“Ishbilarmon ayol – 2026”: yangi g‘oyalar va katta imkoniyatlar
Toshkent viloyatining 22 ta tuman va shahrida saralash bosqichlaridan o‘tgan tadbirkor, fermer va hunarmand xotin-qizlar Olmaliq shahridagi «Metallurglar» madaniyat saroyida jamlandi. Bu yerda O‘zLiDePning «Xalq bilan birga» umummilliy dasturi doirasida «Ishbilarmon ayol» ko‘rik-tanlovining hududiy respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ishtirokchilar o‘z mahsulotlari va biznes loyihalarini taqdim etdilar. Ko‘rgazmada tibbiyot, ta’lim, fermerlik, hunarmandchilik va sanoat kabi turli sohalarda faoliyat yuritayotgan ayollarning ishlari namoyish etildi. Hakamlar hay’ati ularning tadbirkorlikdagi natijalari, yangi ish o‘rinlari yaratish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash va ijtimoiy tashabbuslardagi faolligini baholadi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rin «Yangiobod darmon shifo» MCHJ rahbari Dilnoza Begmatovaga nasib etdi. Ikkinchi o‘rin Minura Eshboyeva va Tamara Kukkuzovaga, uchinchi o‘rin esa Dilnoza Mirzabekova va Go‘zal Jalolovaga berildi. Shuningdek, bir qator ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
Tanlov nafaqat faol tadbirkor ayollarni e’tirof etish, balki ular o‘rtasida tajriba almashish va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun ham muhim maydon bo‘ldi. Loyiha xotin-qizlarning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yosh ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning iqtisodiy hayotdagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilmoqda.