Fraksiya oldida turgan vazifalar belgilab olindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida dastlab Prezidentimiz raisligida mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Deputatlar mahallalarda “yettilik” tizimi joriy qilinib, kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ziyod xizmatlar mahalla darajasiga tushirilgani hisobiga 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqarilganini alohida qayd etdilar.
Mahallalarda tadbirkorlik loyihalarini kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, jumladan, shu paytgacha 7 mingta mahalla meva-sabzavot, gulchilik, asalarichilik, tikuvchilik, mebelsozlik, savdo va servis kabi 15 ta yo‘nalishga ixtisoslashgani va 3 ming 326 ta mahalladagi 50 foiz xonadon bu tizim bilan qamrab olingani urg‘ulandi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbarining Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport loyihasi taqdimoti hamda mazkur majmua qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosimdagi ishtiroki xususida ham fikr almashildi.
Xalq vakillari ushbu aeroport yiliga 20 mln yo‘lovchi va 129 ming tonna yukni qabul qilish va soatiga 30 ta uchish-qo‘nish operatsiyasini amalga oshirish imkoniyatiga egaligi mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, “Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ushbu loyiha bilan nodavlat sud ekspertlarining huquqiy maqomi belgilanmoqda. Ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa (tashkilot)larning o‘z faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishiga ruxsat berish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazishda ilg‘or xorijiy tajribadan keng foydalanish imkoniyatini yaratish maqsadida sud ekspertizasini tayinlovchi organga (shaxsga) o‘z tashabbusi bilan yoki davlat sud-ekspertiza muassasasi rahbarining iltimosnomasiga asosan sud ekspertizasi sohasidagi xorijiy davlat mutaxassislarini sud eksperti sifatida jalb etish huquqi berilmoqda.
Deputatlar mazkur qonun loyihasi sud ekspertlari faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash, ekspertiza xulosalarining ishonchliligini yanada oshirishga qaratilganini e’tiborga olib, uni qo‘llab-quvvatladilar.
Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.