“AvtoJon.uz” startap loyihasi orqali haydovchilik guvohnomasini olishga tayyorlanayotgan fuqarolar imtihonlarga mustaqil tayyorlanishi mumkin
O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturida belgilangan “Yoshlarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida Gʻijduvonda yoshlar ishtirokida muloqot tashkil etildi.
Unda innovasion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni zamonaviy kasb va tadbirkorlikka jalb etish hamda yangi texnologik yechimlarni amaliyotga tatbiq qilish masalalari muhokama qilindi. Tadbirda “AgriTech & FoodTech”, “EdTech”, “FinTech”, “HealthTech”, “GreenTech & Climate”, “TourismTech & Culture” kabi istiqbolli yo‘nalishlarda startaplarni rivojlantirish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Partiya tuman Kengashi apparati rahbari, mahalliy Kengash deputati Gʻolib Po‘latov yoshlarning taklif va tashabbuslarini tinglab, ularni biznes loyihalarga aylantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi.
Muloqotda Gʻijduvon tumani 2-son texnikumining 1-kurs talabasi Boymurod Davronov tomonidan ishlab chiqilgan “AvtoJon.uz” platformasi ham taqdim etildi. Mazkur startap haydovchilik guvohnomasini olishga tayyorlanayotgan fuqarolar uchun yo‘l harakati qoidalarini mustaqil o‘rganish va imtihonga tizimli tayyorlanish imkonini beradi. Platformada professional videodarslar, testlar, imtihonlarning 7 xil turi hamda yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha o‘quv materiallari jamlangan. Yosh startapchining bu tashabbusi zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ta’lim jarayonini qulay va interaktiv tashkil etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bugun yoshlarning innovasion g‘oyasini qo‘llab-quvvatlash — uning kelajakdagi imkoniyatiga sarmoya kiritish demakdir. O‘zLiDePning “Yoshlarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasidagi bunday muloqotlar yoshlarga o‘z g‘oyalarini taqdim etish, mutaxassislar va tadbirkorlardan tavsiya olish, loyihalarini takomillashtirish va ularni amaliy biznes tashabbuslariga aylantirish uchun muhim maydon yaratmoqda.