Jamoatchilik nazorati: Navoiyda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyati o‘rganilyapti

26.02.2024, 21:48

Jamoatchilik nazorati: Navoiyda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyati o‘rganilyapti

Prezidentimizning 2021 yil 21 apreldagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilingan edi.

Unga ko‘ra erkin iqtisodiy zonalar bo‘yicha mavjud tajriba asosida, hududlarda yoshlar kichik sanoat zonalari tashkil etilishini, bu sanoat zonalarida o‘sib kelayotgan avlod vakillarining biznes loyihalari joylashtirilishi belgilab berilgan edi.

Shuningdek, yoshlarning loyihalarini moliyalashtirish uchun jamg‘arma tashkil etilib, unga 100 million dollar mablag‘ ajratilishi belgilangan edi. Jamg‘arma yoshlarning loyihalarini ro‘yobga chiqarish uchun qulay shartlarda va past foizlarda moliyalashtiradi. Bundan tashqari, kichik sanoat zonalarida ishlab chiqarish binolari qurilib, yoshlarga imtiyozli shartlarda ijara va lizing asosida berilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi tashbbusi bilan tashkil etilgan jamoatchilik nazorati tartibidagi deputatlik eshituvida Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida partiya deputatlik guruhlari tomonidan olib borilgan o‘rganish yakunlari muhokama qilindi, bu bo‘yicha maʼsul rahbarlarning hisoboti tinglandi.

O‘rganish natijalari tahlil qilinganda, Nurota tumanning “Mustaqillik” MFY hududida joylashgan 3 gektar yer maydonida Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil etilgan. Bosh rejaga asosan ushbu yer maydoni 20 ta lotlarga bo‘lingan holda, 9 nafar yosh tadbirkorlik subyektlariga auksion savdolari orqali ajratib berilgan. Ushbu lotlarda umumiy qiymati 9,5 mlrd.so‘mlik, 33 ta yangi ish o‘rinlariga ega bo‘lgan jami 7 ta investitsiya loyihalari joylashtirilgan. Joriy yilning 22 fevral holatiga ko‘ra jami 183,9 mln so‘m yoki ajratilgan mablag‘ga nisbatan 66,4% moliyalashtirilgan.

2023 yilda Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi hududida umumiy qiymati 5,2 mlrd so‘mlik 2 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilgan.

Qiziltepa tumanining “Navqiron” MFY hududida joylashgan 5 gektar yer maydonda Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil etilgan. Bosh rejaga asosan ushbu yer maydoni lotlarga bo‘lingan holda, 43 nafar yosh tadbirkorlik suyektlariga ajratib berilgan. Ushbu lotlarda umumiy qiymati 51,3 mlrd. so‘mlik, 290 ta yangi ish o‘rinlariga ega bo‘lgan jami 43 ta investitsiya loyihalari joylashtirilgan.

Joriy yilning 22 fevral holatiga ko‘ra jami 3758,3 mln so‘m yoki ajratilgan mablag‘ga nisbatan 118,8% moliyalashtirilgan.

Shuningdek, qilingan ishlar bilan baʼzi kamchiliklar borligi ham aytib o‘tildi. Unga ko‘ra, elektr tarmoqlari sanoat zonasining boshlang‘ich qismiga qadar tortib kelingan bo‘lib, sanoat zonasining ichki qismiga tortilmaganligi, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining kredit olish maqsadida garov taʼminoti sifatida qo‘ymoqchi bo‘lgan qurilishi qisman tugatilgan ko‘chmas mulk obyektlarini bank tomonidan garov taʼminotiga olinishi rad qilinmoqda. Buning natijasida loyiha tashabbuskorlari tomonidan qurilish ishlarini amalga oshirishda bir qator qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

Karmana tumanining “Hazara” massivida 3 gektar yer 30 ta lotga ajratilgan bo‘lib atiga 3 tasi sotilgan. Buning sabablari o‘rganilganda ajratilgan hudud tuman markazidan 30 km uzoqlikda joylashgan va atrofda aholi yashash mazillari mavjud emasligi aniqlandi.

Aniqlangan kamchilik va muammolar deputatlik guruhi yig‘ilishida keng muhokamalar bo‘ldi, ushbu masalalar yechimi yuzasidan bildirilgan takliflar umumlashtirildi hamda Xalq deputatlari Navoiy viloyat kengashining doimiy komissiyasiga taqdim etildi.

  • Ko'rildi
    62
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+