Asosiy kontentga o‘tish
Juma 09-oktyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Yangiliklar

Taraqqiyot va xavfsizlik yo‘lida birdamlik va ishonch

09.10.2026 93
Taraqqiyot va xavfsizlik yo‘lida birdamlik va ishonch

Prezidentimiz Turkmanistondagi “Avaza”» milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvidagi nutqida so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda katta o‘zgarishlar ro‘y bergani, xususan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, o‘zaro ishonch mustahkamlanganini alohida ta’kidladi.

Mamlakatimiz rahbari o‘z nutqida kelgusida hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga ham alohida to‘xtaldi. Xususan, Markaziy Osiyo va qo‘shni mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, uning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olish muhim vazifalardan biri ekanini urg‘ulandi.

Davlatimiz rahbari ushbu masalani kelgusi yili Toshkentda o‘tkazadigan «Tinchlik va barqaror o‘zaro bog‘liqlik yo‘lidagi mintaqalararo muloqot: Markaziy Osiyo yondashuvi» deb nomlangan xalqaro konferensiyada batafsil muhokama qilishni taklif etdi. Bu esa Markaziy Osiyo va qo‘shni mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va transport-logistika aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Ikkinchi ustuvor yo‘nalish mintaqaviy muloqotning institutsional asoslarini mustahkamlashga qaratildi. Bu borada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari faoliyatini tartibga soladigan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish taklif etilgani mintaqaviy hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash, davlatlar o‘rtasidagi kelishuvlarning izchil amalga oshirilishini ta’minlashga turtki beradi.

Uchinchi yo‘nalish sifatida Iqtisodiy hamkorlikni yangi darajaga ko‘tarish ilgari surildi. Bunda Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha 2035-yilgacha mo‘ljallangan keng qamrovli mintaqaviy dastur muhim o‘rin tutishi, bu boradagi ishlarni rivojlantirish uchun 2027-yilda Xiva shahrida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes forumini o‘tkazish taklif etildi. Bu esa mintaqada savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, investitsiyalarni jalb etish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

To‘rtinchi yo‘nalish mamlakatlarimizni zamonaviy transport va logistika tarmog‘i bilan bog‘lash masalasiga qaratildi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, mintaqamiz global savdoning quruqlikdagi eng muhim yo‘nalishlaridan biriga va ayni paytda iqtisodiy faollikning yirik markaziga aylanishi mumkin. Ammo buning uchun faqat yo‘l va temir yo‘llar qurishning o‘zi yetarli emas. Transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha umumiy mantiq zarur. Yo‘nalishlar bir-birini davom ettirishi va yagona tizim sifatida ishlashi uchun yirik loyihalarni o‘zaro muvofiqlashtirish zarur.

Davlatimiz rahbari mintaqamiz kelajagi uchun eng muhim masalalardan biri – bu inson resurslari ekanini alohida ta’kidladi. Chunki Markaziy Osiy davlatlari katta demografik salohiyatga ega. Aholi soni ortib borayotgani, uning tarkibida yoshlar ulushining ko‘payayotgani mintaqa iqtisodiyoti o‘n, yigirma, o‘ttiz yildan keyin qanday bo‘lishi ko‘p jihatdan aynan ularning ta’limi va kasbiy tayyorgarligi sifatiga bog‘liq bo‘ladi. Shu bois, ta’lim va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamkorlikda amalga oshirish yo‘nalishlarida alohida o‘rin egallaydi. Buning uchun talab yuqori bo‘lgan kasblar va kompetensiyalarning mintaqaviy atlasini ishlab chiqish taklif etildi. Bu tashabbus yoshlarni kelajakda talab yuqori bo‘ladigan kasblarga yo‘naltirish va ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashadi.

Umuman olganda, Maslahat uchrashuvida ilgari surilgan tashabbuslarning amalga oshirilishi Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish hamda aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

 

Zafar XUDOYBERDIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?