Xalq bilan birga: Bo‘stonboshida sayyor qabulda fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatildi
“Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida aholi muammolarini joyida o‘rganish va fuqarolar murojaatlariga amaliy yechim topish maqsadida O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi tomonidan Buloqboshi tumanidagi 3-umumta’lim maktabida sayyor qabul tashkil etildi. Unda mahalliy Kengash deputatlari, mutasaddi tashkilotlar vakillari hamda tumandagi 37 ta mahalladan 158 nafar fuqaro ishtirok etdi.
Sayyor qabul davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga manzilli yordam ko‘rsatildi. Jumladan, “Buyuk Turon” mahallasida yashovchi Sherzod Badriddinovga elektron boshqaruvli nogironlik aravachasi, “Sharq yulduzi” mahallasida istiqomat qiluvchi Nihola To‘lanovaga esa maxsus matras topshirildi.
Shuningdek, yana 6 nafar fuqaroga korsetlar, eshitish moslamalari, qo‘ltiqtayoqlar va boshqa zarur tibbiy vositalar berildi. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Neftchilar” mahallasida yashovchi Hadicha Qodirovaga 7 million 728 ming so‘mlik, “Chopar” mahallasida istiqomat qiluvchi Muslima Mahmudovaga esa 2 million 746 ming so‘mlik ta’lim kontraktini to‘lash uchun vaucherlar ajratildi. Bundan tashqari, yana 3 nafar yoshga haydovchilik guvohnomasini olish xarajatlari uchun har biri 1 million 648 ming so‘mlik vaucherlar topshirildi.
Qabulda ijtimoiy himoya, tibbiy yordam, bandlik, ta’lim, moddiy ko‘mak va hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Ayrim murojaatlar joyida hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan masalalar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Bunday sayyor qabullar aholi bilan ochiq muloqotni mustahkamlash, insonlarning kundalik hayotidagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga amaliy yechim topishda muhim ahamiyat kasb etadi.