Buxoroda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining ijrosini o‘rganish yakunlari muhokama qilindi

22.11.2023, 16:16

Buxoroda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining ijrosini o‘rganish yakunlari muhokama qilindi

Ma’lumki, O'zLiDeP Buxoro viloyati tuman va shahar Kengashlari huzurida tashkil etilgan ishchi guruhlari tomonidan joylarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga doir amalga oshirib kelinayotgan ishlar jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganib chiqildi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi O'zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishida ushbu o‘rganishlar natijalari muhokama etilib, bu borada kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.  

Deputatlik guruhi yig‘ilishida Markaziy bank viloyat boshqarmasi, viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik viloyat boshqarmalari vakillarining oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlar to‘g‘risidagi masalalar yuzasidan axborotlari tinglandi. 

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2023 yil 31 yanvardagi tegishli Qaroriga asosan joriy yilda viloyatda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 1 150 mlrd.so‘m imtiyozli resurs mablag‘lari ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Joriy yilning o‘tgan davrida, aholini tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va shu orqali bandligini ta’minlash maqsadida, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida yanvar-noyabr oylari davomida 33 587 ta fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlariga 827,4 mlrd. so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilib, 33 587 nafar fuqarolar bandligi ta’minlandi.

 Jumladan, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohasi va  ishlab chiqarish, hunarmandchilikni rivojlantirishga qaratilgan va boshqa yo‘nalishlar uchun ishlab chiqilgan loyihalarga binoan tegishli miqdordagi imtiyozli kreditlar ajratilgan.

Xususan, ajratilgan kreditlarning 414,3 mlrd.so‘mi 18 465 nafar ayollarga, 304,3 mlrd.so‘mi 12 123 nafar yoshlarga ajratildi.

 Joriy yilning 10 oyi davomida jami 827,4 mlrd.so‘m imtiyozli kreditlar o‘zlashtirilib 34 ming nafarga yaqin fuqarolar bandligi ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Biroq, viloyatda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishda ayrim kamchilik va muammolar ham yo‘q emas. Joriy yilning 1 sentyabr holatida ushbu dasturlar doirasida ajratilgan kreditlar bo‘yicha yuzaga kelgan muammoli (NPL) kredit qarzdorligi 53,9 mlrd.so‘m bo‘lib, bu kredit portfeli (1,6 trln.so‘m)ning 3,0 foizini tashkil qiladi.

Garchi bu boradagi ko‘rsatkich respublikamizning boshqa viloyatlariga qaraganda ijobiy baholansada, muammoli kredit qarzdorligi viloyatning Qorako‘l, Jondor, Romitan, Shofirkon, Buxoro tumanlari hamda Buxoro shahrida yuqoriligicha turibdi.

Yig‘ilishda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida joriy yil oxirigacha bajarilishi rejalashtirilgan asosiy vazialar yuzasidan ham batafsil so‘z yuritilib, jumladan, 322,6 mlrd.so‘m imtiyozli kredit resurslari o‘zlashtirish orqali 10 ming nafardan ortiq fuqarolar bandligini ta’minlash nazarda tutilganligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan O'zLiDeP Siyosiy Kengashi ijroiya qo‘mitasi Siyosiy ta’lim markazi rahbari Nasimjon Alimov keyingi paytda Buxoro viloyatida oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sezilarli natijalarga erishilayotganligini, bu esa mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari va keng jamoatchilikning sa’y-harakatlari samarasi ekanligini, shu bois Buxoro tajribasini yurtimizda keng ommalashtirish maqsadga muvofiq ekanligini alohida qayd etdi. Ayniqsa, ayollar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga keng miqyosda e’tibor berilayotganligi ishchi guruhlari o‘z o‘rganishlari davomida e’tirof etganlaridek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga tadbirkorlikning aynan mazkur yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar salmog‘i oz emas. Bu esa o‘z navbatida kelgusida ham amaliy natijalarini berishi turgan gap.

Yig‘ilishda muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

  • Ko'rildi
    82
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+