Fermer va klasterlar bug‘doyning haqiqiy egasiga aylanishi g‘allachilik rivoji uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi

16.05.2022, 09:35

Fermer va klasterlar bug‘doyning haqiqiy egasiga aylanishi g‘allachilik rivoji uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi

Xalqimiz, davlatimiz Yangi O’zbekiston poydevorini jadallik bilan bunyod etmoqda.  Barcha soha va tarmoqlar Prezidentimiz ilgari surgan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida tubdan isloh qilinyapti. 

Yangi O’zbekiston, eng avvalo, yangicha iqtisodiy munosabatlar, yangicha iqtisodiy dunyoqarash demakdir. Shu bois mamlakatimiz iqtisodiy tizimi to‘liq qayta qurilyapti, bozor mexanizmlari tizimli joriy etilyapti. 

Xususan, keyingi yillarda respublikamiz qishloq xo‘jaligiga  bozor iqtisodiyotiga xos yondashuv va moddiy rag‘batlantirish mexanizmlari joriy etilishi boshlandi. Agrar sektorni yalpi va tizimli transformatsiya qilishdan ko‘zlangan maqsad esa soha samaradorligini oshirish, dasturxonimiz to‘kinligini ta’minlashdir. 

Kecha Prezidentimiz g‘allachilikdagi islohotlarning muhim bosqichiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgani ham mazkur yo‘nalishdagi islohotlar doimiy diqqat markazida ekanini anglatadi. 

Majlisda fermerlar manfaatdorligini ta’minlash, hosildorlikni oshirish orqali bozorda taklifni ko‘paytirish maslalari muhokama qilindi.

Tarmoqda erishilgan ijobiy natijalar bilan birga kamchiliklar ham ochiq-oshkora aytilgani e’tiborga molik. 

Davlat don korxonalaridagi ayni paytdagi eskicha tizim don yetishtiruvchiga ham, qayta ishlovchi korxonalarga ham manfaat bermayotgani qayd etildi. O’zbekiston xalqi, fermer-dehqonlar anchadan buyon kutgan don yetishtirishda davlat buyurtmasini bosqichma-bosqich bekor qilish va haqiqiy g‘alla bozorini yaratish borasida muhim qadam tashlashning fursati yetganligi bildirildi.

Davlatimiz rahbari barcha zarur tashkiliy ishlar hal qilingan holda, 1 iyundan boshlab, g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilishini ma’lum qildi.

Bu g‘allakorlarimizni g‘oyat quvontirgan, ruhlantirgan yangilik bo‘ldi. Chunki g‘alla birja savdolari orqali bozor narxida sotilsa, fermerlar daromadi anchagina ortadi. Davlat buyurtmasi bekor qilinib, to‘liq bozor mexanizmlarining joriy etilayotganidan dehqonlarimiz manfaatdor. Ular mehnatiga yarasha foyda olsa, ekinlarni parvarishlashga qiziqish va intilishi kuchayib boradi. Zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari, ilg‘or texnologiyalar xarid qilishi imkoniyati kengayadi. Ayon bo‘lyaptiki, yer egalari manfaatdorligi kuchayishi  hosildorlik oshishiga, yer holati yaxshilanishiga  puxta  zamin yaratadi. Shuningdek, g‘alla importi kamayishiga erishiladi, valyuta iqtisod qilinadi. Aytish kerakki, yetishtirilayotgan donni erkin narxlarda sotish dehqonlarning ko‘p yillik orzusi edi.

Endilikda fermer va klasterlar o‘zi yetishtirgan g‘allani birja savdolariga olib chiqishi uchun davlat tomonidan barcha imkoniyatlar yaratiladi. Davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bug‘doy narxi o‘tgan yildagi 1 million 550 ming so‘mdan joriy yil hosili uchun  3 million so‘mga, ya’ni 2 baravarga oshiriladi.

Bundan tashqari, fermerlar ixtiyorida qoladigan bug‘doydan 500 ming tonnasi don korxonalarida vaqtincha saqlash uchun qabul qilinadi va 1 iyuldan boshlab, ilk bora fermer va klasterlarning o‘zlari birja savdolariga bozor narxida chiqaradi. Bunda 500 ming tonna bug‘doyning don korxonalarida vaqtincha saqlash xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi. Shuningdek, fermerlar 2022 yil bug‘doy hosili uchun birja to‘lovlaridan ozod qilinadi.

– Bug‘doyning haqiqiy egasi, bu – fermer va klasterlar, – dedi davlat rahbari yig‘ilishda. - Bundan buyon, tumanda reja bajarilmayapti, chorva, parranda
yoki baliqchilikka ozuqa-em kerak, degan vajlar bilan fermerlar g‘allasini olib qo‘yish qat’iyan taqiqlanadi. Birja orqali sotilgan bug‘doyga hududlararo cheklov qo‘yilmaydi.

Majlisda tizim unumdorligini oshirishga qaratilgan talay chora-tadbirlar, vazifalar belgilandi.

Mazkur chora-tadbirlarning zarurati, ahamiyatini ravshanroq tasavvur qilish uchun ba’zi faktlarga diqqat qarataylik. Mustaqillik davrida, ya’ni, salkam 31 yil mobaynida O’zbekiston aholisi 15 milliondan ziyodga ko‘paydi. Bu o‘rtacha bir mamlakat aholisi soniga teng. Odamlarning iste’mol talabi va ehtiyojlari ham uzluksiz oshyapti. Yer, suv kabi resurslarimiz esa ko‘paymaydi, ular cheklangan. Prezidentimiz tashabbusi bilan g‘allachilikda joriy qilinayotgan o‘zgarishlar yangi imkoniyatlarni ishga solish, ish sifati va unumdorligini oshirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi.

Aktam XAITOV,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    466
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+