Xalqaro investitsiya forumi amaliy hamkorlikni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi

02.05.2024, 16:34

Xalqaro investitsiya forumi amaliy hamkorlikni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi

Mamlakatimizda 2-3 may kunlari Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tmoqda. Bugun Xalqaro kongress markazida Forum yalpi majlisi ochilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi.

Taʼkidlanganidek, o‘tgan uch yil damomida mazkur forum ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish, eng dolzarb muammolarni muhokama qilish, ilg‘or g‘oya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun samarali muloqot maydoniga aylandi.

Bugungi tadbirda 93 ta davlatdan 2 500 dan ortiq horijiy mehmonlar kelgani ham forumning ahamiyati tobora ortib borayotganidan yaqqol tasdiqlaydi. Bu o‘z navbatida, mamlakatimizda ortga qaytmaydigan tus olgan islohotlarga, o‘zaro manfaatli hamkorlikning yo‘lga qo‘yishga bo‘lgan ulkan qiziqishdan dalolat beradi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, bu yo‘ldagi to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish uchun qatʼiy qadamlar tashlanganini qayd etdi. Har bir sarmoyador o‘zini erkin va ishonchli his qilishi uchun keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, oxirgi yillarda mamlakatimizda 60 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablag‘lari ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi.

O‘tgan yilning o‘zida xorijiy investitsiyalar hajmi qariyb ikki barobar ko‘paydi. Energetika,  tog‘-kon va metallurgiyada, avtomobilsozlik va elektrotexnika, qurilish sohasida dunyoning yetakchi kompaniyalari hamda yirik brendlari bilan 300 dan ortiq investitsiya va sanoat loyihalari ishga tushirilgani va yuz minglab yangi ish o‘rinlari yaratilgani katta mamnuniyat bilan taʼkidlandi.

Prezidentimiz mamlakatimizda tadbirkorlik va biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator aniq choralar ishlab chiqilganligiga alohida urg‘u berib o‘tdilar. Endilikda xorijiy sarmoyadorlar aksiyalardan olinayotgan dividendlar bo‘yicha soliqlardan uch yil muddatga ozod etiladi.

Yaqinda xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. 250 ta yirik korxonaning davlat ulushini va salkam 1000 ta ko‘chmas mulk obyektlarini sotish, 12 ta korxona aksiyalarini fond bozorlarida birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) uchun yangi dastur ham ishga tushirildi.

Tadbirkorlar barqarorligi reytingi joriy etildi. Yuqori reytingga ega tadbirkorlik subyektlari uchun soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi. Shuningdek, energetika yo‘nalishidagi davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tajribasini ijtimoiy va boshqa infratuzilma sohalarida ham keng tatbiq etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari tadbirkorlarga yer ajratishning zamonaviy shaffof tamoyillari – yaʼni, auksion savdo tizimi yo‘lga qo‘yildi. Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish doirasida qonunchilikni uyg‘unlashtirishga qaratilgan 60 dan ortiq normativ hujjatlar qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari forumda iqtisodiyotda chuqur transformatsiya jarayonlari, qulay investitsiya va biznes muhiti hamda sanoatda yuqori qo‘shilgan qiymatni yaratish izchil davom ettirilishini taʼkidlab, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha beshta muhim ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, “yashil” energetika, bank-moliya sohasi, foydali qazilmalar, mamlakatning IT transformatsiyasi hamda transport infratuzilmasini rivojlantirish kabi masalalarga eʼtibor qaratildi.

Xalqaro investitsiya forumi va sermahsul muzokaralar amaliy hamkorlikni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi, yana-da yuksak bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirildi.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

  • Ko'rildi
    40
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+