Baxmalda xotin-qizlar uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi
«Xalq bilan birga» umummilliy dasturi doirasidagi «Salomatlik sari» loyihasi asosida Baxmal tumanining O‘smat mahallasida xotin-qizlar uchun bepul tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.
Viloyatdan kelgan tibbiy mobil laboratoriya orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj 80 nafardan ortiq ayol kardiolog, terapevt, onkolog, ginekolog va boshqa mutaxassislar ko‘rigidan o‘tdi. Salomatligida muammo aniqlanganlarga zarur tavsiya va yo‘llanmalar berildi.
Shuningdek, tadbir davomida sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish va kasalliklarning oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Bunday manzilli tibbiy ko‘riklar, avvalo, qishloq ayollarining salomatligini asrash, ularga malakali tibbiy xizmatni yaqinlashtirish hamda inson qadri va salomatligiga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirishga xizmat qiladi.