Asosiy kontentga o‘tish
Juma 18-sentyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Yangiliklar

Qonliko‘lda tadbirkorlar va aholi muammolariga amaliy yechimlar belgilandi

18.09.2026 110
Qonliko‘lda tadbirkorlar va aholi muammolariga amaliy yechimlar belgilandi

O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov boshchiligidagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasida islohotlar ijrosini o‘rganish va aholi muammolarini joyida tahlil qilish ishlari Qonliko‘l tumanida ham davom etdi. O‘rganishlar davomida ishlab chiqarish korxonalari, tadbirkorlik sub’yektlari, ijtimoiy xizmatlar, qishloq xo‘jaligi, aholi bandligi va ijtimoiy himoya masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, yiliga 10 ming tonna paxta tolasidan ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Kanteks Invest” MCHJ faoliyati ko‘zdan kechirilib, aniqlangan muammolar o‘rganildi. Muammolar yuzasidan tegishli idoralarga so‘rovlar kiritish bo‘yicha choralar belgilandi.
Tadbirkorlar bilan muloqotlarda ishlab chiqarishni kengaytirish, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. “Kanteks Invest” MCHJda o‘rnatilgan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilayotgan ortiqcha elektr energiyasini sotish masalasi ham ko‘rib chiqildi, “LAN-C” MCHJda esa qizilmiya ekstrakti ishlab chiqarish jarayoni, mehnat sharoitlari hamda jamoa bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Shu bilan birga, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati tahlil qilinib, aholiga 132 turdagi ijtimoiy xizmat ko‘rsatilayotgani, ularni raqamlashtirish va manzilli yetkazish masalalariga e’tibor qaratildi.
Qishloq xo‘jaligida yuqori daromadli yo‘nalishlarni rivojlantirish bo‘yicha “Arzimbetqum” ovulidagi “Yer oltin xazinam” fermer xo‘jaligi tajribasi ham o‘rganildi. Xo‘jalikda an’anaviy ekinlar bilan bir qatorda erjevika, godji, malina kabi noyob mevali ekinlar, dorivor o‘simliklar hamda pomidorning yangi navlari yetishtirilmoqda. Shuningdek, Qonliko‘l, Shumanay va Qo‘ng‘irot tumanlari fermerlari ishtirokida piyoz, sarimsoqpiyoz va to‘qsonbosti sabzavot ekinlarini ekish bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazilib, tomorqa, bog‘ qator oralari va dala chetlaridan samarali foydalanish yuzasidan tavsiyalar berildi. Bu ishlar yerdan unumli foydalanish, mahsulot turini ko‘paytirish va qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
“Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida aholining ijtimoiy va iqtisodiy ehtiyojlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham aniq natijalar qayd etildi. Qonliko‘l tumanida 6 nafar fuqaroning doimiy ish bilan ta’minlanishiga ko‘maklashildi, ijtimoiy ko‘makka muhtoj 7 ta oilaga jami 14 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari va zarur uy-ro‘zg‘or jihozlari yetkazib berildi. Shuningdek, 4 nafar fuqaroga o‘zini o‘zi band qilishi uchun asbob-uskunalar, 3 nafar fuqaroga eshitish moslamasi, 2 nafar fuqaroga nogironlar aravachasi, 2 nafar fuqaroga nogironlar hassasi hamda 3 nafar fuqaroga sanatoriy yo‘llanmalari berildi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?