Mo‘ynoqliklarni ruhlantirgan muloqot

07.09.2023, 16:16

Mo‘ynoqliklarni ruhlantirgan muloqot

O‘zLiDePning Orolbo‘yi hududidagi faollaridan biri, mustaqilligimizning 32 yilliga arafasida Prezidentimiz farmoniga binoan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan taniqli tadbirkor Amina Bekjanovani qoraqalpog‘istonliklar yaxshi bilishadi va olijanob ishlarini e’tirof etishdi.

Istiqlol tantanalari nishonlangan kunlarda u Nukusdan ancha olisga yo‘l oldi. To‘g‘rirog‘i, mo‘ynoqlik yoshlar bilan uchrashib, mustaqillikning mohiyati va ahamiyati xususida dildan suhbatlashdi.

Ishbilarmon ayol keyingi yillarda xususiy mulk va kichik biznes egalari manfaatlarini ishonchli himoyalashni ta’minlash, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan islohotlarning amaliy natijalari xususida batafsil so‘z yuritdi. Har bir oilada real daromadga ega bo‘lishga moyill ik hissi shakllanayotgani ularning tashabbuslari davlat tomonidan rag‘batlantirilayotgani hosilasi ekanini ta’kidladi.

Bularning barchasi mamlakatimizda ishlab chiqarish va xizmatlarning misli ko‘rilmagan turlari, ko‘plab yangi ish joylari yuzaga kelishiga asos bo‘lyapti. Xalq ongi va tafakkuri, dunyoqarashining o‘zgargani mustaqillik yillarida erishgan eng katta boyligimizdir.

Mo‘ynoqlik yigit-qizlar keyingi yillarda kredit va subsidiya olish, litsenziya, ko‘chmas mulk va resurslarga ega bo‘lish, eksport kabi masalalarda ko‘plab yangi imkoniyat va sharoitlar yaratilayotganidan mamnunligini izhor etishdi. Ortiqcha tekshirishl ar, naqd pul, valyuta va xom ashyo bo‘yicha mavjud cheklovlar, to‘siq va g‘ovlarning aksariyatiga barham berilgani, ayniqsa, quvonarli.

Eng asosiysi, davlat idoralarida tadbirkorlarga nisbatan munosabat o‘zgardi, jamiyatda ularning obro‘si va mavqei kun sayin ortib bormoqda. Natijada ichki va tashqi bozorda o‘z mustahkam o‘rniga, nufuzi va brendiga ega bo‘lgan haqiqiy tadbirkorlarimiz sinfi shakllana boshladi.

Iqtisodiyotimiz tayanchi va islohotlarimiz lokomotiviga aylangan  tadbirkorlar uchun imkoniyat va sharoitlar yoshlarni biznes yo‘lini tanlashga undamoqda. Avvallari tadbirkorlar uchun  bunday sharoitlar bo‘lmagan edi.

– Turizm sohasida biznes ochish niyatida bo‘lgan yoshlar shu sohada bir yil davomida tajriba to‘plab olishini maslahat bergan bo‘lar edim, – deydi Amina Bekjanova. – Bu borada nima yordam kerak bo‘lsa, men tayyorman.

Muxtasar xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, Amina Bekjanova 25 nafar yoshni doimiy ish bilan ta’minlagan. Qorqalpog‘iston Respublikasiga kelayotgan sayyohlarga 12 turdagi xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha katta tajriba to‘plab, o‘ziga xos maktab yaratgan.

Uchrashuv yakunida tadbirkor ayol yoshlarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil  javob berdi. Xullas, Mo‘ynoqdagi muloqot tillardan dillarga ko‘chib, navqiron avlod vakillariga motivatsiya bag‘ishladi.

O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    115
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+