Qonliko‘ldagi sayyor qabul natijasi: 3 oilaning uy-joyi ta’mirlab beriladi
O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Qonliko‘l tumanida aholi muammolarini o‘rganish va ularning yechimini topishga qaratilgan sayyor qabul o‘tkazildi.
Unda O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi Sag‘indiq Turmanov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Guljan Xalmuratova, tuman hokimi Baxram Sultanov, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, partiya faollari hamda yoshlar ishtirok etdi. Qabulda 180 nafarga yaqin fuqaro qatnashib, 60 dan ortiq masala ko‘rib chiqildi. Murojaatlarning bir qismi joyida hal etildi, 42 tasi yuzasidan huquqiy tushuntirish va amaliy tavsiyalar berildi.
Muloqot davomida bandlik, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, chorvachilikni rivojlantirish va ijtimoiy yordam masalalariga alohida e’tibor qaratildi. “Yurakka yo‘l” va “Umid” aksiyalari orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj 3 ta oilaning uy-joyini ta’mirlash uchun 22 million so‘mdan mablag‘ ajratildi. Shuningdek, 4 nafar fuqaroni imtiyozli kredit olishga yo‘naltirish va 7 nafar fuqaroning bandligini ta’minlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi. Jumladan, “Do‘stlik” MFYda yashovchi, tibbiyot kollejini hamshiralik yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan Ayjamal Matjanova deputat va mutasaddilar ko‘magida tuman tibbiyot birlashmasiga ishga joylashtirildi.
Sayyor qabul natijalari aholi murojaatlarini tinglash bilan cheklanib qolmasdan, ularni hal etishda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda aniq choralar ko‘rish muhimligini ko‘rsatdi. Bunday uchrashuvlar fuqarolarning bandligini ta’minlash, ijtimoiy muammolarga yechim topish va hududlardagi dolzarb masalalarni joyida o‘rganishga xizmat qiladi. Bu esa partiyaning aholi bilan bevosita muloqotini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.