Samarqandlik tadbirkorlarning muammo va takliflari o‘rganilmoqda

28.03.2024, 16:55

Samarqandlik tadbirkorlarning muammo va takliflari o‘rganilmoqda

Avval xabar berganimizdek, O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi vakillari, deputatlardan tarkib topgan ishchi guruh tomonidan tadbirkorlik subyektlariga soliq majburiyatlarini bajarish yuzasidan yana-da qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganilmoqda.

Ishchi guruh aʼzolari Samarqand shahridagi tadbirkorlik subyektlarida bo‘lib, o‘rganishlar olib bordi.

Dastlab Samarqand shahrida faoliyatini boshlash arafasida turgan Radiologiya markazida bo‘lishdi. Markazning loyiha qiymati 300 milliard so‘m bo‘lib, radiologiya va onkologiya yo‘nalishiga ixtisoslashgan. Uning ishga tushishi natijasida dastlabki bosqichda 60 nafar, keyinchalik qariyb 500 nafar fuqaroning bandligi taʼminlanadi. Germaniya, Avstriya, Yaponiya va AQSH kabi rivojlangan davlatlarning eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy texnologiyalari keltirilgan ushbu tibbiy markaz faoliyat boshlashi uchun qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ishchi guruh aʼzolari hududda bemorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar va keltirilgan uskunalar bilan yaqindan tanishdilar. Tadbirkorning taklif va muammolarini o‘rgandi.

Shuningdek, ishchi guruh aʼzolari “Shodiyona” savdo majmuasida bo‘lishdi va tadbirkorlar fikrlarini ham o‘rgandi. Tadbirkorlar ushbu majmuada yetarlicha sharoitlar borligi, ammo, yer solig‘i ozroq qimmat ekanligi, hududga kirish qismida darvoza oldida svetafor yo‘qligi, mashinalar noto‘g‘ri joyda to‘xtashi va kelayotgan xaridorlar uchun noqulaylik tug‘dirayotganligi haqida fikrlarini bildirdi. O‘rganishlar davomida soliq to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha tadbirkorlarga tushuntirishlar ham berildi.

"SAMARQAND APPAREL" xorijiy korxonasida ishchi guruh aʼzolari ishtirokida navbatdagi uchrashuv o‘tkazildi.

Tadbir davomida Ishchi guruh aʼzolari mazkur korxona faoliyati, ishlab chiqarish va eksport salohiyati bilan yaqindan tanishishdi. Maʼlumot o‘rnida aytish lozimki, tayyor tikuv va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi ushbu korxonada ishlab chiqarilayotgan jahonning mashhur brendlari hisoblangan mahsulotlar Germaniyaga hamda Janubiy Koreyaga eksport qilinmoqda. Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan korxonada 400 nafardan ortiq xodimlar faoliyat yuritayapti.

Muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan ham qator takliflar, fikrlar bildirildi.

Ishchi guruh o‘rganishlari joylarda davom etmoqda.

Nodir To‘rayev,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    31
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+