Partiya elektorati hamda aholi bilan muloqotlar qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov Farg‘ona viloyatiga tashrifi mobaynida Quva hamda Uchko‘prik tumanlarida bo‘lib, omilkor dehqon va bog‘bonlari bilan muloqotda bo‘ldi.
Xususan, Quva tumanidagi mirishkor bog‘bonlardan biri O‘tkirbek aka xonadonida bo‘lgan partiya lideri uning mo‘jazgina gulbog‘ini ko‘zdan kechirdi. U yerda bo‘lib o‘tgan muloqot mobaynida bog‘dorchilik tarmog‘i va issiqxona xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalar asosida yuqori sifatli, raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish borasidagi o‘z tavsiyalarini ham berdi. Bu borada Xitoy tajribasini qo‘llash va tatbiq etish samarali natijalarga olib kelishini ta’kidladi.
Bugun o‘zining bog‘dorchilikka doir bilimlarini yoshlarga o‘rgatib, ularning bandligini ta’minlab kelayotgan O‘tkirbek akaning boy tajribasini mahalliy bog‘bonlar orasida ommalashtirishni taklif qildi. Partiya yetakchisi Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasida ham bo‘lib, bu yerda partiya faollari deputatlar, jamoatchilik vakillari, nuroniy va faxriylar, tadbirkorlar, turli soha vakillari, qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari, fermerlar, tomorqa yer egalari bilan uchrashdi.
O‘zaro samimiy muloqot ruhida kechgan suhbatda partiya yetakchisi mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng targ‘ib qildi.
Jumladan, yurtimiz iqtisodiyotida kichik biznes va xususiy sektorning ulushini yanada yuksaltirish, uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Partiya tashkilotlari va faollariga aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, tadbirkorlik va biznesni yanada rivojlantirishda targ‘ibotlarning samarali uslub va mexanizmlarini ishga solish kerakligini ta’kidlarkan, bu boradagi o‘z ko‘rsatmalarini berdi.
Ilg‘or tadbirkorlar faoliyatini ommalashtirish va e’tirof etish lozimligini uqtirdi.