Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi - mamlakatimiz rivojidagi yangi imkoniyatlar eshigidir!

04.05.2024, 20:11

Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi - mamlakatimiz rivojidagi yangi imkoniyatlar eshigidir!

Bu gal bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi ham juda sermahsul bo‘lishi va mamlakatimiz rivoji uchun o‘zining salmoqli hissasini qo‘shishi tabiiy.

Forumda nutq so‘zlagan Prezidentimiz hozirda butun dunyoda investorlar jalb qilish yo‘lida kurash olib borilayotganini, bironta davlat mavjud muammolarini yolg‘iz o‘zi hal qila olmasligini, faqatgina o‘zaro ishonch doimiy ravishda hamkorlik qilishga asos bo‘la olishini, so‘nggi yetti yil mobaynida investitsion muhitni yaratish bo‘yicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilganligini taʼkidlab o‘tdi.

Darhaqiqat, biz ilgarilari hatto xayolimizga ham keltirishimiz mumkin bo‘lmagan ulkan loyihalarni aynan bizning mamlakatimizda ro‘yobga chiqarish maqsadida turli davlatlardan xorijiy sarmoyadorlar kirib kelmoqda. Mazkur formatdagi forumning eng ahamiyatli tomoni shundaki, xorijiy investorlar mamlakatimiz hududida faoliyat yuritishga inonishi va kafolatga ega bo‘lishini shaxsan davlatimiz rahbaridan eshitishidir.

So‘ngi yillarda davlatimizda 60 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilganligining asosiy sababi ham aynan Prezidentimiz tomonidan xorijiy investorga berilayotgan davlat siyosati darajasidagi kafolat natijasi deb bilaman.

Forum doirasida yetakchi xorijiy kompaniyalar ishtirokida amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi zamonaviy yirik loyihalarga start berildi va bundan buyon shu kabi yangi loyihalarni boshlagan investorlar 3 yil muddatga aksiyalardan olinadigan dividend soliqlaridan ozod qilinishi haqida Prezident tomonidan aytib o‘tildi. Shubhasizki, bunday yangilik investorlarni jalb qilishda muhim rol o‘ynashi bilan bir qatorda, mamlatimizda shakllangan investitsion jozibadorlikning innovatsion shakli desam, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Davlatimiz rahbari bizning asosiy maqsadimiz – O‘zbekistonni xorijiy investorlar uchun ishonchli va uzoq muddatli hamkorga aylantirish ekanligini eʼtirof etib o‘tdi. Shu bois, investorlar haq-huquqlarini munosib himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar yangi Konstitutsiyamizda aniq belgilab qo‘yilganligi, kompaniyalararo shaffof raqobat maydoni yaratilganligi, xususiy mulk dahlsizligi taʼminlanishi kafolatlanganligi hamda jahon standartlariga javob beradigan “Investitsiya to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilinayotganligi har qanday xorijiy investorda ishonch hissini paydo qiladi.

Maxsus qonun asosida O‘zbekiston sud-huquq tizimidagi yangi burilish – bu yurtimizda Xalqaro tijorat sudi ish boshlashi, sanoat zonalarini yana-da rivojlantirishda yangicha yondashuv amalga oshirilishi, xorijiy investorlar uchun yerlarni ijaraga berish muddati 25 yildan 49 yilgacha uzaytirilishi va bu jarayonda amaldagi imtiyoz va preferensiyalar to‘laligicha saqlab qolinishi xorijiy investorlarda yana-da qiziqish uyg‘otishi aniq.

Shu o‘rinda, Prezidentimiz tomonidan forum doirasida beshta yo‘nalish, yaʼni yashil energetika, bank-moliya sohasi, foydali qazilmalar, mamlakatning IT transformatsiyasi, transport infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi rejalarni aytib o‘tdi va bu yo‘nalishda barcha xorijiy davlatlarning  yetakchi kompaniyalarini o‘zaro hamkorlikka chaqirdi.

Fahrlanib ayta olamizki, xorijiy investorlar bilan uzoq muddatli sherikchilikni amalga oshirishga qulay va ishonchli bo‘lgan har tomonlama qulay geografik joylashuvga ega bo‘lgan, xususan Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekiston o‘zining mehnatkash xalqiga ega. Shu bois, davlatimiz rahbarining kuchli siyosiy irodasi tufayli jahonning yetakchi xorijiy investorlarini mamlakatimizga jalb qilish borasida olib borilayotgan islohotlarda barchamiz yelkadosh bo‘lishimiz, yurtimizning yana-da rivojlanishi bo‘yicha har bir sohada amalga oshirilayotgan loyihalarni hayotga tatbiq etish yo‘lida yana-da faol bo‘lamiz.

Sanjarbek KUMUSHEV,

O‘zLiDeP Toshkent shahar Kengashi raisining o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    69
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+