Tabiatni asrash - hayotni asrash

07.05.2022, 15:00

Tabiatni asrash - hayotni asrash

O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bilan hamkorlikda “Tabiatni asrash - hayotni asrash” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Unda atrof-muhitni muhofaza qilishda boshqarmaning vazifalari, shuningdek, chiqindilarning fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga, atrof-muhitga zararli ta’sirining oldini olishda «Toza hudud» unitar korxonasi tomonidan qanday ishlar amalga oshirilayotgani haqida ma’lumot berildi. Tadbirda partiya deputatlari, talaba-yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ko‘pincha bahor va yoz fasllarida tabiat qo‘ynida dam oluvchilar yanayam ko‘payadi. Bu yaxshiyu, biroq ko‘p hollarda fuqarolarning atrof-muhitga turli chiqindilarni tashlab, ifloslantirishiga duch kelinmoqda. Ushbu holatlarga nisbatan ma’muriy, kerak bo‘lsa, jinoiy javobgarlik choralari ham qo‘llanilayapti. Biroq ahvol bungacha bormasligi, odamlarda tabiatni asrab-avaylash, kelgusi avlodga yetkazishdek mas’uliyatni shakllantirishimiz kerakligi ta’kidlandi.

Bu borada davlat rahbarining 2021 yil 30 dekabrdagi PQ-76-sonli qaroriga asosan Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining yangi vazifalari belgilandi. Bundan tashqari, “Yangi O’zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni 2022 yil – Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi”ning VI yo‘nalishdagi 79-80 maqsadlarida ham bir qancha vazifalar berilgan. Ochiq muloqotda mazkur vazifalarning ijrosini ta’minlashda tegishli  idoralar tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlari va deputatlarimiz tomonidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    4270
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+