Qibraylik xotin-qizlar muammolari o‘rganildi

01.03.2024, 21:53

Qibraylik xotin-qizlar muammolari o‘rganildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Dilbar Usmonova hamda Gulshana Xudayarova Qibray tumani “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yig‘inida xotin-qizlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi.

 Xalq vakili Dilbar Usmonova o‘zaro ochiq, samimiy muloqot asnosida yig‘ilganlarga “O’zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 25-maqsadida xotin-qizlar masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilib, bu borada bir qator maqsad-vazifalar ko‘zda tutilgani xususida fikr yuritdi.

Xususan, unda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash masalalari amalga oshirilishi muhim bo‘lgan masalalar sirasiga kiritilgani haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, xotin-qizlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashish, ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, kasb-hunarga o‘qitish va o‘zini o‘zi band qilish, ayollarni tazyiq hamda zo‘ravonlikning turli shakllaridan himoyalash, xorijiy mamlakatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chiqib ketgan xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida aniq chora-tadbirlar belgilab berilganini ta’kidladi.

Davlat dasturida xotin-qizlarning oiladagi o‘rni, ijtimoiy himoyasi o‘z ifodasini topganiga e’tibor qaratdi.

Deputat Gulshana Xudayarova esa yurtimizda opa-singillarimizning qadr-qimmati yuksaltirish, oila va jamiyatdagi o‘rni va maqeini mustahkamlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini e’tirof etarkan, mazkur masala yil dasturida ham dolzarb ko‘rilganining mohiyatiga to‘xtaldi.

Dasturda qayd etilgan xotin-qizlarni mehnat bozorida raqobatbardosh kasb-hunarlarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlashga ko‘maklashish hamda ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari faoliyatini takomillashtirish yo‘nalishidagi aniq maqsadlarning amalga oshirilishi natijasida qanchadan-qancha opa-singillarimizni moddiy farovonlikka erishtirish ko‘zlanganini so‘zladi.

Ayniqsa, xorijiy mamlakatlarda og‘ir vaziyatga tushib qolayotgan o‘zbekistonlik ayollarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish, xorijiy diplomatik tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlash va sayyor qabullar tashkil etish hamda muammolarni bartaraf etishning aniq yechimlari ko‘rsatib berilgani zamirida g‘oyat ulkan insonparvarlik yotganini uqtirdi.

Muloqotda deputatlar xotin-qizlarni o‘ylantirib kelayotgan ta’lim olish, o‘z biznes faoliyatini boshlash, ishsizlikdan himoyalanish, ijtimoiy himoya, uy-joy bilan ta’minlanish, sog‘liqni saqlashga doir qator muammolarini tinglab, ularga joyida ijobiy yechimlar topish choralarini ko‘rishdi.

Diyora BOLTAYEVA,

O`zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi

ayollar bilan ishlash bo‘limi mudiri

  • Ko'rildi
    36
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+