Asosiy kontentga o‘tish
Juma 06-noyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Yangiliklar

Anqara sammiti: turkiy hamkorlikning yangi mezonlari va O‘zbekistonning strategik o‘rni

06.11.2026 191
Anqara sammiti: turkiy hamkorlikning yangi mezonlari va O‘zbekistonning strategik o‘rni

Shu yil 30 oktyabrda Anqarada Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning 13-sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda tashqi siyosiy hamkorlik, savdo, transport, sanoat kooperatsiyasi, raqamli iqtisodiyot, ta’lim va madaniyat kabi muhim yo‘nalishlar muhokama qilindi. Sammit yakunida qabul qilingan deklaratsiya tashkilotning kelgusi faoliyati uchun siyosiy yo‘nalishlarni belgilab berdi. Biroq erishilgan kelishuvlarning ahamiyati ularning qamrovi bilangina o‘lchanmaydi. Asosiy masala – ilgari surilgan tashabbuslarni amaliy mexanizmlarga aylantirish, ularning a’zo davlatlar iqtisodiyoti va aholi hayotiga qanday natija berishidir. O‘zbekiston uchun bu jarayonda o‘z milliy manfaatlarini ilgari surish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish alohida ahamiyatga ega.

Ko‘p tomonlama kelishuvlarni amalga oshirishda davlatlarning tayyorlik darajasi muhim albatta. Xalqaro tajribada bu masalaga turlicha yondashiladi. Masalan, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida Komissiya o‘z vakolati doirasida a’zo davlatlar uchun majburiy qarorlar qabul qiladi. Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASEAN)da esa umumiy kelishuv asosida ayrim iqtisodiy majburiyatlarni dastlab ularni bajarishga tayyor davlatlar amalga oshirishi mumkin. TDTning tashkiliy tuzilishi bu ikki tashkilotdan farq qiladi. Biroq ushbu tajribadan O‘zbekiston uchun muhim xulosa chiqarish mumkin: savdo, logistika va raqamli hujjat almashuviga oid yangi tartiblarni dastlab manfaatdor sheriklar bilan sinab ko‘rish, samarali natija bergan mexanizmlarni keyinchalik TDT doirasida kengaytirish imkoniyatlarini ishlab chiqish.

“Turkiy asr: tilda, fikrda va ishda birlik” shiori Anqara sammitining siyosiy ruhini ifodaladi. Ammo tarixiy va madaniy yaqinlikning iqtisodiy samarasi o‘z-o‘zidan yuzaga kelmaydi. Buning uchun davlatlar o‘rtasidagi kelishuvlar tadbirkorlar faoliyatini yengillashtiradigan, savdo va investitsiyalarga qulay sharoit yaratadigan aniq mexanizmlar bilan mustahkamlanishi zarur.

Sammitning siyosiy mohiyati

Anqara sammitida Turkiy davlatlar tashkilotining faoliyatini tashkiliy jihatdan takomillashtirishga ham e’tibor qaratildi. “Turkiy dunyo nigohi – 2040”da belgilangan maqsadlar asosida 2027–2031 yillarga mo‘ljallangan strategiyani ishlab chiqishni yakunlash, strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnoma loyihasi ustidagi ishlarni davom ettirish hamda doimiy vakillik tizimini shakllantirish masalalari kun tartibidan o‘rin oldi. Bu jarayonlar tashkilotning faoliyatini sammitlar doirasidagi uchrashuvlar bilangina cheklab qo‘ymasdan, qabul qilingan qarorlar ijrosini muntazam muvofiqlashtirib borishga qaratilgan. Bunda asosiy masala yangi mexanizmlarning vakolatlari va mas’uliyatini aniq belgilash, ularning amalda samarali ishlashini ta’minlashdan iborat.

Ikkinchi tomoni shuki, a’zolarning tashqi siyosiy ustuvorliklari va iqtisodiy sheriklari bir xil emas. Shu sababli deklaratsiya yagona tashqi siyosatni emas, xalqaro tashkilotlarda nomzodlarni o‘zaro qo‘llash va tashqi ishlar vazirlari maslahatlashuvlari orqali umumiy masalalarda kelishilgan pozitsiyani izlaydi. TDTning BMT Bosh Assambleyasi va Islom hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomiga intilishi hamda “TDT plyus” doirasida uchinchi tomonlar bilan hamkorlik ham shu mantiqqa mos. Lekin kuzatuvchi maqomiga intilish uni qo‘lga kiritish bilan teng emas.

Xavfsizlik yo‘nalishida jinoyatchilikka qarshi hamkorlik kengashi va kiberxavfsizlik bo‘yicha memorandum ustida ish davom etmoqda, ya’ni ular ishlab turgan tuzilma emas. Ammo iqtisodiy ahamiyati katta: raqamli to‘lov, elektron bojxona va yuk haqidagi axborot almashuvi kengaygani sayin, bir mamlakatdagi kiberhujum butun ta’minot zanjirini to‘xtatishi mum­kin. Mintaqaviy masalalar orasida O‘zbekiston uchun eng muhimi – Afg‘oniston: u yerdagi barqarorlik Transafg‘on temir yo‘li, janubiy bozorlarga chiqish va chegara xavfsizligiga bevosita ta’sir qiladi. Boshqa mojarolar bo‘yicha bayonotlarning qiymati keyingi diplomatik qadamlar bilan o‘lchanadi.

O‘zbekiston – tashabbuslarni shakllantirayotgan ishtirokchi

Prezidentimiz nutqida sanoat, transport, tijorat huquqi, turizm, ta’lim va tashqi sheriklik bo‘yicha takliflar bildirildi: “Turkiy dunyo – 100” dasturi, tijorat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam shartnomasi va elektron hujjat almashish platformasi, logistika komplekslari tarmog‘i, “TDT plyus” formati. Ular bir zanjirning bo‘g‘inlari: sarmoya kiritish, ishlab chiqarish, mahsulotni jo‘natish va uning haqini huquqiy himoyalangan shartnoma asosida olish. O‘zbekistonning o‘rni shu zanjirni yaxlit taklif qilganida ko‘rinadi.

Ikkinchi asos – jug‘rofiy. O‘zbekiston jahon okeani portlariga chiqish uchun kamida ikki davlat hududidan o‘tishi zarur bo‘lgan mamlakat, shu ma’noda O‘rta koridor, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li va Transafg‘on yo‘nalishi biz uchun oddiy transport muammosinigina hal etish emas, balki eksport barqarorligini ta’minlash bilan bog‘liq jiddiy masaladir.

Uchinchi asos – institutsional. Mirvohid Azimovning Turkiy davlatlar tashkilotining yangi Bosh kotibi etib tayinlangani e’lon qilindi. Bu O‘zbekiston vakilining mazkur lavozimga birinchi marta tayinlanishi bilan ahamiyatli. Lekin Bosh kotib alohida davlatning emas, barcha a’zolarning umumiy manfaati uchun ishlaydi, shuning uchun voqeaning ahamiyatini dasturlar ijrosini ta’minlashdagi institutsional mas’uliyat bilan bog‘lab baholash to‘g‘riroq. 2027 yilgi 14-sammit O‘zbekistonda o‘tishi belgilangan, Qirg‘izistonning 2027 yili norasmiy sammitga mezbonlik qilish tashabbusi ham qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, O‘zbekistonning 2027 yildan Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qilishi 2027–2029 yillarda o‘zbek tashabbuslarini kengroq maydonda eshittirish imkonini beradi, garchi ikki tashkilotning kun tartibi bir xil bo‘lmasa ham.

Iqtisodiy imkoniyatni natijaga aylantirish shartlari

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yili O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar, shuningdek, kuzatuvchi Turkmaniston va Vengriya bilan savdo aylanmasi 10,8 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu mamlakatimiz umumiy tashqi savdo aylanmasining taxminan 13 foiziga teng. Ushbu davlatlarga eksport hajmi 3,8 mlrd dollar bo‘lgani holda, hisob-kitoblar uni yana 2,7 mlrd dollarga oshirish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatmoqda. Bu amaldagi eksport hajmiga nisbatan qariyb 71 foizlik qo‘shimcha salohiyat deganidir. Albatta, bu kafolatlangan o‘sish emas. Mavjud imkoniyatni ishga solish mahsulotlarning raqobatbardoshligi, transport xarajatlarini qisqartirish, savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish va ishonchli hamkorlik mexanizmlarini shakllantirishga bog‘liq.

To‘siqlarning ko‘pi rasmiy kelishuvlarda ko‘rinmaydi: sertifikatlash va texnik reglamentlar farqi, har chegarada qayta tekshiriladigan yuk, bir mamlakatda elektron, boshqasida qog‘ozda talab qilinadigan hujjat. Shunday sharoitda qo‘shma zavodning raqobat ustunligi yo‘qoladi va investitsiyadan kutilgan foyda cheklanadi.

Davlatimiz rahbari taklif qilgan “Turkiy dunyo – 100” dasturi yuzta qo‘shma investitsiya va sanoat loyihasini shakllantirishga qaratilgan. O‘zbekiston uchun nodir minerallarni chuqur qayta ishlash, “yashil” energetika uskunalari va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar muhim. Lekin bu taklif, tasdiqlangan portfel emas: har bir loyihada texnologiya qayerdan kelishi, mahsulotni kim sotib olishi, kadrlar qanday tayyorlanishi va mahalliy yetkazib beruvchilar qanchalik ishtirok etishi hali hal bo‘lmagan.

Turkiy investitsiya jamg‘armasi ushbu hamkorlikning muhim moliyaviy institutlaridan biridir. Istanbulda joylashgan jamg‘arma dastlab 500 mln dollar ustav kapitali bilan tashkil etilgan bo‘lsa, 2025 yil fevralda uning kapitali 600 mln dollarga oshirildi. Jamg‘arma savdo, sanoat, transport, energetika, raqamli infratuzilma hamda kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan. Biroq uning ustav kapitalini “Turkiy dunyo – 100” dasturi uchun ajratilgan tayyor mablag‘ sifatida baholash to‘g‘ri emas. Har bir loyihaning iqtisodiy samaradorligi, moliyaviy barqarorligi va ehtimoliy xatarlari alohida ko‘rib chiqiladi. Shu jihatdan 2025 yil fevralda jamg‘arma va Turkiy savdo-sanoat palatalari ittifoqi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi ham ahamiyatli. U investitsiya loyihalari uchun ishonchli biznes hamkorlarini topish va moliyalashtirish imkoniyatlarini o‘zaro bog‘lashga xizmat qilishi mumkin.

Huquqiy hamkorlik masalasida Prezidentimiz ilgari surgan muhim tashabbuslardan biri tijorat ishlari bo‘yicha ko‘p tomonlama huquqiy yordam shartnomasini ishlab chiqish va elektron hujjat almashish platformasini yaratish taklifidir. Anqara deklaratsiyasida esa fuqarolik ishlari bo‘yicha huquqiy yordamga oid ko‘p tomonlama shartnoma ustidagi ishlarni davom ettirish nazarda tutilgan. Bu yo‘nalishda hamkorlikning muayyan huquqiy asoslari allaqachon mavjud. Jumladan, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida 1997 yildan buyon amal qilayotgan ikki tomonlama shartnoma fuqarolik va savdo ishlari bo‘yicha sud qarorlarini o‘zaro tan olish hamda ijro etishni tartibga soladi. Yangi ko‘p tomonlama mexanizmning ahamiyati mavjud kelishuvlarni umumiy qoidalar asosida uyg‘unlashtirish, huquqiy yordam jarayonlarini soddalashtirish va tadbirkorlar uchun qulayliklarni kengaytirish imkoniyatida ko‘rinadi. Ayniqsa, hujjatlarni elektron almashish, so‘rovlarni ko‘rib chiqish muddatlari va sud qarorlarini ijro etish tartiblarining aniqligi transchegaraviy tijorat munosabatlarida huquqiy ishonchni mustahkamlashi mumkin.

Elektron imzolarni o‘zaro tan olish masalasida Yevropa Ittifoqining eIDAS reglamenti e’tiborga molik tajriba hisoblanadi. U elektron imzolarning transchegaraviy huquqiy kuchini ta’minlash uchun umumiy qoidalar bilan birga texnik standartlar va ishonchli raqamli infratuzilma ham zarurligini ko‘rsatadi. Turkiy davlatlar o‘rtasida ham shunday mexanizmni shakllantirish uchun bitim qabul qilishning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Milliy elektron imzo tizimlarining o‘zaro muvofiqligi, axborot xavfsizligi va hujjatlarning huquqiy maqomini ta’minlash tartiblari ham kelishilishi lozim.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik ham amaliy ahamiyatga ega. 29 oktyabrda Anqarada o‘tkazilgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida Biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashni ta’sis etish, imtiyozli savdo doirasidagi tovarlar ro‘yxatini kengaytirish va bojxona orqali o‘tadigan tovarlar hamda transport vositalari haqida oldindan elektron axborot almashishga oid hujjatlar imzolandi. Ushbu kelishuvlar TDTning ko‘p tomonlama qarorlari emas, biroq ularning amalda qo‘llanishi savdo tartiblarini soddalashtirish va raqamli axborot almashuvini takomillashtirishda muhim tajriba bo‘lishi mumkin. Samarali natija bergan ikki tomonlama mexanizmlarni keyinchalik turkiy davlatlar doirasida kengroq muhokama qilish uchun ham asos paydo bo‘ladi.

Transport va texnologiyadagi bog‘liqlik

Transport hamkorligida O‘rta kori­dor, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li, Zangazur va Transafg‘on yo‘nalishlari alohida o‘rin tutadi. Deklaratsiya yo‘laklar bo‘yicha umumiy strategiya tayyorlashga va butun marshrut bo‘yicha yuk tashishda uzluksizlikni ta’minlashga chaqiradi. Ammo yangi temir yo‘l qurilishi bilan yukning bozorga o‘z vaqtida yetib borishi bir narsa emas: yuk chegarada hujjat kutsa yoki portda konteyner almashtirish cho‘zilsa, magistraldan kutilgan tejam yo‘qoladi. Yukni rasmiylashtirish muddatini qisqartirish, elektron ruxsatnomalar va e-CMR kabi hujjatlarni rivojlantirish masalasi shuning uchun qo‘yilgan. e-CMR va elektron ruxsatnomalar barcha mamlakatlarda bir xil darajada qo‘llanilmaydi, yo‘lak samarasi shu farqlar qanchalik qisqarishiga bog‘liq.

Prezidentimiz taklif qilgan “Turkiy davlatlar logistika komplekslari tarmog‘i”ni ombor qurish bilan cheklab bo‘lmaydi: yuk harakati haqidagi ma’lumot, terminal quvvati, konteyner almashinuvi va tashuvchilar mas’uliyati yagona tizimda bog‘lanishi kerak. Farg‘ona vodiysida sharqiy temir yo‘lga xizmat qiladigan qayta ishlash, ombor va servis korxonalariga, g‘arbiy yo‘nalishlarda esa kichik yuklarni birlashtirib jo‘natish va terminal xizmatlariga ehtiyoj ortishi mumkin. Lekin har bir obyekt oldidan haqiqiy yuk oqimi va buyurtma hajmi tekshirilishi shart.

Raqamli hamkorlik transportdan alohida emas. Transkaspiy optik tolali kabel tarmog‘i (“Raqamli Ipak yo‘li”), “Raqamli turkiy dunyo” kontseptsiyasi, sun’iy intellektni boshqarish bo‘yicha maslahatlashuvlar va elektron imzolarni tan olishga doir ishlar bir yo‘nalishda harakat qilmoqda. Elektron shartnoma va yuk haqidagi ma’lumot boshqa mamlakatda huquqiy va texnik jihatdan qabul qilinmasa, raqamlashtirishdan kutilgan yengillik cheklanadi. O‘zbekiston uchun yana bir qirrasi bor: o‘zbek tilidagi sifatli raqamli ma’lumotlar, mahalliy dasturiy yechimlar va kiberxavfsizlik mutaxassislari shunday hamkorlikka jalb qilinsa, yangi bozorlar ochiladi. Elektr va ma’lumot infratuzilmasi – Markaziy Osiyo – Ozarboyjon “yashil” energiya yo‘lagi va kabel loyihalari hamkorlik tovar tashishdan kengroq bog‘liqlikka tayana boshlaganini ko‘rsatadi, lekin ular bir vaqtda ishga tushgani yo‘q.

Madaniyat va inson kapitali sohasida ham muhim tashabbuslar ilgari surildi. Andijonning 2026 yilda Turkiy dunyoning madaniy poytaxti deb e’tirof etilishi, Turkiy akademiyaning umumturkiy alifbo bo‘yicha tavsiyalari va Prezidentimiz taklif etgan “Umumturkiy so‘zlar lug‘ati” madaniy yaqinlikni ta’lim, tarjima texnologiyalari va raqamli til resurslari bilan bog‘lash uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Turizm sohasida ID-kartalar asosida o‘zaro safar qilishga oid ko‘p tomonlama bitim va “Turkiy turizm alyansi”ni tashkil etish takliflari alohida ahamiyatga ega. Toshkentning 2027 yilda Turkiy dunyoning turizm poytaxti deb e’tirof etilishi esa qo‘shma turistik marshrutlarni rivojlantirish, aviaqatnovlarni kengaytirish va sayyohlik xizmatlari sifatini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

Prezidentimiz “Yangi O‘zbekiston stipendiyasi” doirasida turkiy davlatlar yoshlari uchun har yili 200ta ta’lim granti ajratishga tayyorligini bildirdi. Bu tashabbusni turizm, muhandislik, logistika va raqamli iqtisodiyot sohalari uchun malakali kadrlar tayyorlash bilan bog‘lash kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishi mumkin.

Shaharsozlik sohasida esa 2027 yili O‘zbekistonda TDTga a’zo davlatlarning uy-joy va barqaror urbanizatsiya masalalariga mas’ul vazirlari uchrashuvini o‘tkazish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Yangi Toshkentni 2030 yilgi Butunjahon shahar forumiga mezbon sifatida ilgari surish tashabbusi ham ijobiy qabul qilindi. Bu borada tegishli xalqaro tanlov va tashkiliy jarayonlar hali oldinda.

O‘zLiDeP uchun yangi vazifalar

Anqara deklaratsiyasi qoidalarining partiya uchun ahamiyati shundaki, uning asosiy elektorati bo‘lgan tadbirkorlar bozorga kirish, eksport hujjati, transport tarifi va shartnoma kafolati bilan har kuni ishlaydi. Xalqaro hujjat milliy darajaga tushmaguncha tadbirkorga hech narsa bermaydi, milliy darajada esa uni qonun, byudjet qarori va idoraviy tartib hal qiladi. Partiyaning o‘rni aynan shu o‘tish bosqichida: qaysi masalada parlament, mahalliy kengashlar va tadbirkorlar tajribasi tutashishini aniqlash va uni qaror qabul qiluvchiga yetkazish.

Birinchisi – eksportchilar duch kelayotgan to‘siqlarni tizimli o‘rganish. Turkiy davlatlar bozorida ishlayotgan tadbirkorlardan qaysi mahsulotga qanday sertifikat talab qilinayotgani, qaysi chegarada qancha vaqt yo‘qotilayotgani, elektron hujjatlar nima sababdan qayta qog‘oz shaklida so‘ralayotgani haqida aniq ma’lumotlarni to‘plash zarur. Har bir holat mamlakat, tovar, muddat va xarajat bilan yozilsa, u shikoyatdan asosli taklifga aylanadi. Partiya bu ma’lumotni Savdo-sanoat palatasi va sohaviy uyushmalar bilan solishtirib, fraktsiyaning deputatlik so‘rovi orqali mas’ul idoralarga kiritishi, javob muddati va natijani ochiq kuzatishi mumkin. Bunda u vakolatli idoraning o‘rnini egallamaydi: davlatlararo shartnoma tuzish vakolati tegishli davlat organlarida qoladi, partiya esa taklifning asosli bo‘lishini ta’minlaydi.

Ikkinchisi – qonunchilik tahlili va parlament nazorati. Fuqarolik ishlari bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordamga oid xalqaro shartnoma ratifikatsiyaga kiritilganda O‘zLiDeP fraktsiyasi uning tadbirkorlar uchun qanday qo‘shimcha kafolatlar yaratishini, amaldagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shartnomalardan qaysi jihatlari bilan farq qilishini atroflicha o‘rganishi zarur. Elektron imzolarni o‘zaro tan olishga oid bitimning ratifikatsiya qilinishi esa uning mazmuni va huquqiy maqomiga bog‘liq. Bu masalalarning chuqur tahlil qilinishi parlament muhokamala­rida aniq va asosli takliflarni ilgari surish imkonini beradi.

Uchinchisi – hududiy kesim. Transport yo‘lagi yoki sanoat zanjirining foydasi respublika bo‘yicha bir xil taqsimlanmaydi. Farg‘ona vodiysi sharqiy temir yo‘l bilan bog‘liq logistika va qayta ishlashda, Navoiy va boshqa sanoat markazlari yuqori qo‘shilgan qiymatli ishlab chiqarishda, xizmat salohiyati kuchli shaharlar turizm va savdoda o‘z imkoniyatini ko‘radi. Mahalliy kengash deputatlari aniq yuk va buyurtma hajmlariga tayanib hududiy baho bersa, partiya tayyor investitsiya portfelini emas, mutaxassislar va biznes vakillari uchun dastlabki tahliliy asos taqdim etadi.

To‘rtinchi yo‘nalish – xorijiy partiyalar tajribasini o‘rganish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish. Bu borada Turkiyaning Adolat va taraqqiyot partiyasi (AK Parti) tajribasi e’tiborga molik. Partiya tarkibida 2025 yili Turkiy davlatlar bilan aloqalar bo‘yicha alohida boshqarma tashkil etilib, unga Bosh rais o‘rinbosari Kurshad Zorlu rahbar etib tayinlangan. Bu turkiy davlatlar siyosiy partiyalari bilan hamkorlikni tizimli ravishda olib borishga qaratilgan tashkiliy yondashuvdir.

O‘zLiDePning bu borada muayyan tajribasi va hamkorlik aloqalari mavjud. Jumladan, Turkiyaning AK Parti partiyasi bilan 2025 yil 9 sentyabrda imzolangan memorandum va 2026 yil 7 iyuldagi uchrashuv, shuningdek, Ozarboyjonning “Yangi Ozarboyjon” partiyasi bilan tuzilgan hamkorlik memorandumi partiyalararo munosabatlarni rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Endi ushbu aloqalarni aniq amaliy ishlar bilan boyitish zarur. Xususan, tadbirkorlarning tashqi bozorlarga chiqishidagi to‘siqlarni birgalikda o‘rganish, qo‘shma sanoat loyihalari va raqamli savdo bo‘yicha ekspertlar muloqotini tashkil etish, partiyalar huzuridagi tahliliy markazlar o‘rtasida doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim vazifalardan hisoblanadi.

Shu bilan birga, Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi siyosiy partiyalar bilan hamkorlikni kengaytirish, turkiy davlatlar partiyalari o‘rtasida iqtisodiy islohotlar va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajriba almashishning muntazam mexanizmlarini shakllantirish O‘zLiDeP xalqaro faoliyatining navbatdagi vazifasi bo‘lishi lozim.

Beshinchisi – ijroni kuzatish. “Aql markazi”ning eng amaliy ishi – TDT qarorlarining haqiqiy maqomini muntazam belgilash: 2027–2031 yillar strategiyasi yakunlandimi, elektron imzo bo‘yicha bitim imzolandimi, jamg‘arma qaysi sohalarda loyiha moliyalashtirmoqda, “Turkiy dunyo – 100” bo‘yicha dastlabki saralangan loyihalar bormi? Bu savollarga manbali javob tadbirkor ham, deputat ham tayana oladigan ma’lumot bo‘ladi, uning asosiy fazilati esa tashabbusni qabul qilingan qaror deb ko‘rsatmasligidir.

Anqara sammiti turkiy hamkorlik qaysi nuqtada turganini ko‘rsatdi: siyosiy hamkorlikning tashkiliy asoslari mustahkamlanmoqda, iqtisodiy sheriklikning umumiy qoidalari esa bosqichma-bosqich shakllanmoqda. O‘zbekiston takliflari bu jarayonning sanoat, transport, huquq va inson kapitaliga oid yo‘nalishlarini qamrab olgan. Ushbu tashabbuslarning amaliy natijasi ko‘p jihatdan yangi tartiblarni dastlab ikki tomonlama hamkorlikda sinab ko‘rish va ularni tadbirkorlar hamda hududlarning aniq ehtiyojlari bilan bog‘lashga bog‘liq. O‘zLiDePning hissasi shu yerda o‘lchanadi: xalqaro hujjatdan milliy darajada amaliyotga kiritish mumkin bo‘lgan taklif chiqara olishida.

 

Sardor MARIPOV,

O‘zLiDeP Strategik va dasturiy

hujjatlar bilan ishlash departamenti rahbari

Saytni yangi dizayni yoqdimi?