15 aprel kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi”ni ijrosini ta’minlashda O‘zLiDePning ishtiroki bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish borasida partiyaning aniq chora-tadbirlar rejasi (“yo‘l xaritasi”) ishlab chiqilgani, har bir yo‘nalish kesimida respublikada 19 ta ishchi guruhlari va 64 ta kichik ishchi guruhlar tuzilgani, har bir ishchi guruhlarga aniq maqsadlar belgilab berilgani aytib o‘tildi. Joriy yil mart-aprel oyida partiya ishchi guruhlari tomonidan 630 dan ortiq davra suhbatlari, eshituvlar hamda jamoatchilik nazorati tadbirlari tashkil etildi. Joylarga chiqqan holda Davlat dasturining maqsadlari ijrosi yuzasidan mas’ul tashkilot va idora rahbarlarining axborotlari eshitilib, aniqlangan tizimli muammolari yechimi bo‘yicha takliflar berib borildi.
Xususan, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, qishloq xo‘jaligi, turizm, xizmatlar ko‘rsatish, kichik sanoat zonalari, davlat xususiy sherikchilik asosidagi maktab, bog‘cha, tibbiyot muasssalari faoliyatini yanada rivojlantirish, sohadagi muammo va ularning yechimiga qaratilgan nazorat-tahlil tadbirlari olib borildi.
Shuningdek, xotin-qizlar va yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, turli kasb-hunarlarga jalb qilish orqali bandligini ta’minlash, aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan “Ishbilarmon ayol”, “Yosh tadbirkorlar Ligasi”, “Tadbirkorlikka ilk qadam”, “Namunali tomorqachi ayol – farovonlik bunyodkori”, “Bir deputat yuz ayolga ko‘makchi” loyihalari hamda yoshlarning siyosiy va huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan “Parlamentda yoshlar o‘rni”, “Yosh siyosatchilar Ligasi”, “Yosh olimlar Ligasi”, “Yosh innovatorlar va texnologlar” kabi loyihalar o‘tkazib kelinmoqda.
Yig‘ilishda partiya ishchi guruhlarining davlat dasturida bayon qilingan vazifalar ijrosi bo‘yicha olib borayotgan jamoatchilik nazorati tadbirlari samaradorligini yanada oshirish, bu jarayonda partiya hududiy tashkilotlari, deputatlar va quyi bo‘g‘inlarning faolligini yanada kuchaytirish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalar berildi.
Majlisda davlatimiz rahbarining viloyatlarga tashriflari davomida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirish, xususan Sayxunobod tajribasini keng ommalashtirish borasida belgilab bergan topshiriqlar ijrosini ta’minlashda partiya fraksiyasi a’zolari, deputatlar, hududiy kengashlar vakillaridan ham katta mas’uliyat va faollik talab qilinishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi apparat rahbari Jamoliddin Meliboyev partiyaning 2023 yil budjeti ijrosi va 2024 yilgi budjetini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala yuzasidan ma’ruza qildi.
Ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.