30-Dekabr 2024-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish
  • Bosh sahifa
  • Partiya haqida
  • Partiya saylovoldi dasturi

Partiya saylovoldi dasturi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati –

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining

I Kongressida (2024-yil 7-sentabr kuni) tasdiqlangan

TADBIRKORLAR VA ISHBILARMONLAR HARAKATI –

O‘ZBEKISTON LIBERAL-DEMOKRATIK PARTIYASINING

SAYLOVOLDI DASTURI

ERKIN VA FAROVON, QUDRATLI YANGI O‘ZBEKISTONNI BIRGALIKDA QURAMIZ!

XALQIMIZ FAROVONLIGI UCHUN 5 MAQSAD VA 500 VAZIFA

Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali har bir inson, oila va jamiyat farovonligiga erishamiz

Sifatli ta’lim, tibbiyot va kuchli ijtimoiy himoyani ta’minlaymiz

Aholiga qulay atrof-muhit sharoitlarini yaratamiz

Xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etamiz

Mamlakatimiz suvereniteti va xavfsizligini kafolatlaymiz

Barchamiz birgalikda kelajakka ishonch bilan intilib, butun diqqat-e’tiborimizni oldimizda turgan vazifalarni hal etishga qaratishimiz, xalqimiz kutayotgan, davrning o‘zi talab etayotgan yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surishimiz lozim.

Shavkat MIRZIYOYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Aziz vatandoshlar!

Sizu biz tug‘ilib o‘sgan O‘zbekiston bu olamda bitta, yagonadir! Bizga boshqa joyda Vatan yo‘q, ona makon yo‘q. Demak, ona yurtni muqaddas, Vatanni tenglar ichra teng, qudratli, erkin va farovon mamlakatga aylantirish bizning insoniy burchimiz, farzandlik vazifamizdir.

Kelgusi avlodlarimiz bizga ana shu muqaddas burchni, sharafli vazifani qanday uddalaganimizga qarab baho beradi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, O‘zbekiston ahli bugun bor kuch-qudrati, aqlu zakovatini to‘la ishga solib, yurtimizni yuksaltirmog‘i, o‘zi ham har jihatdan yuksalmog‘i kerak!

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida qisqa vaqt davomida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmandlarga ko‘maklashish, ochiqlik siyosatini yuritish, mamlakat iqtisodiyoti va xalqaro maydondagi nufuzini oshirish bo‘yicha qisqa muddat ichida tarixiy islohotlar amalga oshirilganligini e’tirof etgan holda bu boradagi xayrli ishlarni izchil va qat’iy davom ettirish jonajon O‘zbekistonni yuksaltirishning yagona to‘g‘ri yo‘li deb hisoblaydi.

Mana shu ulug‘vor yo‘lda birlashib, sizga murojaat qilayotgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev partiyaning VIII syezdida e’lon qilgan Saylovoldi dasturi hamda “O‘ZBEKISTON – 2030” strategiyasini to‘liq amalga oshirish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan yetakchi siyosiy kuchdir.

Partiya ona Vatanimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi insonga, uning erkin hayoti, qadr-qimmati va farovonligiga qaratilganini e’tirof etadi. Biz bugun xalqimiz va davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va biznes hamjamiyati hayotning barcha jabhalarini erkinlashtirish, “O‘ZBEKISTON – 2030” strategiyasida belgilangan 100 ta muhim maqsadga erishishdek ezgu niyat atrofida jipslashayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Xalqimiz irodasi bilan 2023-yil 30-aprelda o‘tkazilgan referendumda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi Yangi O‘zbekistonni barpo etishning mustahkam huquqiy asoslarini yaratib berdi.

Shu bilan birga, yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitda mamlakat taraqqiyotini yanada jadallashtirish bugungi davr talabidir.

Insonlarimiz farovon hayot kechirishi, farzandlarimiz sifatli ta’lim va tibbiyotdan bahramand bo‘lishi, xotin-qizlarimiz va nuroniylarimiz, jamiki yurtdoshlarimiz baxtli yashashi, xalqimiz dasturxoni to‘kin bo‘lishi hamda ertangi kunimiz yorug‘ bo‘lishi uchun partiya o‘z oldiga quyidagi 5 aniq maqsad bo‘yicha 500 vazifa qo‘yadi:

Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali har bir inson, oila va jamiyat farovonligiga erishish;

Sifatli ta’lim, tibbiyot va kuchli ijtimoiy himoyani ta’minlash;

Aholiga qulay atrof-muhit sharoitlarini yaratish;

Xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish;

Mamlakatimiz suvereniteti va xavfsizligini kafolatlash.

I. BARQAROR IQTISODIY O‘SISH ORQALI HAR BIR INSON, OILA VA JAMIYAT FAROVONLIGIGA ERISHAMIZ

Yangilangan Konstitutsiyada qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit yaratish, tadbirkorlik faoliyati erkinligining huquqiy kafolatlari yaratildi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda biznes yuritish ko‘lami hali zamon talabi darajasida emas, tarmoqlarning imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmayapti, aholi roziligiga erishish yo‘lida tezkor hal etilishi shart bo‘lgan muammolar talaygina.

Shu bois, partiya barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlashning samarali yechimlarini taklif qiladi.

Yalpi ichki mahsulot hajmi 2030-yilga borib 160 milliard dollarga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad esa 4 ming dollarga yetkaziladi. Shu tariqa O‘zbekiston dunyoning daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlari qatoriga kirishi uchun mustahkam asos yaratiladi.

O‘zbekistonni tadbirkorlar mamlakatiga aylantiramiz – tadbirkorlar sonini 3 million nafardan oshirish uchun barcha zarur choralarni ko‘ramiz.

Barqaror ish joylarini yaratib, kambag‘allikni qisqartiramiz

Kelgusi besh yillik yakunida yurtimizdagi kambag‘allik ko‘lamini ikki karra kamaytirish ustuvor vazifamiz bo‘ladi.

Aholini tadbirkorlikka jalb qilishning mahallabay dasturlarini ishlab chiqishni partiyamiz o‘zining eng muhim vazifasi qilib belgilaydi.

Tuman, shahar, mahallalarning alohida master-rejalari ishlab chiqiladi, tadbirkorlik ommaviy tus olishiga erishiladi. Ishsizlikning past darajaga tushishiga erishiladi.

Kasb-hunarga o‘qitish ko‘lami har yili ikki baravar oshirilib, besh yilda kamida 1 million fuqaro bozori chaqqon kasblarga o‘rgatiladi. Nodavlat ta’lim muassasalari ishtiroki 30 foizdan oshiriladi va monomarkazlar barcha tuman(shahar)larda tashkil qilinadi.

Maktab bitiruvchilariga davlat tomonidan kamida bir kasbni egallashiga ko‘maklashuvchi tizim joriy etiladi.

Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida imtiyozli kredit hajmlari har yili 30 foizga oshirib boriladi.

Ijtimoiy tadbirkorlik yanada rag‘batlantiriladi, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini ish bilan ta’minlab kelayotgan tadbirkorlarga mol-mulk va yer solig‘idan imtiyozlar beriladi. Og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqarolar uchun kredit ta’tillari berish tizimini joriy etamiz.

Ichki mehnat migratsiyasini rivojlantirishga e’tibor qaratamiz. Bandlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash manbalari kengaytiriladi.

Xususiy bandlik agentliklari tizimini rivojlantiramiz.

Yangi foydalanishga kiritiladigan yerlarni aholiga bo‘lib berishni taklif etamiz.

Davlatning iqtisodiyotga aralashuvini cheklaymiz, qulay biznes, investitsiya va raqobat muhitini shakllantiramiz

Biz iqtisodiyotda davlat ishtirokini keskin qisqartirish, davlat mulkini xususiylashtirish orqali xususiy sektor ulushini oshirish, monopol sohalarni bozor tamoyillariga o‘tkazish tarafdorimiz.

Davlat organlari mansabdor shaxslarining tadbirkorlik faoliyatiga, shu jumladan, fermerlar faoliyatiga (hosilni tasarruf etish, narx belgilash va b.) aralashuvini qat’iy taqiqlash uchun barcha zarur choralarni ko‘ramiz.

Tadbirkorlar faoliyatiga har qanday noqonuniy usulda aralashganlik uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini kuchaytiramiz. Qonuniy faoliyat yuritayotgan va soliqlarni o‘z vaqtida to‘layotgan tadbirkorlarni tekshirmaslikni ta’minlash tarafdorimiz.

Xususiy mulk daxlsizligini buzish, qonuniy talablarga rioya etmagan holda yer uchastkalarini olib qo‘yish, mol-mulkka zarar yetkazish uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytiramiz.

Tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat turlarini kamaytirish, mazkur sohani liberallashtirish tarafdorimiz. Biznes yuritishni yanada soddalashtirish, 1000 ga yaqin byurokratik talablarni bekor qilish choralarini ko‘ramiz.

Litsenziyalar sonini ikki baravarga kamaytiramiz, litsenziya bekor bo‘ladigan 60 ta faoliyat uchun xabardor qilish tizimini joriy etamiz.

Yashirin iqtisodiyot illati bilan biznesga to‘siq yaratmaydigan vositalar orqali murosasiz kurashamiz.

Xususiy sektordagi ish beruvchilarning mehnat qonunchiligidagi xodim oldidagi majburiyatlarini soddalashtiramiz.

Jahon savdo tashkilotiga kirishni jadallashtirish uchun, xususan, tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar adolat, tenglik nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqiladi.

Samarasiz korxonalar davlatdan qo‘shimcha yordam olmasdan, xususiy sektor kabi “o‘z aravasini o‘zi tortishi” tarafdorimiz.

Suv xo‘jaligi, ekologiya, energetika sohalarida davlat-xususiy sheriklik loyihalari amalga oshirilishini kengaytirish tarafdorimiz.

Yo‘l qurilishi, gaz va elektr yetkazib berish sohalariga xususiy biznesni keng jalb etish tashabbusi bilan chiqamiz.

Kelgusi 5 yilda iqtisodiyotda nodavlat sektor ulushini 85 foizga yetkazish bo‘yicha barcha zaruriy choralarni ko‘ramiz.

Davlat ulushi mavjud korxonalar sonini 6 barobarga kamaytirish zarur, deb hisoblaymiz.

Davlat xaridlarida shaffoflikni oshirish va unda kichik biznes ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun izchil takomillashtiriladi.

Kelgusi yillarda 250 milliard dollarlik, jumladan, 110 milliard dollar xorijiy investitsiyalar va 30 milliard dollar davlat-xususiy sheriklik doirasidagi investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilishini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Bank bozoriga nufuzli chet el banklari kirib kelishi, nobank moliyaviy xizmatlarini kengaytirish uchun zarur imkoniyatlar yaratiladi.

Fond bozori hajmi 10 milliard dollarga yetkaziladi. Aksiyalarining birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi o‘tkaziladigan korxonalar ro‘yxati kengaytiriladi.

“Kapital bozorini rivojlantirish to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish zarur, deb hisoblaymiz.

Kriptoaktivlar bozorini rivojlantirish va sohadagi qonunchilikni liberallashtirish bo‘yicha aniq choralar ko‘ramiz.

Xususiy jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi tashkil etilishi uchun barcha qonuniy asoslar yaratilishini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Investitsiya kodeksini ishlab chiqishni taklif qilamiz.

Xorijiy sarmoyadorlar uchun yerlarni ijaraga berish muddatini 25 yildan 49 yilgacha uzaytirish tashabbusini ilgari suramiz.

“Venchur investitsiyalar to‘g‘risida”gi va “Kraudfanding to‘g‘risida”gi yangi qonunlarni ishlab chiqishni taklif qilamiz.

“Tadbirkorlik kodeksi” qabul qilinishini jadallashtiramiz.

Biz barqaror, sodda va adolatli soliq siyosati tarafdorimiz!

Soliq ma’murchiligi tizimini soddalashtirish, barcha tadbirkorlar uchun soliqni to‘lash borasida adolatli va teng sharoitlar yaratish, soliq stavkalarining o‘zgarmasligini ta’minlovchi siyosat yuritilishi yo‘nalishida ish olib boramiz.

Soliq hisobotida inson omili ta’sirini keskin kamaytirish choralarini ko‘ramiz.

Aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilar uchun tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami daromad miqdori chegarasini BHMning 5 ming barobari darajasida belgilashni taklif etamiz.

Soliq kodeksi va boshqa me’yoriy hujjatlardagi tadbirkorlik subyektining QQS to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi uchun ayrim talablarni bekor qilish, onlayn nazorat kassa mashinalarining dasturiy ta’minotini davlat tomonidan yuritilishini joriy etish orqali tadbirkorlar ulardan foydalangani uchun undiriladigan har oylik to‘lovni maqbullashtirish tarafdorimiz.

Sanoat tarmoqlari va zamonaviy servisni iqtisodiyot drayveriga aylantiramiz

Ilg‘or texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish va shu orqali sanoat mahsulotlari hajmini 1,4 barobarga, mehnat unumdorligini 2 barobarga oshirish, 115 milliard dollarlik yirik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘ramiz.

Sanoatda tannarxni kamaytirish siyosatini olib boramiz.

Maxsus sanoat zonalarini xorijiy kompaniyalarga autsorsing asosida boshqaruvga beramiz.

Avtomobil ishlab chiqarish hajmini yiliga 1 million donaga yetkazish choralari ko‘rilishi elektoratimiz xohish-istagiga hamohangdir.

O‘zbekistonni mintaqaviy “to‘qimachilik xabi”ga aylantirish uchun sohadagi tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz. S

anoatda qo‘shilgan qiymat hajmini 45 milliard dollarga yetkazish va 2,5 millionta yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘riladi.

Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi moliyalashtirish imkoniyatlarini 1 milliard dollardan oshirish tarafdorimiz.

Kichik sanoat zonalarida investitsiya majburiyatini bajargan tadbirkorlarimizga yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruxsat berishning qonuniy asoslarini yaratamiz.

Salohiyatli tadbirkorlarga kichik va yoshlar sanoat zonalaridan 10 yilgacha bo‘lib to‘lash imtiyozi bilan yer ajratilishi tarafdorimiz.

Eksport salohiyatini yuksaltiramiz

Eksport hajmi 45 milliard dollarga yetkaziladi.

Biz “Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” g‘oyasi tezroq amalga oshishida yetakchi kuch bo‘lamiz.

50 ta nufuzli xorijiy brend bilan maxsus eksport zonalari tashkil qilinishi, eksportchi tadbirkorlar uchun kredit foiz stavkalari kamaytirilishi borasida ish olib boriladi.

Har bir tumanda kamida mingta ish o‘rni yaratadigan 2 tadan yangi sanoat zonalarini tashkil qilish, “IT” xizmatlari eksporti 5 milliard dollarga olib chiqiladi.

Yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlovchi barqaror va samarali moliyaviy xizmatlar bozorini shakllantiramiz Partiya bu yo‘nalishda fiskal barqarorlikni ta’minlash, inflyatsiyani prognoz ko‘rsatkichlari doirasida jilovlash, asosiy turdagi tovar va xizmatlar narxlari barqarorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi. Kredit resurslari tannarxini pasaytirish orqali kredit foizlarini 3-4 bandga kamaytirish choralarini ko‘ramiz.

Yillik kreditlash hajmini 40 milliard dollarga yetkazish, iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalarining yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushini oshirib, omonatlar hajmini 4 barobarga ko‘paytiramiz. Infratuzilma va turizmni rivojlantiramiz Tuman markazlaridan har bir qishloqqacha 5,5 ming kilometr sement-beton yo‘llar qurilishi, aholi punktlari jamoat transporti bilan to‘liq qamrab olinishi diqqatimiz markazida bo‘ladi.

Barcha aholi punktlari ichimlik suvi bilan ta’minlanishi uchun yo‘naltiriladigan 2,5 milliard dollar mablag‘ning maqsadli sarflanishini qat’iy nazoratga olamiz. Iqtisodiyot tarmoqlari va aholini zarur energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bizning asosiy maqsadlarimizdan bo‘ladi.

Yangi O‘zbekistonda sayyohlik industriyasi kengayishi uchun rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida hududlarning turizm master-rejalari ishlab chiqiladi. Agroturizm imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida “Agroturizm – 2030” strategiyasini ishlab chiqishni taklif qilamiz.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Orolbo‘yida ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinishiga ko‘maklashamiz. Davlat-xususiy sherikligi asosida transport, yo‘l qurilishi, suv xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarga 14 milliard dollar investitsiya jalb etishga har tomonlama ko‘maklashiladi.

Yirik aeroportlar modernizatsiya qilinishi, xususiy aviakompaniyalar soni yanada ko‘payishiga xayrixohmiz.

Yo‘llarni rekonstruksiya qilish va saqlash uchun xususiy sektorni jalb qilish tarafdorimiz.

Biz tartibsiz urbanizatsiya jarayoniga barham berish, uni yaqin va olis kelajakni jiddiy hisobga olgan holda tizimga solish kerak, deb hisoblaymiz. Shu maqsadda barcha aholi punktlarining bosh rejalari tayyorlanadi.

Obyektlar ijtimoiy-iqtisodiy hamda demografik o‘sishni hisobga olgan holda joylashtiriladi.

Renovatsiya dasturlarini amalga oshirish avariya holatidagi ko‘p qavatli turar joylarni yangilashda muhim o‘rin tutishini e’tirof etamiz.

Ayni paytda bu dasturlar fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga tegishli bo‘lgan yakka tartibdagi turar joylar hamda noturar joylar daxlsizligiga rahna solmasligi shart.

Biz renovatsiya to‘g‘risida ishlab chiqilayotgan qonunda uy-joy mulkdorlari, tadbirkorlarning mulk huquqi va qonuniy manfaatlari mutlaq kafolatlanishi tarafdorimiz.

Toki, mulkdorning roziligisiz mulk taqdiri bilan bog‘liq hech qanday qaror qabul qilinmasin. Ushbu yo‘nalishda ham ta’sirchan parlament va jamoatchilik nazoratini olib boramiz.

Yo‘l-transport hodisalarini kes­kin kamaytirish uchun yo‘l infratuzilmasini tubdan yaxshilash va yo‘l belgilarini to‘g‘ri va zaruriy joylarga o‘rnatish muhim, deb hisoblaymiz. Shaharlarda tirbandlikning oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida avtoturargohlar qurish uchun yer uchastkalarini xususiy tadbirkorlarga berish tarafdorimiz.

Qishloq va ovullarni Internet bilan to‘liq qamrab olib, uning tezligini 10 karra oshiramiz. Irrigatsiya, drenaj tizimi, chiqindini qayta ishlash, ijtimoiy obyektlarda energiya va issiqlik ta’minoti tizimini boshqarishga davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy etamiz. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlaymiz va agrar sohani rivojlantiramiz Bu borada aholining sifatli oziq-ovqat mahsulotiga bo‘lgan talabini to‘la qondirish va ichki bozorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlari barqarorligiga erishish – bosh vazifamiz.

Qishloq xo‘jaligida 1 gektar yerdan olinadigan o‘rtacha daromadni 5 ming dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz. Foydalanilmayotgan maydonlarni o‘zlashtirish hisobiga 300 ming gektarda intensiv bog‘ va uzumzorlar barpo etish tarafdorimiz.

Har bir mahallada yetishtirilgan mahsulotlarni qabul qilish, saralash, saqlash, qayta ishlash va sotishga ko‘maklashuvchi shoxobchalar tashkil etishni qo‘llab-quvvatlaymiz. Dehqon xo‘jaliklari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishning huquqiy asoslarini yaratamiz.

Yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash uchun 2,5 million tonna quvvatga ega bo‘lgan 100 ta agrologistika markazini tashkil qilamiz.

Organik mahsulot yetishtirayotgan fermer xo‘jaliklari uchun soliq imtiyozlarini joriy etish kerak, deb hisoblaymiz.

Sohada eksportni yiliga 10 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etamiz. Biz qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishlariga mos holda rivojlantirish, tuproq va yaylovlar degradatsiyasining oldini olish yuzasidan Milliy dastur qabul qilinishi tarafdorimiz.

Sohaga 15 milliard dollar investitsiyalar jalb etishni ta’minlash tashabbusini amalga oshirishga ko‘maklashamiz.

Fermer va dehqonlarning huquqlarini himoya qilishda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining imkoniyatlarini kengaytirishni taklif etamiz.

Fermer va dehqonlarga imtiyozli kreditlarni ajratish, ularning qaytarish muddatlarini mavsumiylikdan kelib chiqqan holda belgilashni taklif qilamiz. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini haqiqiy bozor aktiviga aylantirish, ijara huquqini bo‘lib sotish, undan garov predmeti sifatida foydalanish uchun qonuniy bazani takomillashtiramiz.

“Agrosanoat klasterlari to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqamiz.

Qishloq xo‘jaligi ekinlari va chorva mollarini sug‘urtalash tizimining huquqiy asoslarini takomillashtiramiz.

Xorijdan serhosil, kasalliklarga chidamli o‘simlik urug‘lari, ko‘chatlari olib kirilishi yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash choralarini ko‘ramiz.

Raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellektga e’tibor qaratamiz Raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalarni rivojlantirish, sun’iy intellektdan unumli foydalanishni rag‘batlantiruvchi huquqiy va moliyaviy sharoitlarni yaratish, raqamli sanoatni jadal rivojlantirish dasturlari qabul qilinishini taklif qilamiz.

Raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan korxonalarning eksport faoliyatini jadallashtirish diqqatimiz markazida bo‘ladi. “Chip sanoati”, sun’iy intellekt, nanotexnologiyalar va shu kabi ilg‘or tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqamiz.

Biz sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va qo‘llash, raqamli ma’lumotlarni qayta ishlashning umumiy tamoyillari va me’yorlari, standartlari va qoidalarini o‘rnatishni maqsad qilganmiz.

Taksi haydovchilaridan taksi kompaniyalar (elektron taksi xizmatlari) foydasiga ushlanadigan komissiya stavkalari miqdorlarini tartibga solamiz.

II. SIFATLI TA’LIM, TIBBIYOT VA KUCHLI IJTIMOIY HIMOYANI TA’MINLAYMIZ

Yangilangan Konstitutsiyamizda O‘zbekiston “ijtimoiy davlat” deb e’lon qilindi, uning ijtimoiy majburiyatlari uch barobarga ko‘paydi.

Keyingi yillarda ijtimoiy davlat tamoyillarini amalda qo‘llash, ta’limning barcha bosqichlariga qamrov va sifat darajasini oshirish, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish yo‘nalishlarida ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Biroq hali sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalar mavjud.

Sifatli ta’limga erishamiz Biz, ta’lim va intellektual rivoj­lanish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston dunyodagi yetakchi mamlakatlar qatoriga kirishi zarur, deb hisoblaymiz.

Maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qondirishni kafolatlaymiz. Bunda davlat-xususiy sheriklik va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari birinchi navbatda qo‘llab-quvvatlanadi.

Ota-onalar fikri inobatga olinib, barcha bog‘chalarni kompyuter sinfi bilan ta’minlanishiga e’tibor qaratamiz.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagog xodimlarining o‘rtacha ish haqini 2 barobar oshirish choralarini ko‘ramiz.

Umumiy o‘rta ta’lim maktabla­rida 153 mingdan ortiq sinf rahbarlari uchun to‘lanadigan mablag‘ miqdorini ko‘paytirishni taklif qilamiz.

Kelgusi yillarda Maktablarni rivojlantirish davlat dasturini joriy etish diqqatimiz markazida bo‘ladi. 2030-yilga qadar qo‘shimcha 2,5 mln o‘quvchi o‘rnini yaratish, ta’lim sifatini tubdan yaxshilashni asosiy vazifalarimizdan biri sifatida ko‘ramiz.

Nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 2 barobarga oshirilib, ular faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 1 trillion so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Davlat tashkilotlaridan mustaqil bo‘lgan va xolisona baholaydigan nodavlat “ta’lim auditi” tizimi joriy qilini­shiga erishamiz. Maktablar o‘rtasida o‘tkaziladigan barcha tanlovlar va tadbirlarda nodavlat maktablarining ham ishtirokini ta’minlash tarafdorimiz.

Partiyamiz respublika va xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarning o‘qituvchilari uchun beriladigan mukofotlar hajmi yanada oshirilishi ustida ish olib boradi. Kutubxonalar fondini boyitish va to‘liq raqamlashtirish ham yuqoridagi maqsadlarimizga muvofiq keladi.

Partiyamiz bog‘chalar va maktablarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda ularni kanalizatsiya tarmog‘iga ulash yoki lokal kanalizatsiya tizimlarini o‘rnatish masalalari nazoratini o‘z zimmasiga oladi.

Professional ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirishga erishamiz. 2030-yilgacha bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘lami 50 foizga yetkazilishi uchun barcha choralarni safarbar qilamiz.

Jahondagi “Top-500”dagi xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma o‘quv dasturi va “ikki diplomli tizim”ni joriy etish oliy ta’lim tizimi takomillashuviga xizmat qiladi.

Yoshlarimizni “Top-100” global ro‘yxatga kirgan universitetlarda ta’lim olishi uchun valyutada uzoq muddatli va imtiyozli kreditlar berish amaliyotini joriy etamiz.

Kelgusi yillarda oliy dargohlar uchun qo‘shimcha 120 ming o‘rinli o‘quv binolari va 150 ming o‘rinli talabalar turar joylarini qurish borasidagi vazifalar ijrosini nazoratga olinishini ta’minlaymiz.

Oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish va ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazishga erishamiz.

Ilm-fanga yo‘naltirilgan mablag‘larni yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 2030-yilgacha 10 barobar oshirishga erishamiz.

40 yoshgacha bo‘lgan tadqiqotchilarning ulushini kamida 60 foizga yetkazish, ilmiy xodimlarning ish haqini o‘rtacha 2 barobarga oshirish borasidagi tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlaymiz.

Har bir million aholiga to‘g‘ri keladigan ilmiy tadqiqotchilar sonini 2 ming nafarga yetkazish uchun zarur sharoitlarni yaratamiz.

Biotexnologiya, sun’iy intellekt va boshqa yuqori texnologik yo‘nalishlarda iste’dodli yoshlarni eng nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlariga davlat hisobidan o‘qishga yuborish bo‘yicha 200 million dollarlik dasturlarni amalga oshirishni muhim, deb hisoblaymiz.

O‘zbekiston Global Innovatsion Indeksda Top-50 talik mamlakatlar qatoriga kirishini ta’minlash yuzasidan barcha choralarni ko‘ramiz.

Yangi innovatsion ishlanmalar sonini 2 baravar oshirish, bu ishlanmalarni tijoratlashtirish choralarini ko‘ramiz. Jamiyatni ma’rifiy yuksaltirishga intilamiz Biz Yangi O‘zbekistonni yuksak madaniyat va ma’naviyatga ega bo‘lgan, erkin, baxtli insonlar yashaydigan mamlakatga aylantirish uchun butun kuch hamda imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Shu munosabat bilan “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasi va uni amalga oshirish milliy dasturi ishlab chiqiladi.

Ilm ahli va ijodkor ziyolilarga doimiy e’tibor qaratish, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, mehnat va yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan ishlar davom ettiriladi.

Madaniyat va sport muassasalari, kutubxonalar, teatr va muzeylarning moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash yuzasidan kompleks tadbirlar amalga oshiriladi.

Malakali tibbiyotni ta’minlaymiz

Sog‘lom xalq, sog‘lom millatgina buyuk ishlarga qodir. Aholi o‘rtasida kasalliklarni keskin kamaytirish, sog‘lom turmush tarzini faol joriy etish, o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 78 yoshga yetkazish kabi eng muhim vazifalar bo‘yicha barcha imkoniyatlarni ishga solamiz.

Kelgusi besh yilda byudjetdan tibbiyotga ajratiladigan yillik mablag‘ hajmini kamida 2 karra oshirish, ya’ni 6 milliard dollarga yetkazishni asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilaganmiz.

Asosiy e’tiborni kasalliklar profilaktikasiga qaratamiz.

Kelgusi yillarda onalar va bolalar o‘limi, bolalar o‘rtasidagi irsiy kasalliklarni kamida 2 barobarga qisqar­tirish, onkologik, yurak-qon tomir, qandli diabet bo‘yicha erta o‘limni esa 2,5 barobarga kamaytirishga bor kuchimizni safarbar etamiz.

Xotin-qizlar o‘rtasida onkologik kasalliklarni kamaytirish maqsadida 40 yoshdan oshgan ayollar uchun tegishli davriylikda tibbiy ko‘rikdan o‘tish joriy qilinadi.

Kafolatlangan bepul tibbiy yordam, uning aniq hajmining huquqiy asoslarini ishlab chiqamiz.

“Tibbiy sug‘urta to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqishni tez­lashtiramiz.

Partiya sog‘liqni saqlash tizimi to‘liq raqamlashtirilishini kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan biri, deb hisoblaydi.

Fuqarolarga tibbiy xizmatlar uchun kreditlar ajratish tizimi joriy qilishni taklif etamiz.

Salomatlikni tiklash uchun bankdan imtiyozli 3 yil muddatdagi kredit olish imkoniyatini yaratish kerak.

Yuragida nuqsoni bor 5 ming bolani va ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish ehtimoli yuqori bo‘lgan 10 ming chaqaloqni har yili bepul davolash choralari ko‘riladi.

Onkologik bemorlar davolanishi, sog‘ayib ketishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi, ularning odatiy hayotga qaytishiga ko‘maklashiladi.

Ehtiyojmand oilalarning onkologik kasalligi bor farzandlariga o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish xarajatlari to‘liq davlat hisobidan qoplanadi.

Partiya nodavlat tibbiyot muassasalariga aholining hayoti, sog‘ligi va sanitariya-epidemiologik xotirjamligi uchun yuqori darajadagi xavf-xatar bilan bog‘liq tibbiy faoliyat turlaridan boshqa barcha tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga, murakkab operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat berish va litsenziyalash tartibini yanada soddalashtirishni taklif etadi.

Chekka hududlarda ta’lim va sog‘liqni saqlash tashkilotlaridagi yuqori malakali mutaxassislar uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish, qo‘shimcha ta’til kunlari, sayohat uchun to‘lovlar, uy-joy ijarasini o‘z ichiga olgan “Ijtimoiy paket” tizimini joriy etishni taklif etamiz.

Shifokorlarni xorijiy mamlakatlarga tajriba almashish uchun davlat hisobidan yuborishda nodavlat tibbiyot tashkilotlari shifokorlari uchun ham kvotalar ajratishni taklif qilamiz.

Davlat tibbiy sug‘urtasi bilan birga nodavlat tibbiy sug‘urta tizimini joriy etishni muhim tashabbus sifatida ilgari suramiz. Shu tariqa tibbiyotda xususiy sektorning ulushini 25 foizga yetkazish choralari ko‘riladi.

Mamlakatga sifatsiz va inson hayoti uchun xavfli dori vositalari olib kirilishiga qat’iy chek qo‘yiladi.

Zamonaviy farmasevtika klasterlari hamda zonalari tashkil etiladi, mavjudlari faoliyatining samaradorligi oshiriladi.

Fuqarolarni maqbul uy-joy bilan ta’minlashga erishamiz “Har bir oila o‘z uyiga ega bo‘lsin” degan shiorni amalga tatbiq etamiz!

Kelgusi yillarda qo‘shimcha uy-joy qurilishi sohasiga 15 milliard dollar mablag‘larni yo‘naltirish orqali 1 million xonadonli uy-joylar qurilishiga alohida e’tibor qaratamiz.

Qurilish-pudrat tashkilotlari hamda aholiga imtiyozli va uzoq muddatli kreditlar berilishi bo‘yicha tizimli ish olib boramiz.

Uch va undan ortiq farzandi bor 35 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga uy-joy sotib olish uchun imtiyozli ipoteka kreditlari ajratilishiga erishamiz.

Yangi uy-joy sotib olgan fuqarolarga qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmi qaytarib beriladigan tizim joriy etiladi.

Qurilishda yashirin iqtisodiyotga barham beriladi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari tizimli davom ettiriladi.

Munosib ijtimoiy xizmatlar tarafdorimiz “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyiliga asoslanib, ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiramiz. Bu borada Ijtimoiy himoya milliy agentligining vakolatlari va faoliyat ko‘lami yanada kengaytiriladi. Maosh oluvchi fuqarolarni mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 barobarigacha daromad solig‘idan ozod etilishiga eri­shamiz.

Elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha belgilangan ijtimoiy normalar miqdorlarini mavsumiylik, xonadon a’zolarining ijtimoiy himoya reyestriga kiritilganligi va oilalar sonidan kelib chiqib, qayta ko‘rib chiqishni taklif qilamiz.

Energiya ta’minoti sohasidagi moliyaviy hisobotlarda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash muhim, deb hisoblaymiz.

Nogiron shaxslarni qo‘llab­quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar davom ettiriladi.

Ortopediya, reabilitatsiya, tibbiyot va dori vositalarini nogiron shaxslarning o‘zi tanlaydigan, davlat esa pulini to‘lab beradigan tizim joriy etiladi.

Protez-ortopediya buyumlari bilan ta’minlash uchun yo‘naltiriladigan mablag‘lar miqdori 250 milliard so‘mga oshiriladi.

Nogironlikni belgilash jarayonlarini soddalashtirish, ortiqcha ovoragarchilikka yo‘l qo‘yilmaslik, Tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyalari bemor to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron tizimdan olishi va elektron rasmiylashtirishi kerak, deb hisoblaymiz.

Partiya nogironlikni belgilashda ijtimoiy modelga o‘tish yo‘nalishida tizimli ish olib boradi.

Ishlash istagidagi nogiron shaxslarga zarur sharoitlar yaratilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuningdek, oilasidagi nogiron shaxsga qarovchi ehtiyojmand insonlarga ish haqi to‘lash tizimini joriy qilish har ikkisining manfaatiga xizmat qiladi.

Biz nogironligi bo‘lgan shaxslarni biznesga jalb qilib, daromad topishga o‘rgatgan tadbirkorlarga yengilliklar berish tartibini kengaytirish tarafdorimiz. Sportni yanada ommalashtirishga e’tibor qaratamiz.

Kelajagimiz egalari – yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz Partiyamiz yoshlar uchun manfaatli ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirishga ko‘maklashish yo‘nalishlarida tizimli ish olib boradi.

Yoshlarni hunar va zamonaviy kasblarga, xorijiy tillarga o‘qitish, ma’naviyatini, ma’rifatini yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda “IT” sohasi va sportga keng jalb etish borasida puxta ishlangan rejalarni amalga oshiradi.

Yoshlar bandligi va ishbilarmonligini faol qo‘llab-quvvatlaymiz.

Xususan, ishsiz yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqamiz. Korxonalar buyurtmasi asosida kasbga tayyorlash amaliyotini joriy qilamiz.

Partiya har bir viloyatda kamida 100 gektar maydonda “Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi” tashkil qilinishiga erishish vazifasini o‘z zimmasiga oladi. Rejamizga ko‘ra, ushbu markazlar yoshlarimiz uchun chinakam “loyihalar fabrikasi” bo‘ladi.

Yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish uchun mikromoliyalash xizmatlarini kengaytirish va zamonaviy moliyaviy instrumentlardan keng foydalanish uchun imkoniyatlar yaratamiz.

O‘z biznesini ijaraga olingan binoda boshlayotgan yoshlarimizga bir yillik ijara xarajatining 50 foizi qoplab beriladi.

Talabalar uchun davlat tashkilotlarida ish haqi to‘lanadigan stajirovka tizimini rivojlantirish zarur, deb hisoblaymiz.

Oliy ta’lim muassasalari huzurida tashkil qilingan “Karyera va stajirovka markazlari” faoliyatini takomillashtirish tarafdorimiz.

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish maqsadida har bir mahallada “Mustaqil rivojlanish” markazlari tashkil qilinishi partiyaning yoshlarga oid siyosatiga hamohangdir.

Yoshlar o‘rtasida IT sohasini yanada ommalashtirish hamda sohada xizmatlar eksportini oshirish uchun “maktab – oliy o‘quv yurti – IT kompaniyasi”dan iborat yaxlit “IT ta’lim” va xizmatlar zanjiri yaratilishi kerak.

Yoshlar uchun maxsus uy-joylar qurish va har yili 1 mingta yosh oilaga imtiyozli ipoteka kreditlarini berishni taklif qilamiz.

Xotin-qizlarimiz o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashlari uchun barcha sharoitlarni yaratamiz Partiya uchun xotin-qizlarning huquq va manfaatlari, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, gender tenglik masalalari bundan buyon ham asosiy vazifa bo‘lib qoladi.

Jamiyatda ayollar tadbirkorligini faollashtirishga qaratilgan siyosatni izchil davom ettiramiz.

Ayollarning masofaviy mehnat va raqamli tadbirkorlik bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirishga jiddiy e’tibor qaratamiz.

Shu orqali ayollar orasidagi ishsizlik darajasi 2 marta kamaytiriladi. Boshqaruv lavozimlaridagi xotin-qizlar ulushini kamida 30 foizga ko‘paytirish tarafdorimiz.

Qiyin ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar uchun huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish xizmatini kengaytirishning institutsional va huquqiy asoslarini mustahkamlaymiz.

Tug‘uruq ta’tilidagi ayollar uchun onlayn ishlash tizimini joriy etish yuzasidan huquqiy asoslar yaratilishi bo‘yicha izchil ish olib boramiz.

Tadbirkorlik subyektlarining yopilishi natijasida ishsiz qolgan yosh bolali ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun ularni ishsizlikdan sug‘urtalash tizimini joriy qilamiz.

Yoshi ulug‘ insonlarni qo‘llab-quvvatlaymiz Keksalar sog‘ligini tiklash va mazmunli dam olishi uchun alohida dastur qabul qilish taklifini ilgari suramiz.

Mamlakatimizdagi uch milliondan ortiq nuroniylar har yili bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi, shifoxona va sihatgohlarda davolanishi, ular uchun yurtimiz bo‘ylab sayohatlar tashkil etilishiga ko‘maklashamiz.

“Keksalar salomatligini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish orqali 70 yoshdan oshgan keksalarga bepul tibbiy va zarur ijtimoiy xizmatni kuchaytirishni ilgari suramiz. Pensiya tizimini takomillashtirish orqali jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarining bir qismini fuqarolar ehtiyojlari uchun ular pensiya yoshiga yetmasidan to‘lab berish amaliyotini joriy qilamiz.

III. AHOLIGA QULAY ATROF-MUHIT SHAROITLARINI YARATAMIZ

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ekologik vaziyatni yaxshilash, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, chiqindilarning insonlar sog‘lig‘iga zararli ta’sirini oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya holati sifatini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Mamlakat miqyosida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yurtimizda 1 milliard tup ko‘chat ekilib, Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektar maydonda o‘rmonlar barpo etildi.

Mamlakatimizda keyingi olti yilda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar 700 ming gektardan oshdi.

O‘zbekistonda “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish bo‘yicha ham muhim qadamlar tashlandi. Biroq, erishilgan natijalarimiz bilan birga hali oldimizda yechimi izlanayotgan qator muammolar borligidan ham ko‘z yummasligimiz kerak.

Suv resurslaridan oqilona foydalanmaslik holatlari uchrayotganligi, shaharlarda chang-gaz miqdori me’yordan 4 baravar oshganligi, hududlarda yashil maydonlar qisqarganligi bu sohada hali qilinadigan ishlarimiz ko‘pligidan dalolat beradi.

Shu bois, ona tabiatimizni as­rab-avaylab, kelajak avlodlarga bezavol yetkazish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘ramiz.

Mazkur yo‘nalishda quyidagilarga e’tibor berilishi muhim, deb hisoblaymiz: Suv resurslaridan oqilona foydalanamiz Suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik va autsorsing asoslarini joriy etish juda muhim, deb hisoblaymiz.

Chunki suv resurslari muammosi kelgusi o‘n yilliklarda ham mintaqamiz va mamlakatimiz uchun eng dolzarb masala bo‘lib qoladi.

Bugungi kunda 70 foiz yerlar eski usulda sug‘orilmoqda, 60 foiz kanallar betonlanmagani oqibatida yiliga 16 milliard metr kub suv yo‘qotilmoqda. Shu sababli, besh yil ichida barcha ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish zarur.

Suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilgan fermer va dehqonlar xarajatining 50 foizini qoplab berish tizimini joriy etish tartibini o‘rnatamiz.

Fuqarolar xonadoniga suv filtrlarini o‘rnatish uchun imtiyozli asosda iste’mol kreditlari ajratish, mamlakatimizda toza suvning tarkibiga nisbatan yagona standart joriy qilish maqsadida “Toza suv” loyihasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Suv kodeksi loyihasini ishlab chiqamiz. Xonadonlarda, korxona va tashkilotlarda suvdan tejamkorlik bilan foydalanish, yosh avlodni shu maqsadda o‘qitishni rag‘batlantiramiz.

Qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquqini ta’minlaymiz Fuqarolarning ekologik huquq­larini ta’minlash va atrof-muhitning zararlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati hamda issiqlik energiyasi iste’moli sohalarida jamoatchilik nazoratini kuchaytiramiz.

Barcha qishloq va shaharlarni qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash xizmatlari bilan to‘liq qamrab olib, ularni qayta ishlashni kamida 65 foizga yetkazamiz.

Barcha hududlarda, avvalo, Toshkent shahrida atmosfera havosini yaxshilash bo‘yicha “Musaffo havo – 2030 milliy dasturi”ni qabul qilamiz.

Hududlarda ekologik audit o‘tkazish va uning natijalarini jamoatchilikka e’lon qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish muhim deb hisoblaymiz. Ekologik toza transportlar uchun zarur infratuzilmani rivojlantiramiz, elektr transport vositalarini ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha imtiyozlar bo‘yicha qonun qabul qilish zarur.

Atrof-muhitga zararli tashlanmalarni qisqartiramiz hamda inson omilining tabiatga salbiy ta’sirini kamaytiramiz Ko‘mir, mazut kabi energiya manbalari atrof-muhitga kuchli zarar yetkazmoqda.

Ular o‘rniga bosqichma-bosqich ekologik toza geotermal va boshqa qayta tiklanuvchi energiya turlarini keng yo‘lga qo‘yish talab etiladi.

Eski avtotransport vositalari uchun “Trade in” tizimini joriy etib, ularni yuqori ekologik standartlardagi avtotransport vositalariga ayirboshlash istagidagi fuqarolarga kerakli mablag‘ni uzoq muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini yaratamiz.

Bu imkoniyatlarni, eng avvalo, o‘qituvchi va shifokorlarga berish lozim, deb hisoblaymiz. Ishlab chiqarish korxonalari tomonidan atrof-muhit va havoga zararli chiqindilarni tashlash ko‘rsatkichlari hisoblanib, ularni kamaytirish strategiyasini ishlab chiqish kerak, deb hisoblaymiz.

Strategiya ijrosini ta’minlagan korxonalarga yengilliklar yaratamiz. Orolbo‘yi mintaqasiga birlamchi e’tibor qaratamiz Orol dengizining qurigan tubida qo‘shimcha 500 ming gektar yashil maydonlarni barpo etib, ularning umumiy hajmini 2,5 million gektarga yoki hududning 78 foiziga yetkazamiz.

Orolbo‘yida xalqaro “Yashil iqlim” va Global ekologik jamg‘armalarining bioxilma-xillik, iqlim o‘zgarishi va tuproq yemirilishining oldini olishga qaratilgan dasturlari asosida 300 million AQSH dollari qiymatidagi loyihalar amalga oshiriladi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasini yanada kengaytiramiz Yashil maydonlarni ko‘paytirish uchun yiliga 400 milliard so‘m ajratib borilishi aholi maskanlarida ekologik muhitni yaxshilaydi.

Davlat idoralari, korxonalar, oliy o‘quv yurtlari ham o‘z bog‘larini tashkil qilishi, yangi uy-joy qurishda pudratchilarga “yashil hudud” va avtoturargoh barpo etish majburiy etib belgilanishi zarur, deb hisoblaymiz.

Mamlakatimizda yashil maydonlar, daraxtzorlar, gulzorlarni 30 foizga yetkazishga alohida diqqat qaratamiz.

Shaharlar hamda ularning atroflarida “yashil belbog‘”lar barpo etish choralarini ko‘ramiz. “Yashil iqtisodiyot” ko‘lamini kengaytirish tarafdorimiz Mamlakatimizda “yashil” o‘sish orqaligina barqaror taraqqiyotni ta’minlash mumkin, deb hisoblaymiz.

Respublikamizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini 2,5 barobarga oshirib, ishlab chiqarilgan energiyada ularning ulushini 40 foizga yetkazamiz. “Yashil” texnologiyalarni keng qo‘llash, ekologik toza mahsulotlarni ishlab chiqish, ishlab chiqarishda yopiq siklli texnologiyalardan foydalanishni rivojlantiramiz.

Energetik xavfsizlikni hamda iqtisodiyotni barqaror energiya bilan ta’minlash uchun atom texnologiyalari va energiyasidan xavfsiz foydalanish infratuzilmasini rivojlantirish, AES qurish va undan xavfsiz foydalanishni qo‘llab-quvvatlaymiz.

“Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish borasida keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikni rivojlantiramiz. Sanoatda “yashil sertifikat”lar bozori yaratiladi.

Avtobuslarni ekologik toza elektr yoki gaz yoqilg‘isiga o‘tkazishni izchil davom ettiramiz.

Qurilishda energiyani tejash bo‘yicha talablarga qat’iy rioya etilishi ta’minlanadi. Energiya samaradorligi 2 karra oshiriladi.

Qishloq xo‘jaligida agrovoltaika amaliyotini keng joriy qilish taklif etiladi. Ekologik toza energiya ishlab chiqarish jarayonlariga xususiy sektorni keng jalb qilish ishlarini izchil davom ettiramiz.

IV. XALQ XIZMATIDAGI ADOLATLI VA ZAMONAVIY DAVLATNI BARPO ETAMIZ

O‘tgan davrda respublikamizda xalq bilan muloqot qilishning mutlaqo yangi tizimi yaratildi.

Davlat apparatining institutsional tizimi qayta ko‘rib chiqilib, uni optimallashtirish, samaradorligini oshirish bo‘yicha muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimiga innovatsion yondashuvlar joriy etildi.

Shuning barobarida bu sohalarda o‘z yechimini kutayotgan masalalar talaygina. Davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, ochiq fuqarolik jamiyati, qonun ustuvorligi va odil sudlovni ta’minlash, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni qat’iy davom ettirish bugungi kun talabidir.

Zero, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekistonga huquqiy davlat, deya ta’rif berildi va shu asosda inson huquqlari kafolatlariga oid normalar ham 3 barobar ko‘paytirildi.

Bu ishlarning mantiqiy davomi sifatida xalq xizmatidagi davlatni barpo etish vazifasini Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy tamoyillaridan biri sifatida ko‘ramiz.

Davlat va jamiyat boshqaruvi insonning huquq va erkinliklarini ta’minlashga xizmat qiladi Biz, avvalo, inson, uning haq-huquqlari va erkinliklarini ta’minlash davlat siyosati, barcha davlat organlari faoliyatining eng ustuvor maqsadi bo‘lishi kerak, degan prinsipga tayanamiz.

Davlat organlari xalqqa xizmat qilishning samarali vositasi bo‘lishi shart. Jamiyatimizda “Qonun va adolat ustuvor”, “Jinoyatga jazo muqarrar” prinsiplarini yanada mustahkamlash, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faqat xalq manfaati yo‘lida xizmat qiladigan idoralarga aylanishi uchun kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Davlat xizmatchilari tomonidan davlat byudjeti hisobidan ortiqcha qimmat narsalardan foydalanishni cheklash, qimmatbaho avtomobillar va telefonlarni davlat hisobidan sotib olish tartibga solinadi.

Byudjet xarajatlarini qisqartirishga erishish, ijro hokimiyati tizimida xizmat mashinalari sonini qayta ko‘rib chiqishni taklif qilamiz.

Raqamlashtirish orqali byurokratiyani bartaraf etish prinsipini jadal davom ettiramiz.

Davlat xizmatlarining kamida 300 tasini (40 foizini) xususiy sektorga o‘tkazish va fuqarolarning shaxsiy ishtirokini 2 barobarga qisqartirish orqali aholi uchun yangi qulayliklarni yaratamiz.

Fuqarolarning davlat xizmatlaridan foydalanish uchun murojaat qilishida arizani yozish, turli shakllarni to‘ldirish kabi ortiqcha formal tartiblarni bekor qilib, davlat idoralari zarur hujjatlarni elektron bazadan o‘zi oladigan tizim yaratamiz.

Byudjet tashkilotlari xarajatlarining shaffofligini ta’minlashda parlament va mahalliy Kengashlar oldidagi hisobdorligini kuchaytirish tarafdorimiz. Mulk shaklidan qat’i nazar, barcha mehnat jamoalarida ish vaqti me’yorlariga qat’iy amal qilish zarur, deb hisoblaymiz.

Fuqarolik jamiyatini, mahalla institutini rivojlantira­miz Joylardagi boshqaruvni takomillashtirib, mahalliy Kengashni xalqning chinakam ovoziga aylantiramiz. Hokimlarning Kengash oldida hisobdor bo‘lishi, mas’uliyati va javobgarligi oshishini ta’minlaydigan tizimni mustahkamlaymiz.

Hokim va mahalliy Kengashning javobgarlik doirasi va aniq vazifalari belgilanadi. Mahalliy kengashlar faoliyatiga oid 500 dan ortiq qonunchilik hujjatlari tizimlashtiriladi.

Partiya qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili hamda ilg‘or xorijiy tajribalar asosida nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida qonunchilikni takomillashtirish tashab­busi bilan chiqadi.

Aholi farovonligini ta’minlashda mahallani jamoatchilik va davlat organlari o‘rtasidagi “ko‘prik”ka aylantirishga alohida e’tibor qaratamiz. Mahallalarni “bir qadam” tamoyili asosida fuqarolarning aksariyat muammolarini hal etadigan maskanga aylantirish masalasi g‘oyat dolzarbdir.

Aholining turmush farovonligini yanada yaxshilash maqsadida “Tashabbusli byudjet”ga beriladigan mablag‘lar miqdori 3 karra oshirilishini taklif etamiz.

“Tashabbusli byudjet” loyihasidan maktabgacha ta’lim, maktab, tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish masalalarini chiqarib, ularning alohida sohaviy dasturlar orqali moliyalashtirish tartibiga o‘tishini ilgari suramiz.

Xalqchil davlatning asosi sifatida qonun ustuvorligi, odil sudlov va adolatni ta’minlashga erishamiz Qonun ustuvorligi, sud mustaqilligini kafolatlash va adolatni ta’minlash davlatning asosiy vazifasi, deb hisoblaymiz.

Biz Yangi O‘zbekistonda fuqaro va biznesning himoyachisi faqat qonun hamda sud bo‘lishiga erishamiz.

Mustaqil sud tizimi va odil sudlov – qonun ustuvorligi kafolati. Davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatib, odil sudlovga erishish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etamiz.

Biz, ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, qonunchilikni qo‘llashda muayyan sud ishi bo‘yicha chiqarilgan sud hujjatini boshqa shu turdagi ishlarga qo‘llash imkonini beruvchi “sud pretsedenti huquqi”ni amaliyotga joriy etish tarafdorimiz. Jabrlanuvchining iltimosiga asosan jinoyat ishini qo‘zg‘atmasdan ham yarashish imkoniyatini yaratish tarafdorimiz.

Jinoyat sodir qilgan shaxslar kelgusida tuzalish yo‘liga o‘tishi uchun muqobil jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralari kengaytiriladi.

Biz tergovda shaxs huquqini cheklashga sanksiya berish masalasi alohida sudyalar tomonidan ko‘rib chiqilishini ilgari suramiz. Iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha “qamoqqa olib tergov qilish” amaliyotiga chek qo‘yish, buning o‘rniga garov ehtiyot chorasidan keng foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Bu masalada ayblanuvchi yoki himoyachi tomonidan sudlarga ehtiyot chorasini o‘zgartirish haqida murojaat qilish imkoniyatlari kengaytiriladi.

Ichki ishlar va milliy gvardiya organlari xodimlarining fuqarolar bilan muloqot qilish standartlarini joriy etish orqali ularni xalq ko‘z o‘ngida tom ma’noda himoyachiga aylantirish tarafdorimiz. Barcha sohalarda shaxsga doir ma’lumotlar bilan ishlash talablarini kuchaytirishni qo‘llaymiz.

Pirovard maqsadimiz – fuqarolarimizning shaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlash, mulki va mablag‘larini firibgarlar va kiberjinoyatchilardan himoya qilishdan iborat.

Yo‘l transport hodisalarini kes­kin kamaytirish choralarini ko‘rish, jinoiy javobgarlikni kuchaytirish, yuqori tezlikda harakatlanadigan haydovchilarni transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish taklifini o‘rtaga tashlaymiz.

Yo‘l harakati va boshqa sohalardagi jinoyatlar natijasida boquvchisidan mahrum bo‘lganlarga aybdor shaxslardan 18 yoshga to‘lgunga qadar mablag‘ undirish huquqini o‘rtaga tashlash tarafdorimiz.

Advokatlar palatasining advokatlarni himoya qilish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi faoliyati takomillashtiriladi.

Advokatlar reytingini joriy qilish orqali advokatlik tizimida raqobat muhiti rivojlantiriladi, salohiyatli advokatlar ko‘payadi.

Partiya biznes yuritishga xalaqit berayotgan qator normalarni qayta ko‘rib chiqishni ilgari suradi:

– tadbirkorning manzili, bank rekvizitlari o‘zgargani yoki qayta ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etmaganlik uchun belgilangan ma’muriy javobgarlikni bekor qilish;

– tadbirkorlik subyektlarining bank hisobvaraqlaridagi amaliyotlarni to‘xtatib turishga faqat sud tartibida ruxsat berishni qonun darajasida belgilash;

– nazorat qiluvchi organlar zimmasiga tekshiruv o‘tkazilishi haqida Savdo-sanoat palatasini kamida 10 ish kuni oldin xabardor qilish majburiyati yuklanishini qonunda belgilash;

– soliq intizomining buzilishi bilan bog‘liq ma’muriy jarima miqdorini huquqbuzarlik keltirib chiqargan iqtisodiy oqibatning ta’sirini inobatga olib tabaqalashtirish;

– tadbirkorlik subyektlarining o‘zlariga ko‘rsatilgan xizmatlar, shu jumladan, berilgan kreditlar yuzasidan banklar va boshqa moliya tashkilotlari oldidagi shartnoma majburiyatlarini asosli biznes tavakkalchiliklari tufayli bajarmagani ularni jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmasli­gini qonunchilikda belgilash.

Ochiqlik siyosatini davom ettiramiz va xalq bilan muloqotni kengaytiramiz Erkinlik va ochiqlik siyosatini izchil davom ettirib, ommaviy axborot vositalari (OAV) faoliyatining erkinligi, fuqarolarning axborot olish, undan foydalanish va tarqatishga bo‘lgan huquqlarini qat’iy kafolatlaymiz.

So‘z erkinligiga qarshi har qanday urinishlarga qarshi turish va mustaqil nodavlat matbuot tizimini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Korrupsiyaga qarshi kurashishni kuchaytiramiz Korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish ishlarini jadal davom ettiramiz.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha choralar ko‘ramiz.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiya qabul qilamiz.

V. MAMLAKATIMIZ SUVERENITETI VA XAVFSIZLIGINI KAFOLATLAYMIZ

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshirishi belgilangan.

Shunga ko‘ra, uzoq va yaqin davlatlar bilan do‘stlik aloqalari va o‘zaro hamkorlikni barcha sohalarda rivojlantiramiz.

Mamlakatimizda tinchlik, barqarorlik, millatlararo va fuqarolararo totuvlik bardavom bo‘lgandagina demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, jamiyatni rivojlantirish mumkin, deb hisoblaymiz. Bu yo‘nalishda quyidagi vazifalar bajarilishiga munosib hissa qo‘shamiz.

Mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash, fuqarolarimizni turli mafkuraviy tahdidlar, zararli oqim va g‘oyalardan himoya qilish masalalari doimiy e’tiborimizda bo‘ladi.

Diniy va ma’naviy merosimizni chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi xalqaro markazi va boshqa ilmiy-ma’rifiy markazlar imkoniyatlari to‘liq ishga solinishi uchun hamkorlik­ni yo‘lga qo‘yamiz.

Ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosatni davom ettiramiz Partiya Yangi O‘zbekiston tashqi siyosati faqat xalqimizning milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda olib borilishi zarur, degan qat’iy pozitsiya tarafdoridir.

Biz uzoq va yaqin davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar va hamkorlikni ana shu tamoyil asosida rivojlantirishni yoqlaymiz. Biz ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat davom ettirilishiga xayrixohmiz.

Partiya tashqi siyosatda qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlantirilishida barcha imkoniyatlarini ishga soladi.

O‘zbekistonning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi tashabbuslari xalqaro maydonda faol ilgari surilishi, Markaziy Osiyoda turli yo‘nalishlar, ayniqsa, suv resurslaridan oqilona foydalanish, transport yo‘laklarini rivojlantirish borasidagi amaliy hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqilishini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Dunyoning qudratli davlatlari va boshqa strategik hamkorlarimiz bilan yangi formatdagi amaliy aloqalar mustahkamlanishi tarafdorimiz.

Markaziy Osiyoda xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, suv, energetika va transport, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqilishi lozim, deb hisoblaymiz.

Xususan, qo‘shni Afg‘oniston zaminida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash borasidagi ishlar uzluksiz davom ettirilishi kerak.

Transport sohasida tashqi savdo uchun “yashil koridorlar” hamda tranzit imkoniyatlari kengaytirilishi katta ahamiyatga ega. Ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalaridagi tashqi aloqalarni kuchaytirish zarur.

Partiya iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish tarafdori.

Investitsiya va innovatsiyalarni keng jalb qilish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish va O‘zbekiston imijini faol targ‘ib etish barcha diplomatik vakolatxonalarimizning asosiy vazifasiga aylanishi kerak.

Xalq diplomatiyasining, ayniqsa uning muhim shakllaridan biri bo‘lgan partiyaviy diplomatiyaning rolini tobora oshirishimiz kerak.

O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslarini keng jamoatchilikka yetkazish borasidagi ishlarni jadallashtirish partiyaning muhim vazifalardan biri bo‘lib qoladi.

Vatandoshlar bilan hamkorlikni mustahkamlaymiz va migrantlar huquqlarini ta’minlaymiz Xorijdagi vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlab, ularning yurtimiz taraqqiyotida faol ishtirok etishlari uchun zarur sharoitlarni yaratamiz. X

orijdagi vatandoshlarimiz orasida ona tili, milliy madaniyat va an’analarni targ‘ib etish bo‘yicha tizimli choralar ko‘riladi.

Tashqi mehnat migratsiyasi tizimini isloh qilib, xorijga ishlash uchun borayotgan fuqarolarimizni kasbga va chet tillariga o‘qitish ko‘lamini kengaytiramiz.

Xorijda ishlab yurgan yurtdoshlarimiz uchun, avvalo, O‘zbekistonda ishlab, munosib ish haqi olishlari uchun imkoniyat yaratamiz.

Murakkab vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizga huquqiy va boshqa yordamlar ko‘rsatishni yanada oshiramiz.

Mehnat migrantlari va ularning oila a’zolariga doimiy g‘amxo‘rlik qilish va ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtiramiz.

Xorijda daromadli mehnat bilan band bo‘lish istagida bo‘lgan yoshlarimizga asosiy migratsiya oqimi bo‘lgan mamlakatlar tillarini bepul o‘rganishlari uchun sharoit yaratamiz.

Xorijga ishlash uchun chiqishda hujjatlarni rasmiylashtirish, sug‘urta, yo‘l haqi va boshqa xarajatlar uchun kredit, subsidiya va grantlar hajmlari kengaytiriladi.

Har bir hududda fuqarolarni xorijiy tillarga va talab yuqori bo‘lgan kasblarga bepul o‘rgatadigan markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Milliy xavfsizlikni ta’minlash ustuvor maqsadimizdir

Jahonda sodir bo‘layotgan murakkab jarayonlar sharoitida bizning bosh maqsadimiz – O‘zbe­kistonning davlat mustaqilligi, sarhadlari daxlsizligi va hududiy yaxlitligini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ladi.

Partiyaning bu yo‘nalishdagi asosiy maqsadi – milliy xavfsizlik sohasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mamlakat mudofaa salohiyatini yuksaltirishdir.

Qurolli Kuchlarimizning qudrati, mudofaa qobiliyatimiz va harbiy salohiyatimizni yanada oshirish maqsadida milliy armiyamizni 2030-yilga qadar eng zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan ta’minlashni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Qo‘shinlarning jangovar ruhi va salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilarni tayyorlash, ularni va oila a’zolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida boshlangan ishlar jadal davom ettiriladi.

Yosh avlodni Vatanga, mustaqillikka muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat g‘oyasi atrofida birlashtirish bo‘yicha tizimli ish olib boriladi.

Partiyamiz yuqorida bayon etilgan maqsad va vazifalarni o‘z oldiga qo‘yib, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini erkinlashtirish maqsadida ish olib boruvchi yetakchi siyosiy kuch sifatida jonajon xalqimizni birlashishga, yagona Vatanda qudratli kuch bo‘lishga chaqiradi!

Yangi O‘zbekiston – inson qadri ulug‘lanadigan, har bir fuqaro o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan mamlakat bo‘lmoqda va bo‘lmog‘i kerak! Xalqimiz ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun o‘z hayotida buni ko‘rishni istaydi.

Shu oliy maqsad yo‘lida partiyamiz Prezidentimiz boshchiligida, xalqimiz bilan birga “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini so‘zsiz amalga oshirish, yurtimizda erkin va farovon hayot, inson qadri e’zozlanadigan yangi davlat, yangi jamiyat barpo etishga qaratilgan ezgu ishlarni qat’iy davom ettiradi.

Bo‘lg‘usi saylovda partiyamiz va uning nomzodlariga bildiriladigan yuksak ishonchni oqlash uchun biz barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Xalqimiz hayotini yanada farovon qilishga qaratilgan ushbu ulug‘ maqsadlarni amalga oshirish faqat bizning qo‘limizdan keladi! Ularni faqat biz xalqimiz bilan birgalikda ado eta olamiz!

Birgalikda biz kuchmiz!

Birgalikda qudratlimiz!

Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun birlashaylik!

Va’da emas natija, ertaga emas bugun!

O‘zLiDeP VA NOMZODLARIMIZGA OVOZ BERING!


Saytni yangi dizayni yoqdimi?