Iddaoga o‘rin yo‘q!

31.05.2021, 11:10

Iddaoga o‘rin yo‘q!

Joriy yilning 25 may kuni “Human.uz” telegramm kanalining “youtube.com” platformasida “Endi qabriston yerlari sotilmoqda” sarlavhasi ostida video tarqalgan edi.

Mazkur masala yuzasidan O’zLiDeP Andijon viloyat Kengashi bilan hamkorlikda ushbu joyga chiqqan holda o‘rganish ishlarini olib bordik. Dastlab bizni kutib olgan “Shermuhammad ota” qabristoni joylashgan Andijon shahrining “Sadoqat” mahalla fuqarolar raisi Bahodirjon Axunov bilan muammo bo‘yicha atroflicha suhbatlashdik. Ma’lum bo‘lishicha, qabriston 1994 yilda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Andijon shahrida yashagan turli millat vakillari dafn etilishi uchun foydalanishga topshirilgan. 40 gektar yer maydonini o‘z ichiga olgan qabristonning o‘tgan 28 yil davomida atigi 6 gektar yeri band qilingan. Iddaoga hojat qolmaydi: yana 34 gektar yer maydoni bo‘sh! Vaholanki, 1994-2021 yillar mobaynida 6 gektar yer maydoniga mayit qo‘yilgan bo‘lsa, yana 34 gektarning “o‘zlashtirilishi” uchun qancha-qancha yillar kerak. (Avvalo, hamshaharlarimizning umrlari uzoq bo‘lsin!)?..

Aniqlashimizcha, murojaatda tanqid qilingan tadbirkor ayni hudud ortidagi bo‘sh, qarovsiz, tashlandiq, qurilishi tugallanmagan binolarni bundan 25 yil avval shartnoma asosida xarid qilib olgan. Bu yerda o‘tgan davr mobaynida “Qurilish-montaj” oilaviy korxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yib, 100 nafarga yaqin aholi vakillarining bandligini ta’minlagan. Binolar atrofidagi mevali daraxtlar parvarishiga tadbirkor va oilasi tomonidan alohida e’tibor qaratilgan.

Olib borilgan tushuntirish ishlari, suhbatlar natijasida muammoga o‘rin qoldirilmadi. Ushbu qabriston yerlarini sotib yuborish holatlari aniqlanmadi.

Xulosa o‘rnida aytishim lozim, so‘nggi vaqtlarda masalaning tub mohiyatini to‘liq o‘rganmasdan turib, biryoqlama bildirilayotgan e’tirozlar, xabarlarni tarqatishga mukkasidan ketayotgan ommaviy axborot vositalarini o‘z zimmasidagi vazifalarni to‘la to‘kis bajarishga, axborot makonining barcha ishtirokchilaridan fikr olishiga va undan keyingina keng jamoatchilik e’tiboriga havola etishiga undab qolgan bo‘lardim.

Umidaxon ZOKIROVA,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati,

O'zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

Teglar
Kun mavzusi
  • Ko'rildi
    406
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+