Shirinda “Ishbilarmon ayol – 2026” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichi yakunlandi
O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat va Shirin shahar Kengashlari tomonidan “Ishbilarmon ayol – 2026” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichi o‘tkazildi.
Tanlovda 8 nafar ishtirokchi o‘z biznes loyihalari, qo‘l mehnati namunalari va tadbirkorlik faoliyati natijalarini taqdim etdi. Yakunlarga ko‘ra, “Vatanparvar” MFYdan Gulshoda Yusupova 1-o‘rinni, “Bunyodkor” MFYdan Shahnoza Yaxyoyeva 2-o‘rinni, “Do‘stlik” MFYdan Nodira Muxtorova 3-o‘rinni egalladi.
Ta’kidlash kerak, tanlov g‘olibi Gulshoda Yusupova dekorativ gulchilik sohasida 3 yildan buyon faoliyat yuritib, bugungi kunda 10 nafar ayolni doimiy ish bilan ta’minlagan. Ayni paytda 20 nafardan ziyod qizlarga “Ustoz-shogird” an’anasi asosida hunar o‘rgatmoqda. U kelgusida ish o‘rinlari sonini 50 taga yetkazish va mahsulotlarini qo‘shni davlatlarga eksport qilishni maqsad qilgan.
Tanlov yakunida g‘oliblarga partiyaning diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu kabi tadbirlarning xotin-qizlarning tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularning yangi g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdagi ahamiyati yana bir karra e’tirof etildi.