“Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi kashfiyotlari
O’zLiDeP “Ayollar qanoti” tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “Ishbilarmon ayol-2024” ko‘rik-tanlovining mahallalar saralash bosqichi yuksak uyushqoqlik bilan tashkil etilyapti. Tanlovning Yakkabog‘ tumanidagi mahalla bosqichida yigirmadan ortiq mahallalarida faoliyat olib borayotgan tadbirkor, fermer, kasanachi, hunarmand ayollar ishtirok etdilar. Dastlab ishtirokchilar o‘zlari tayyorlagan mahsulotlar ko‘rgazmasini namoyish etdilar. Ko‘rgazma jarayoniga tumandagi kollej va maktablarda tahsil olayotgan o‘quvchi qizlar ham tashrif buyurishib, tadbirkor ayollar faoliyati va tajribasi haqida ma’lumot oldilar. Deputatlar va partiya faollari tomonidan anjuman qatnashchilariga ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotan islohotlar berayotgan samaralar haqida batafsil ma’lumot berildi.
-Ishbilarmon ayol deganda bizning ko‘z o‘ngimizda dastlab vohamizning taniqli tadbirkor ayoli, O’zLiDeP Yakkabog‘ tuman kengashi raisi, deputat Nargiza Salomova namoyon bo‘ladi, -deydi hakamlar xay’ati raisi, 75-maktab direktori, tuman kengashi deputati Feruza Sattorova. – Chunki u bundan besh yil muqaddam mazkur tanlovning tuman va viloyat bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, respublika bosqichida ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘lgandi. Shundan so‘ng uning uchun omadlar eshigi ochildi desam mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Qator tanlovlarda qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikki bor Prezident sovrini “Spark” avtomashinasi bilan mukofotlandi. Bugungi kunda uning “Sitora imkon plyus” o‘quv muassasasi vohada yagona hisoblanadi. Bu yerda minglab xotin-qizlar kasb-hunar o‘rganishib, o‘z tadbirkorlik faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishgan. Biz bugungi tadbirda ishtirok etgan yosh qizlarga uni “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi kashfiyoti sifatida e’tirof etdik.