Xo‘jaoboddagi sayyor qabulda talabalarning kontrakt to‘lovlari uchun moddiy yordam ajratildi
O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida tashkil etilgan sayyor qabulda 145 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etib, bandlik, tadbirkorlik, yer va kadastr, kommunal xizmatlar, ta’lim, sog‘liqni saqlash hamda ijtimoiy himoyaga oid murojaatlar ko‘rib chiqildi. Ko‘plab masalalar joyida hal etildi, qo‘shimcha o‘rganish talab etilgan murojaatlar esa ijrosi nazoratga olindi.
Sayyor qabul davomida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, talabalar Farangizbonu Asqaraliyevaga 5 million so‘m, Muhammadqodir Hosilovga 2 million 200 ming so‘m va Feruzaxon Ergashevaga 2 million 340 ming so‘m miqdorida kontrakt to‘lovlari uchun moddiy yordam ajratildi. Shuningdek, ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat vaucherlari hamda saxovat qutichalari topshirildi.
Sayyor qabul har bir murojaat ortida inson taqdiri turganini yana bir bor namoyon etdi. Mas’ul tashkilotlarga aniq vazifalar yuklatilib, ularning ijrosi qat’iy nazoratga olindi. Bunday ochiq muloqotlar aholi muammolariga tezkor yechim topish, xalq ishonchini mustahkamlash va inson manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.