Bosh qomusimizning pishiq-puxta, yanada xalqchil, tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘lishiga xizmat qiladi

29.07.2022, 16:28

Bosh qomusimizning pishiq-puxta, yanada xalqchil, tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘lishiga xizmat qiladi

Bugun Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni qizg‘in pallaga kirdi. O'zLiDeP Angren shahar Kengashi tashabbuskorligida “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ xodimlari bilan o‘tkazilgan ochiq muhokama ham ayni shunday tadbirlardan biri bo‘ldi.

O’zaro ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbirda Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari Otabek Anorov, Li Vadim Gennadevich, partiya shahar Kengashi apparat rahbari Muqaddam Narbayeva, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ Bosh direktori G’ulomjon Ibragimov va korxona xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirda bugun yurtimizda kechayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati borasida atroflicha tushuntirishlar berildi. Mustaqillik ne’matining qadriga yetish, mamlakatdagi tinchlik va osoyishtalikni asrash, mustaqillikni mustahkamlash yo‘lida hamjihatlik bilan ish olib borish xususida ham to‘xtalindi.

Ochiq muloqot tadbirida ishtirok etgan deputatlar hozirgi kunda O’zbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish sari dadil odimlab borayotgani haqida so‘zlasharkan, Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar ham buning yorqin dalili ekaniga e’tibor qaratishdi. Xususan, Konstitutsiyaning 53-moddasiga kiritilayotgan o‘zgarish davlatning iqtisodiy jarayonlardagi ishtirokini oqilona chegaralar doirasida kamaytirishni, iqtisodiyot tarmoqlarini hududiy va sohaviy kesimda boshqarishda aniq, shaffof va natijaga yo‘naltirilgan mexanizmlardan foydalanishni hamda fiskal dastaklar orqali ijtimoiy muammolarni hal qilish maqsadida moliyaviy resurlarni qayta taqsimlashni nazarda tutishini atroflicha tushuntirishdi.

Ayni mana shu yondashuv asosida iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlantirish yo‘nalishlari belgilanayotganiga urg‘u berishdi. Bularning barchasi insonning iqtisodiy farovonligini ta’minlashni ko‘zlayotganini alohida qayd etishdi.

Muhokamada korxona ishchi-xodimlarining ham fikr-mulohazalari tinglanib, Konstitutsiyaviy Qonun loyihasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar yuzasidan takliflari olindi.

Ochiq muloqotda ta’kidlanganidek, mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalar yuzasidan aholidan olinayotgan har bir taklif Bosh qomusimizning pishiq-puxta, yanada xalqchil, tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘lishiga xizmat qiladi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat  Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    701
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+