Tez tibbiy va shoshilinch yordam tizimi tubdan takomillashtiriladi

06.05.2022, 16:08

Tez tibbiy va shoshilinch yordam tizimi tubdan takomillashtiriladi

Mamlakatimizda aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilishga davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishi sifatida e’tibor qaratilmoqda. Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar tufayli tibbiyot sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishilmoqda.

Bugun biz tibbiyot sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishayotgan bo‘lsakda, olis va chekka hududlar aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi bugungi kun talabiga javob bermaydi. Buni ochiq tan olish kerak. Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 may kuni tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish masalalari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida alohida to‘xtalib o‘tildi.

Tibbiyot sohasida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar haqida 18 mart kuni davlatimiz rahbarining tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqotida ham aytilgan edi. Misol uchun, o‘tgan yili tez tibbiy yordam brigadasining kechikib kelishi bo‘yicha 50 mingdan ziyod shikoyat kelib tushgan.

Buning sabablaridan biri sohada yagona boshqaruv yo‘lga qo‘yilmaganidir. Jumladan, tez tibbiy yordam xodimini ishga tayinlash, dori-darmon ta’minoti, transport, yoqilg‘i va haydovchilar masalasi viloyatdagi turli boshqarmalar vakolatida. Boshqaruvdagi bunday chalkashliklar evaziga tez tibbiy yordam xizmati ko‘rsatish tuman hududi bilan cheklangan. Tez yordam stansiyasi qo‘shni tuman bilan chegaradosh bo‘lsa-da, boshqa hudud degan vaj bilan chaqiruvni qabul qilmaydi.

Tez tibbiy yordam mashinalarining ko‘pida navigatsiya jihozlari yo‘qligi, 10 mingta ko‘chaga haligacha nom va 500 mingga yaqin uylarga raqam qo‘yilmagani sababli manzilni topishga ko‘p vaqt ketmoqda.

Tizimdagi eng katta muammo – shoshilinch yordam bemor uchun eng yaqin tibbiyot muassasasida emas, balki faqatgina oldindan biriktirilgan sanoqli shifoxonalarda ko‘rsatiladi.

Shu bois tez tibbiy va shoshilinch yordam tizimini takomillashtirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqilgani ma’lum qilindi.

Bundan tashqari mahallalarda tibbiyot punktlari tashkil etish bo‘yicha ham ko‘rsatma berilgani aholining shu joyning o‘zida sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatga ega bo‘ladilar.

Bir so‘z bilan aytganda belgilanayotgan bu imtiyozlar, yengilliklar va joriy etilgan yangicha tartiblar zamirida inson qadri va xalqimizning o‘z hayotidan rozi bo‘lishi, yaxshi yashashi uchun yetarli turmush sharoitlarini yaratishdek ezgu maqsadlar mujassam.

Mavluda IBRAGIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati 

  • Ko'rildi
    984
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+