Tuproqqal’ada “Bir kunda — 1000 kitob” aksiyasi o‘tkazildi
“Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumanidagi “UzAuto Motors” AJ viloyat filialida “Bir kunda — 1000 kitob” aksiyasi tashkil etildi.
Unda O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari — apparat rahbari I. Fayzullayev, deputatlar, yoshlar va partiya faollari ishtirok etdi. Tadbir davomida mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, yoshlarning ma’naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, mutolaani kundalik hayotning ajralmas qismiga aylantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Aksiya doirasida korxona kutubxonasiga 120 ta kitob sovg‘a qilindi. Natijada kutubxona fondi badiiy, ilmiy hamda siyosiy-huquqiy adabiyotlar bilan boyitildi. Bu tashabbus korxona xodimlarining bilimlarini oshirish, ma’naviy dunyosini boyitish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va shaxsiy rivojlanishiga ko‘maklashishda muhim ahamiyat kasb etadi. Uchrashuvda, shuningdek, kitob mutolaasini ommalashtirish, milliy qadriyatlarga hurmatni kuchaytirish, mediasavodxonlikni oshirish hamda yoshlarda mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Zero, kitobxonlik insonning dunyoqarashini kengaytiradi, tafakkurini boyitadi va ma’naviy kamolotga yetaklaydi. “Bir kunda — 1000 kitob” kabi tashabbuslar orqali korxonalarda mutolaa muhitini shakllantirish, yoshlarni bilim olishga rag‘batlantirish va jamiyatning intellektual salohiyatini yuksaltirishga hissa qo‘shilmoqda. O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan bunday ishlar kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish va ma’naviyatli, bilimli avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.