Hunarli farzandlar o‘z istiqbolini belgilaydi

20.06.2022, 14:18

Hunarli farzandlar o‘z istiqbolini belgilaydi

Farzandlarimizning hunarli bo‘lishi uchun bugun mamlakatimizda barcha qulayliklar yaratib berilmoqda. Maqsad – mehnat bozorini malakali va o‘z sohasini puxta biladigan professional ta’limni biladigan kadrlar bilan ta’minlashga qaratilgan. Mana birgina misol bu yil 404 ming nafar yigit-qiz o‘rta ta’limni, 151 ming nafari esa professional ta’limni bitirib, mehnat bozoriga kirib keladi.

Xo‘sh, endi savol tug‘iladi? Ularning mehant sharoitlari bialn qamrab olish uchun bizda potensial yetishadimi? Boshqacha aytganda ular uchun ish o‘rinlari tayinmi?

Bu masala Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 iyun kuni aholini kasb-hunarga tayyorlash va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi keng muhokama qilindi. Unda ta’kidlandiki, mamlakatimizda sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, qurilish kabi ko‘plab sohalar rivojlanib, yangi-yangi korxonalar ochilmoqda. Ularni malakali ishchi va mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida oliy va o‘rta maxsus ta’lim yo‘nalishlari o‘zgartirilmoqda. Hududlarda “Ishga marhamat” monomarkazlari tashkil etilib, yoshlarga kasb o‘rgatilmoqda.

Masalan, birgina 2022 yilning o‘zida 16 milliard dollarlik 9 mingdan ziyod yirik va o‘rta loyihalar amalga oshirilmoqda. Ularga 300 mingga yaqin malakali ishchilar zaruriyati mavjud. Lekin mehnat bozoriga kirib kelgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘naltirib, bandligini ta’minlash – dolzarb vazifa.

Prezidentimiz yig‘ilishda 330 ta kasb-hunar maktabi, 173 ta kollej va 207 ta texnikum kutilgan natijani bermayotganini, ulardagi imkoniyatning atigi 40-50 foizidan foydalanilayotganini ta’kidlab, “Ishga marhamat” monomarkazlari bor-yo‘g‘i 10 foiz ishsizlarni qamrab olganini aytdi.

Ko‘p kollej va texnikumlardagi o‘quv dasturlari zamon talabiga mos emas, 1 ming 350 nomdagi kasbiy darslik va adabiyotlar yetishmaydi. Oqibatda ish beruvchilar xodimlarni qaytadan o‘qitishga majbur bo‘lmoqda.
Shu bois yig‘ilishda kasb-hunar ta’limini zamon talablariga moslashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi. Ya’ni, 45 ta kollej Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimiga o‘tkazilib, ularning o‘rnida monomarkazlar tashkil etiladi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi kasb-hunar maktablari va texnikumlarni boshqarish va metodik ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.

Yig‘ilishda sohadagi ijobiy tajribalar ham ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, 57 ta professional ta’lim muassasasida, Germaniya tajribasi asosida, ish joyida o‘qitishning dual ta’lim shakli yo‘lga qo‘yilgan. Maktabgacha ta’lim tizimida bu o‘z natijasini bermoqda: pedagogika kolleji o‘quvchilari 2 kun nazariy bilimlar olib, qolgan kunlari bog‘chalarda ishlab, oylik olmoqda.
Yoki yana bir misol: Sirdaryo viloyati Shirin shahridagi energetika kollejida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi buyurtmasi asosida yoshlarni muqobil energiya stansiyasi texnigi, operatori va dispetcheri kabi kasblarga tayyorlash boshlangan. Buning uchun kompaniya 2 million 800 ming dollarga kollejda zamonaviy ustaxona, laboratoriya va yotoqxona barpo qilgan.

Bu misollardan ko‘rinib turibdiki, mehnat bozoriga qadam qo‘yayotgan yigit-qizlarni munosib ish o‘rni bilan ta’minlash uchun imkoniyatlar mavjud. Faqat buning uchun yoshlarimizni haqiqiy kasb egasi, o‘z sohasini bilimdoni qilib tarbiyalash lozim. Eng muhimi esa yaxshi kasb egasiga doim ish o‘rni tayyor. Zero, mehnat bozoriga chin ma’noda to‘lanadigan maoshni oqlaydigan fidoyi yoshlarni yetkazib berishimiz lozim.

Hazratqul Xo‘jamqulov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O'zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    291
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Ro'yhatga o'tish

Fikringizni qoldiring

+