Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda fraksiya a’zolari, partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbirda Prezidentimiz raisligida 2024 yilda makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidan kelib chiqadigan partiya va fraksiya oldidagi vazifalar belgilab olindi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanganidek, bu yil mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot hajmini kamida 6 foizga ko‘paytirib, 100 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Yaqin-yaqingacha ko‘pchilikka qo‘l yetmas orzudek ko‘ringan bu marra, bugun so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan ulkan sa’y-harakatlar natijasida real voqelikka aylanish arafasida.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari iqtisodiy kompleks rahbarlari va barcha davlat korxonalari uchun “2024 yil – tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili” bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.
Sanoatda 7 foiz o‘sishni ta’minlash, moliyaviy intizom, soliqlar tushumini o‘z vaqtida ta’minlash, korxonalar xarajati asossiz o‘sishining oldini olish, bojxona, budjet tushumi uchun yana katta zaxiralar yaratish, yashirin iqtisodiyot va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish, bu ishlarni muvofiqlashtirish va kuchaytirish, budjet xarajatlarining samaradorligi, aholini kambag‘illikdan chiqarish va bandligini ta’minlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilinib, tanqidiy-tahlil qilindi, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar belgilab berildi.
Qo‘shma majlisda davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan mazkur vazifalar partiya va uning fraksiyasi oldiga ham katta mas’uliyat yuklashi aytib o‘tildi. Shuningdek, joylarda partiya hududiy kengashlari, mahalliy kengash deputatlari bilan birgalikda jamoatchilik nazorati tadbirlarini olib borish, targ‘ibot-tushuntirish ishlarida faollik ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi. Partiyaning maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladigan bo‘ldi.