Chirchiqda yoshlarning kreativ g‘oyalari va startap loyihalari namoyish etildi
Chirchiq davlat pedagogika universitetida O‘zLiDeP Toshkent viloyati Kengashi tomonidan “Kreativ tadbirkor yoshlar” loyihasi doirasida “Kreativ g‘oyalar yarmarkasi” tashkil etildi. Unda yoshlar o‘z startap loyihalari, axborot texnologiyalari sohasidagi yangiliklari, muhandislik ishlanmalari, mahsulot va xizmatlarini taqdim etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarning innovasion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, kreativ salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda ularni zamonaviy kasblar va tadbirkorlikka keng jalb etishdan iborat bo‘ldi. Ko‘rgazma yoshlarga o‘z g‘oyalarini namoyish qilish, yangi hamkorlar topish va loyihalarini rivojlantirish imkonini berdi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Gulshana Xudoyorova va Yulduzoy Mamadiyorova, O‘zLiDeP Toshkent viloyati Kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev, Chirchiq shahar hokimi Murodjon Abduraximov, “Maxam-Chirchiq” AJ boshqaruv raisi Hotam Saydaxmedov hamda universitet rektori Gʻofurjon Muxamedov ishtirok etdi.
Muloqotlar davomida yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy mustaqilligi va bandligini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi. To‘lqinjon Fayziyev ta’kidlaganidek, loyiha doirasida IT va sun’iy intellekt bo‘yicha o‘quv kurslari, tadbirkorlik va reklamaga oid mahorat darslari, “Yosh fermerlar tajriba maktabi”, hunarmandchilik ko‘rgazmalari hamda amaliy ustaxonalar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Deputatlar ishtirokidagi ochiq muloqotlar va maxsus qabullar esa yoshlarning taklif va muammolarini bevosita o‘rganishga xizmat qildi.
Toshkent viloyatining barcha tuman va shaharlaridagi yoshlarni qamrab olishga mo‘ljallangan “Kreativ tadbirkor yoshlar” loyihasi bilim va qobiliyatni amaliy natijaga aylantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda tadbirkorlik tashabbuslarini rivojlantirish uchun muhim imkoniyatdir. Loyiha doirasida kitob muhokamalari, sport musobaqalari va ko‘kalamzorlashtirish aksiyalarini o‘tkazish orqali yoshlarning ma’naviy dunyoqarashi, sog‘lom turmush tarzi va ekologik madaniyatini yuksaltirish ham ko‘zda tutilgan. Chirchiqdagi g‘oyalar yarmarkasi yoshlarning izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularni o‘z kelajagi uchun mas’uliyat olishga undash va istiqbolli g‘oyalarni amaliy loyihalarga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.