Asosiy kontentga o‘tish
Juma 24-Oktyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Aktam Xaitov: fermerlar bilan dalaning o‘zida mahorat darslari tashkil etiladi

24.10.2025
86

Bu yil Jizzax viloyatida agrar sohada izchil amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini ko‘rsata boshladi. Viloyatdagi ko‘plab fermer xo‘jaliklarida mo‘l hosil yetishtirildi, ayrimlarida esa hosildorlik gektariga 90 syentnerga yetdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitovning ilg‘or fermerlar bilan uchrashuvlari, bevosita paxta dalalarida o‘tkazgan muloqotlarida islohotlar natijalari atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga, sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha qator takliflar ham ilgari surildi.

Muloqotlardagi asosiy maqsad — joriy etilayotgan yangiliklar bardavomligini ta’minlash, ilg‘or ish usullarini ommalashtirish hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etishdan iborat.

Bu yil viloyat dalalarida ilk bor Xitoyning Shinjon texnologiyasi asosida paxta ekish amaliyoti qo‘llanildi. Unga ko‘ra, chigit plyonka ostiga, qo‘shqator usulida, ochiq maydonlarda esa yangicha 76 sxema bo‘yicha qadaldi va intensiv usulda parvarish qilindi.

— Ochig‘ini aytganda, boshida yangilikdan cho‘chigandik, ammo hozir bu usulning samarasini ko‘rib, xursandmiz, — deydi Sharof Rashidov tumanidagi “Shavkat” fermer xo‘jaligi rahbari Sobir Bo‘riyev. — Endi yangicha usulda yetishtirilgan paxtani ko‘rish va maslahat olish uchun boshqa fermerlar ham bizga kelmoqda.

Fermerlar Aktam Xaitovga bu yil yuksak natijaga erishgan xo‘jaliklar dalasida “Mahorat darslari” tashkil etish taklifini bildirishdi. Bu orqali barcha tumanlarda dalaning o‘zida fermerlarga chigit qadash, tomchilab sug‘orish va parvarish jarayonlarini amaliy o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi.

— Sohani yaxshi biladigan mutaxassislar maslahatiga katta ehtiyoj sezdik, — deydi Sharof Rashidov tumanidagi “Qo‘rg‘ontepa” fermer xo‘jaligi raisi Abdunabi Abdurahmonov. — Hozirgi zamon o‘qish va o‘rganishdan charchamaydigan davr. Shu bois mutaxassislar ishtirokida o‘quvlar tashkil etish taklifimiz partiya yetakchisi tomonidan qo‘llab-quvvatlanganidan mamnunmiz.

— Urug‘chilikda katta imkoniyat bor. Bu yil 40 gektar maydonga yangi nav qadab, gektariga 90 syentnerdan hosil oldik. Endi urug‘chilikni mahalliy darajada rivojlantirishga e’tibor qaratishni taklif etdik, — deydi Zafarobod tumanidagi “Forish yo‘llari” fermer xo‘jaligi rahbari Rustam Rayimqulov.

Partiya yetakchisi bilan bo‘lib o‘tgan ochiq va samimiy muloqotlar chog‘ida jizzaxlik fermerlar bildirgan takliflar umumlashtirilib, ularni amalga oshirish yuzasidan amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?