Yoshlar bilan siyosiy savodxonlik mavzusida muloqot o‘tkazildi
Bugungi kunda yoshlarning siyosiy bilimi va huquqiy madaniyatini oshirish, ularni mamlakatimizdagi islohotlarga daxldorlik hissi bilan yashashga o‘rgatish muhim ahamiyatga ega. Bu esa yoshlarda mustaqil fikrlash va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Shu maqsadda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari bilan «Siyosiy savodxonlik» loyihasi doirasida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda yoshlarning siyosiy bilimlarini oshirish, davlat boshqaruvi, qonunchilik jarayonlari va siyosiy institutlar faoliyati haqidagi bilimlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda siyosiy savodxonlik har bir fuqaroga o‘z huquq va majburiyatlarini bilish, mamlakatdagi o‘zgarishlarni tushunish va jamiyat hayotida faol ishtirok etish imkonini berishi ta’kidlandi. Shuningdek, yoshlarning o‘z fikriga ega bo‘lishi, turli jarayonlarga mustaqil baho berishi va tashabbus ko‘rsatishi muhimligi qayd etildi.