Muammolar aniq, yechimlar-chi?

07.03.2024, 10:24

Muammolar aniq, yechimlar-chi?

“O’zbekiston-2030” strategiyasida ijtimoiy sohani, jumladan, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, aholi salomatligini mustahkamlash, yurak-qon tomir, endokrinologik, onkologik kasalliklarning oldini olish, onalar va bolalar o‘limini sezilarli ravishda kamaytirish borasida davlat muassasalari hamda  xususiy sektor hamkorligini rivojlantirish, kichik biznes sub’ektlariga imtiyozlar berish bo‘yicha qator vazifalar belgilangan.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tashabbusi bilan xususiy tibbiyot tizimida mavjud muammolarni aniqlash, eng muhimi, ularning yechimi yuzasidan aniq takliflarni ishlab chiqish maqsadida partiyaning hududiy va tuman (shahar) kengashlari qoshida ishchi guruhlar tuzilgan. Xususan, Namanganda faoliyat ko‘rsatayotgan ana shunday ishchi guruh tomonidan 18-25 fevral kunlari o‘rganish olib borildi.

Avvaldan tasdiqlangan savolnoma asosida o‘tkazilgan o‘rganish davomida to‘plangan tahliliy ma’lumotlar atroflicha tahlil qilindi. Ularni  tizimli ravishda bartaraf etish uchun qaysi jihatlarga e’tibor qaratish lozimligi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Xalq deputatlari Namangan viloyat kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishi ana shu muhim masalalar yechimining muhokamasiga bag‘ishlandi.

Partiya viloyat kengashi raisi, deputatlik guruhi rahbari Solijon Mo‘minov olib borgan yig‘ilishda ta’kidlanganidek, hududda sog‘liqni saqlash sohasida 500 dan ortiq xususiy klinika, shifoxona va dorixonalar  aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ishchi guruhlar bu sub’ektlardan 342 tasining faoliyatini ko‘rib chiqdi. Ishchi guruhlarning o‘rganish natijalari umumlashtirilgan holda yigirmaga yaqin taklif ishlab chiqildi.

Prezidentimizning 2017 yil 1 apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan, jumladan, yuridik shaxslar tomonidan lizing shartnomasi asosida olib kelinadigan tibbiy asbob-uskunalar, butlovchi va ehtiyot qismlar uchun subsidiyalar ajratish, xususiy tibbiyot muassasalarining ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash, xususiy klinika faoliyatini yo‘lga qo‘yayotgan tadbirkorlar uchun imtiyozli kredit ajratish, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 6 oktyabrdagi “Davlat mulki ob’ektlarini xususiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotish tartibi to‘g‘risidagi nizomga, xaridor tomonidan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan davlat mulki ob’ektlarini “nol” xarid qiymatida sotish tartibiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish kabi masalalar shular jumlasidandir.

Kun tartibidagi masala yuzasidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abdulxodi Iminov axborot berdi. U ishchi guruhlar tomonidan o‘rganish yakunlarida aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish, xususiy sektorni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilanishini ma’lum qildi.

Yig‘ilishda deputatlik guruhi a’zolaridan Nargiza Muhammadiyeva, Dilbar Hoshimova va boshqalar o‘z taklif-mulohazalarini bildirdilar. Muhokama qilingan masalalar yuzasidan deputatlik gurhining qarori qabul qilindi.

Komiljon FAYZIYEV,

O‘zLiDeP Namangan viloyat kengashi faoli

  • Ko'rildi
    45
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+