Partiyaga qanday a'zo bo'lish mumkin?

I. O’ZBEKISTON LIBERAL-DEMOKRATIK PARTIYASIGA A’ZOLIK

1.1. Partiyada chegaralangan a’zolik tartibi o‘rnatiladi. Partiyaga 18 yoshga to‘lgan, Partiya Dasturini tan oladigan va Ustavi talablarini bajaradigan, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi va jamiyatda egallagan mavqeidan qat’iy nazar, O’zbekistonning har bir layoqatli fuqarosi a’zo bo‘lishi mumkin.

1.2. Partiyaga a’zolik yakka tartibda bo‘ladi. Partiyaga qabul qilish yashash yoki ish joyidagi partiya tashkilotiga yoki Partiyaning tuman (shahar) Kengashiga yozma yoxud partiya veb sayti orqali elektron ariza berish asosida amalga oshiriladi.
Partiyaga a’zo bo‘lgan shaxslarga ularning turar joyi yoki ish joyidagi partiya tashkiloti yoki Partiyaning tuman (shahar) Kengashi tomonidan o‘rnatilgan namunadagi Partiya a’zosi guvohnomasi beriladi.

1.3. Partiya a’zolari hisoblangan shaxslar boshlang‘ich partiya tashkilotiga yozma ravishda ma’lum qilish orqali Partiyadan ixtiyoriy ravishda chiqishlari mumkin.

1.4. Partiya a’zosi Partiya Ustavini buzgani, Ustav talablarini bajarmagani, Partiya sha’niga dog‘ tushirgani yoki unga ziyon yetkazadigan hatti-harakatlari uchun tanbeh berilishi yoki Partiya safidan chiqarilishi mumkin. Partiya safidan chiqarish haqidagi qaror Partiyaning tuman (shahar) bo‘limi tomonidan qabul qilinadi va hududiy partiya tashkilotiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
Hududiy partiya tashkiloti va Partiyaning tuman (shahar) bo‘limlari Kengashlari a’zolarini Partiyadan chiqarish to‘g‘risidagi qaror tegishli hududiy partiya tashkiloti tomonidan qabul qilinadi va Partiya Siyosiy Kengashining Ijroiya qo‘mitasida tasdiqlanadi.

1.5. Partiya safidan chiqarish haqidagi qaror ustidan Partiyaning yuqori turuvchi organlariga shikoyat qilinishi mumkin.

1.6. Partiya a’zosi bir vaqtning o‘zida o‘zga partiyalarga yoki siyosiy maqsadlarga erishish yo‘lida tuzilgan jamoat birlashmalariga (harakatlariga) a’zo bo‘lishga haqli emas.

II. O’ZBEKISTON LIBERAL-DEMOKRATIK PARTIYASI A’ZOSINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

2.1. Partiya a’zosi quyidagi huquqlarga ega:
– Partiyaning turli bo‘g‘indagi tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish, o‘z qarashlarini erkin bayon etish va Partiya faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish;
– Partiyaning rahbar organlariga saylash va saylanish, ularga ariza va takliflar bilan murojaat etish;
– davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organlariga Partiya nomidan nomzod sifatida tavsiya etilish;
– o‘zining qonuniy huquq va manfaatlarini himoyalanishida Partiya ko‘magidan foydalanish, konsultatsiyalar, huquqiy va boshqa yordamlar olish.

2.2. Partiya a’zosining majburiyatlari:
– O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari, axloq prinsiplari va jamiyatning ma’naviy mezonlariga rioya qilish;
– Partiya Dasturi va Ustavi talablarini bajarish, partiyaviy intizomga qat’iy rioya qilish;
– Partiya rahbar organlari qarorlarini bajarish;
– o‘z faoliyati bilan Partiyaning dasturiy maqsad va vazifalariga erishishda ko‘maklashish;
– Partiya manfaatlarini himoya etish, uning g‘oya, maqsad va vazifalarini targ‘ib qilish hamda ularni hayotga tatbiq etishda faol qatnashish;
– a’zolik badallarini o‘z vaqtida to‘lab borish;
– Partiyaning rahbar organi yoki hududiy tashkiloti belgilagan tartibda muntazam ravishda partiyaviy o‘quvlarda qatnashish;
– davlat hokimiyatining qonunchilik, vakillik organiga deputat etib saylangan taqdirda Partiyaning deputatlik birlashmasi (fraksiyasi, partiya guruhi) tarkibiga kirish hamda Partiya S’ezdi, rahbar organlari va hududiy tashkilotlari qarorlari asosida faoliyat yuritish.

  • Ko'rildi
    2098
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish