Asosiy kontentga o‘tish
Seshanba 06-oktyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Yangiliklar

Ta’lim va ilm-fan sohasida yagona boshqaruv tizimi yaratiladi

06.10.2026 96
Ta’lim va ilm-fan sohasida yagona boshqaruv tizimi yaratiladi

Mamlakatimizda ta’lim sohasiga bo‘lgan e’tibor tobora yuksalib, maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’lim va ilm-fanga qadar bo‘lgan barcha bo‘g‘inlarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, uzluksiz ta’lim va tarbiya tizimini zamon talablari asosida takomillashtirish, inson kapitalini rivojlantirish hamda ta’limning barcha bosqichlari o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Prezidentimizning shu yil 3-oktabrdagi "O‘zbekiston Respublikasi Ta’lim va ilm-fan vazirligini tashkil etish to‘g‘risida"gi farmoni mazkur yo‘nalishda boshlangan islohotlarga yangi sur’at bag‘ishlab, ta’lim va ilm-fan sohasini boshqarishda sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berdi.

Ushbu hujjat bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etilgani avvalo, ta’limning turli bosqichlari o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash, yagona yondashuv asosida boshqaruvni yo‘lga qo‘yish hamda ta’lim va ilm-fanning o‘zaro integratsiyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Ta’lim sohasidagi bugungi islohotlar, avvalo, tizimni samarali boshqarish, ta’lim sifatini oshirish va zamonaviy talablarga javob beradigan kadrlar tayyorlashga qaratilgan. Ikki vazirlikning birlashtirilishi esa bog‘cha, maktab, professional va oliy ta’lim o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytirib, ularni yagona tizim asosida boshqarish imkonini beradi.

Yangi yondashuvda ta’lim muassasalarini boshqarish va ta’lim sifatini ta’minlash vazifalari aniq belgilanadi. O‘quv dasturlari, darslik va metodik materiallar zamon talablari asosida takomillashtirilib, ularning samaradorligi muntazam baholab boriladi. Bunda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mustaqil fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalashga qaratilgan "o‘zbek maktabi bitiruvchisining portreti" asosiy mezon bo‘ladi.

Oliy ta’limda davlat aralashuvini qisqartirish, oliygohlar mustaqilligini kengaytirish va xususiy ta’lim sektorini rivojlantirish uchun imkoniyatlarni oshirish esa sog‘lom raqobat muhitini kuchaytiradi. Bu jarayonda talabalar sifatli ta’lim beradigan muassasalarni tanlaydi, oliygohlar esa ta’lim dasturlari, professor-o‘qituvchilar salohiyati va zamonaviy yondashuvlarini takomillashtirib borishga intiladi.

Yangi yondashuvlar ta’lim sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, xususiy ta’limni rivojlantirish va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, yoshlarni zamonaviy bilim va kasbiy ko‘nikmalarga ega, mehnat bozori talablariga javob beradigan raqobatbardosh kadrlar sifatida tayyorlash imkoniyatlarini kengaytiradi.

 

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari

Saytni yangi dizayni yoqdimi?